Ko‘p beriladigan savollar
Ko‘p beriladigan savollar
Chet el valyutasi bank kartalaridagi CVV-kod nima?
CVV-kod bank kartasining orqa tomonida ko‘rsatilgan uch xonali raqam (kod)dir. Qoidaga ko‘ra, kartaning orqa tomonida ko‘rsatilgan 7 ta raqamning ohirgi 3 ta raqamidir. Shuni ta'kidlash kerakki, xavfsizlikni ta'minlash maqsadida CVV-kodni uchinchi shaxslarga ma'lum qilmaslik tavsiya etiladi, chunki bu ma'lumotlar sizning kartangizni internet orqali boshqarish imkonini beradi.
Bank kartaning pin-kodini qanday almashtirish mumkin?
UZCARD va HUMO milliy to‘lov tizimlarining bank kartalari uchun o‘rnatilgan pin-kod istalgan savdo terminali, bankomat orqali yoki bank kartasi ochilgan bankda o‘zgartirish mumkin. Xalqaro to‘lov tizimlari bank kartalari saqlovchilari esa pin-kodni bankomatlarda va xizmat ko‘rsatuvchi banklarda o‘zgartirishlari mumkin.
Bank kartasi yo‘qolgan taqdirda nima qilish kerak?
Bank-emitentga qo‘ng‘iroq qilib, bank kartasining yo‘qolganligi haqida xabar berilishi zarur, bunda bank kartasi blokirovka qilinadi. Shundan so‘ng, yo‘qotilgan bank kartasini qayta tiklash uchun bankka ariza topshiriladi. Shuni ta'kidlash joizki, ayrim banklar bank kartasini blokirovka qilish yoki blokirovkadan chiqarish amaliyotlarini bankning mobil' ilovasi orqali amalga oshirish imkoniyatini taqdim etadi.
Bank kartasining muddati tugagan taqdirda nima qilish kerak?
Bank kartasining muddatini uzaytirish mumkin emas. Kartaning amal qilish muddati tugagan taqdirda bankka bevosita murojaat qilib yoki bankning veb-sayti hamda mobil' ilovalari yordamida yangi bank kartasini chiqarish bo‘yicha ariza topshirish kerak bo‘ladi.
Nega banklar pul mablag‘larini bankomatlar orqali naqdlashtirishda komissiya to‘lovlari (foizlar)ni undirishadi?
Qonunga ko‘ra, banklar komissiya to‘lovlarini belgilashda mustaqildirlar. Shuni ta'kidlash kerakki, pul mablag‘larini naqdlashtirishdan tushgan tushumlarning ma'lum qismi bankomatlarni sotib olish va saqlash, shuningdek, joy ijarasi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatuvchi bankda bank kartasidagi pul mablag‘larini komissiya to‘lovlarisiz naqdlashtirish imkoniyati mavjud.
Masofadan turib bank kartasini ochish mumkinmi?
Mijoz uch usuldan biri yordamida masofadan turib bank kartasini ochish uchun ariza topshirishi mumkin:
1) bankning veb-saytlari orqali;
2) bankning mobil ilovasi orqali;
3) bankning telegram boti orqali.
Shuni yodda tutish kerakki, barcha banklar ham bunday xizmatlarni taklif qilmaydi, shuning uchun bankning call-markazlari bilan bog‘lanish maqsadga muvofiq.
Ishxonamizda kollektiv xarajat uchun pul mablag‘larini to‘plash maqsadida o‘z bank kartamni rasmga tushirib barcha xodimlarga yuborgandim. Agar ushbu rasm g‘araz niyatli kimsalar qo‘liga tushsa, kartadagi mablag‘larni yechib olishlari mumkinmi?
Chet el valyutasida bank kartasini qanday ochish mumkin?
Chet el valyutasida bank kartasini ochish uchun tijorat bankka tashrif buyurgan holda shaxsni tasdiqlaydigan hujjatni taqdim etish hamda karta chiqarish uchun to‘lovni amalga oshirish kerak. Bank kartasi odatda 1-3 ish kuni ichida tayyor bo‘ladi. Ba'zi banklarda bank kartasini ochish bo‘yicha arizani onlayn tarzda taqdim etish kabi qulayliklari mavjud.
Mobil telefon orqali bank kartasini qanday boshqarish mumkin?
Birinchi navbatda, bank kartasida sms-xabarnoma xizmatini faollashtirish kerak. Shundan so‘ng, bank yoki to‘lov tashkilotining mobil' ilovasini yuklab olish va o‘rnatish zarur. Mobil' ilovada ro‘yxatdan o‘tish, xususan, bank kartasi to‘g‘risidagi tegishli ma'lumotlarni kiritish orqali bank kartasini masofadan boshqarish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Milliy valyutada ochilgan bank kartasiga qanday qilib sms-xabarnomani yoqtirish mumkin?
Milliy valyutada ochilgan bank kartasiga sms-xabarnoma xizmatini bank kartasi berilgan bankda yoki bankomat orqali yoqtirish mumkin (odatda bankomatlar banklar yaqinida va jamoat joylarida joylashtiriladi). Ba'zi banklarda HUMO to‘lov tizimining bank kartalariga sms-xabarnoma xizmatlarini mobil ilovalar orqali ulash imkoniyati mavjud.
