Ko’p beriladigan savollar
Ko’p beriladigan savollar

1. Kredit bo‘yicha imtiyozli davr bu nima?
Imtiyozli davr – bu siz kredit bo‘yicha faqat foiz to‘lovlarini amalga oshirishingiz mumkin bo‘lgan vaqt. Bu vaqtda sizga kreditning asosiy summasini so‘ndirish majburiyati yuklatilmaydi.
2. Nima sababdan omonat bo‘yicha foiz stavkalariga nisbatan kredit bo‘yicha foiz stavkalari balandroq?
Bank jismoniy va yuridik shaxslardan omonatga pul qabul qiladi hamda ushbu mablag‘larni aholiga kredit sifatida taqdim etadi. Barcha ishlab chiqarish jarayoni kabi, ushbu jarayonda ham “xomashyo” va “yakuniy tayyor mahsulot” o‘rtasida farq mavjud. Ushbu farq bankning opreatsion xarajatlari (xodimlarning ish haqi, ijara, bino uchun xarajatlar, safar va amortizatsiya ajratmalari, sug‘urta, soliq va h.k.), shuningdek, risk bo‘yicha xarajatlardan tashkil topadi (to‘lanmagan kreditlar bo‘yicha majburiyat bank zimmasiga tushadi va shu sababdan bank yetarli darajada rezerv miqdorini yaratishi zarur). Foiz stavkalariga, o‘z navbatida, pul manbalariga iqtisodiyotda talab va taklif darajasi, raqobat va boshqa omillar ham ta'sir ko‘rsatadi.
3. Bank kartasi yo‘qolgan taqdirda nima qilish kerak?
Bank-emitentga qo‘ng‘iroq qilib, bank kartasining yo‘qolganligi haqida xabar berilishi zarur, bunda bank kartasi blokirovka qilinadi. Shundan so‘ng, yo‘qotilgan bank kartasini qayta tiklash uchun bankka ariza topshiriladi. Shuni ta'kidlash joizki, ayrim banklar bank kartasini blokirovka qilish yoki blokirovkadan chiqarish amaliyotlarini bankning mobil' ilovasi orqali amalga oshirish imkoniyatini taqdim etadi.
4. Nega banklar pul mablag‘larini bankomatlar orqali naqdlashtirishda komissiya to‘lovlari (foizlar)ni undirishadi?
Qonunga ko‘ra, banklar komissiya to‘lovlarini belgilashda mustaqildirlar. Shuni ta'kidlash kerakki, pul mablag‘larini naqdlashtirishdan tushgan tushumlarning ma'lum qismi bankomatlarni sotib olish va saqlash, shuningdek, joy ijarasi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatuvchi bankda bank kartasidagi pul mablag‘larini komissiya to‘lovlarisiz naqdlashtirish imkoniyati mavjud.
5. Voyaga yetmagan farzand uchun unga voyaga yetganda foydalanish imkoniyatini beruvchi omonat turini qanday qilib ochish mumkin?
Tijorat bankida voyaga yetmagan bola uchun ota yoki onasining shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport/ identifikatsiya ID-kartasi/ yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi/ harbiy bilet) va bolaning tug'ilganlik haqidagi guvohnomasini taqdim etish orqali uning nomiga omonat ochish mumkin. Masalan, bolaning tug'ilgan paytidan boshlab 16 yoshgacha amal qiladigan "Navqiron" omonat turini ochish mumkin. Shuni yodda tutish kerakki, omonat shartlari banklarda farq qilishi mumkin.
6. Tijorat banklaridan olingan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasini bankning o‘zi bir tomonlama o‘zgartirishi mumkinmi? Qanday holatlarda kredit foizini o‘zgartirish mumkin?
Tijorat banklari kredit shartnomasining shartlariga qarz oluvchining huquqlarini cheklanishiga va/yoki majburiyatlarini oshirilishiga olib keluvchi o‘zgartirishlarni, masalan kredit foiz stavkasini oshirish bo‘yicha o‘zgartirishni bir tomonlama kiritilishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim.
Ammo Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida ajratiladigan kreditlar bundan mustasno. Asosiy stavkaga asosan ular bo‘yicha foiz stavkasi o‘zgarishi mumkin va bu albatta kredit shartnomasida aks ettirilgan bo‘ladi.
Kredit shartnomasini doim e'tibor bilan o‘qing.
7. Men kreditimning bir qismini so‘ndirdim. Kredit ta'minoti sifatida tilla buyumlar va mulkni garovga taqdim etganman. Hozirda kredit bo‘yicha ta'minotni bir qisimini muddatidan oldin taqiqdan chiqarish mumkinmi?
Qarz oluvchi kredit bo‘yicha asosiy qarzni qisman qaytarganda, garov shartnomasida belgilangan muddatdan oldin kredit ta'minotini kredit asosiy qarzidan kamaytirilgan summaga mos ravishda taqiqdan yechish mumkin.
Bunda garov ta'minoti summasini kamaytirish huquqi, garov ta'minotini kamaytirish tartibi va usullari kredit bo‘yicha tuzilgan garov shartnomasida ko‘rsatilishi shart.
8. Ish beruvchi korxonalarga soliq imtiyozlari mavjudmi?
Joriy yil 1 maydan 2023 yil 1 yanvarga qadar ish beruvchilar* tomonidan 25 yoshdan oshmagan yoshlarni ish bilan ta'minlaganligi uchun ularga soliq imtiyozlari qo‘llaniladi.
Soliq imtiyozi: korxonaning o‘z yosh xodimlari uchun to‘lagan ijtimoiy soliq summasi (12 foiz) Davlat byudjetidan to‘liq qaytarib beriladi.
Bunda, ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi.
* byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno9. Bank kartaning pin-kodini qanday almashtirish mumkin?
UZCARD va HUMO milliy to‘lov tizimlarining bank kartalari uchun o‘rnatilgan pin-kod istalgan savdo terminali, bankomat orqali yoki bank kartasi ochilgan bankda o‘zgartirish mumkin. Xalqaro to‘lov tizimlari bank kartalari saqlovchilari esa pin-kodni bankomatlarda va xizmat ko‘rsatuvchi banklarda o‘zgartirishlari mumkin.
10. Masofadan turib bank kartasini ochish mumkinmi?
Mijoz uch usuldan biri yordamida masofadan turib bank kartasini ochish uchun ariza topshirishi mumkin:
1) bankning veb-saytlari orqali;
2) bankning mobil ilovasi orqali;
3) bankning telegram boti orqali.
Shuni yodda tutish kerakki, barcha banklar ham bunday xizmatlarni taklif qilmaydi, shuning uchun bankning call-markazlari bilan bog‘lanish maqsadga muvofiq.