Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda Toshkent viloyatining Bekobod, Bo‘ka va Pskent tumanlarida maqsadli guruhlarning moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha davra suhbatlari tashkil qildi.
O‘quv tadbiri davomida ijobiy kredit tarixini shakllantirish uchun mas'uliyatli qarz olishning ahamiyati, moliyaviy xavfsizlikning asosiy qoidalari, bank omonatlari orqali jamg‘armalarni shakllantirish, foizlarni hisoblash tartibi, raqamli moliyaviy savodxonlik, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lganlarga imtiyozli kreditlash kabi asosiy yo‘nalishlar interfaol usulda tushuntirildi.
363 nafar mahalla faollari hamda tadbirkorlik faoliyatini yangi boshlayotgan ayollar, 107 nafar yoshlar vakillari hamda 83 nafar migrantlar va ularning oila a'zolariga kredit tashkilotlari bilan ishlash, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha amaliy maslahatlar berildi.
Trening ishtirokchilariga bank mahsulotlari bo‘yicha yo‘riqnomalar hamda moliyaviy savodxonlikka oid kitoblar tarqatildi.
Markaziy bank mamlakatimizning chekka hududlarida xotin-qizlar va yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan o‘quv-ta'lim tadbirlarini davom ettiradi.