Seminarlarning amaliy qismida murabaha, ijara, muzoraba, mushoraka, vakala, salam va istisna kabi islomiy moliya mahsulotlari hamda shartnomalarining ishlash mexanizmlari batafsil yoritildi. Xususan, murabaha mahsuloti orqali tovar yoki avtomobil xaridini moliyalashtirish, ijara orqali mol-mulkdan foydalanish huquqini taqdim etish, muzoraba va mushoraka asosida tadbirkorlik loyihalarini sherikchilik tamoyillari asosida moliyalashtirish imkoniyatlari amaliy misollar bilan tushuntirildi.
Seminarlar davomida ishtirokchilarning islomiy moliya xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoji va qiziqishi o‘rganildi. Ularni qiziqtirgan savollarga Markaziy bank mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar berildi va mavzular amaliy misollar asosida tushuntirildi.