Elektron hamyon nima?
Elektron hamyon - elektron pullar tizimining dasturiy ta'minotidir. U mikroprotsessor (chip) va elektron pullarni saqlovchi va undan foydalanish imkonini beruvchi dasturiy-texnik qurilma. Elektron hamyon elektron pullar tizimida har bir elektron pul egasi uchun shakllantiriladi.
Qarindoshim mening Visa electron xalqaro kartamga chet eldan pul jo‘natishi zarur. Bunday o‘tkazmani to‘g‘ridan-to‘g‘ri kartamga qabul qilishning imkoni bormi?
Bank kartasi yo‘qolganligi to‘g‘risida bankni xabardor qilganimdan va karta blokirovka qilinganidan so‘ng bank kartasi topildi. Nima qilish kerak?
Bunday holatlarda shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan bankka tashrif buyurib, kartani blokirovkadan chiqarish bo‘yicha ariza taqdim qilish taqozo etiladi.
Bank kartasi hisobvarag‘idan ko‘chirmada men amalga oshirmagan to‘lovlar kuzatilsa, nima qilish lozim?
Bu kabi holatlarda bank kartasini blokirovka qilish kerak. Buning uchun bank-emitent yoki to‘lov tizimi operatori call-markaziga qo‘ng‘iroq qilish lozim. Shuningdek, bank yoki to‘lov tashkilotining mobil ilovasi yoki to‘lov tizimi operatori rasmiy sayti orqali bank kartasini blokirovka qilish imkoniyati mavjud.
Bank mobil ilovasidan foydalanish xavfsizmi?
Bank mobil ilovasining har bir foydalanuvchisi amal qilishi kerak bo‘lgan oddiy qoidalar:
1. Mobil ilovaga kirish uchun parolni hech kimga aytmang.
2. Faqat bankning rasmiy ilovalaridan foydalaning.
3. Smartfoningizga har qanday ilovani o‘rnatishda ehtiyot bo‘ling: aloqa raqamlar, SMS-xabarlar yuborish va internetga kirish huquqini so‘raydigan dasturlar xavfli bo‘lishi mumkin.
4. SMS-xabarlar yoki elektron pochtadan olingan havolalarga asoslangan ilovalarni o‘rnatmang, hatto ular bankdan deb aytilsa ham.
Bundan tashqari, telefoningizdagi ma'lumotlarni quyidagicha himoya qilishni tavsiya etamiz:
1. Telefoningizga parol o‘rnating;
2. Telefon ekranida avtomatik qulfni o‘rnating;
3. SIM kartaga PIN kodni o‘rnating;
4. Telefoningizda hamda ijtimoiy tarmoqlarda bank kartasi raqamlari va fotosuratlarni saqlamang.
Humo bank kartamdagi to‘lovlar tarixini bankka bormasdan turib qanday bilsam bo‘ladi?
Oilaviy kartalarning afzalliklari nimadan iborat?
Oilaviy kartalarning quyidagi afzalliklari mavjud:
1. bir bank hisobvarag‘iga bog‘langan oilaviy kartalar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari uchun vositachilik haqlari undirilmaydi;
2. oilaviy karta egasi sms-xabarnomani faollashtirish orqali unga ulangan oilaviy kartalar orqali amalga oshirilgan barcha operatsiyalardan xabardor bo‘lishi mumkin;
3. kartaning bu turi mijozlarga bitta hisobvaraqni boshqarish hamda har bir ulangan oilaviy karta uchun cheklov belgilash imkoniyatini beradi.
Bank-emitent bo‘lmagan bank orqali bank kartasi to‘ldirish imkoniyati bormi?
Bank kartasini har qanday bankda to‘ldirish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, cash-in funksiyasi mavjud bo‘lgan bankomatlar orqali ham bank kartasini mablag‘ bilan to‘ldirish mumkin.
Virtual xalqaro kartalar orqali internet xaridlarni amalga oshirsa bo‘ladimi? Ular qanday ochiladi?
Qanday holatlarda bank kartani bloklashi mumkin
1. Bank kartasi yo‘qolganligi yoki o‘g‘irlanganligi to‘g‘risida ariza topshirilganda.
2. Foydalanish vakolatiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan bank kartasi ishlatilganda.
3. Mijoz foydalanish uchun bank kartalarini taqdim etish to‘g‘risidagi shartnoma shartlarini buzsa.
4. Mijozlar tomonidan shubhali bitimlar aniqlangan taqdirda.
5. Agar shaxs terrorchilik faoliyatida ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishga tegishli bo‘lsa.
Xorijda chet el valyutasidagi bank kartasidan foydalanish bo‘yicha cheklovlar majudmi?
Hech qanday cheklovlar yo‘q. Bank kartasidan foydalanish tartibi bank kartasi saqlovchisi va bank o‘rtasidagi shartnomaga binoan belgilanadi.
Sotuvchi bank kartasidan pul mablag‘larini ikki marta yechgan taqdirda, amaliyotni bekor qilsa bo‘ladimi?
Ayrim milliy to‘lov tizimlarida to‘lovni savdo terminali orqali bekor qilish imkoniyati mavjud.Shuni ta'kidlash joizki, pul mablag‘larini qaytarish amaliyoti merchant va ekvayer o‘rtasida tuzilgan shartnomada ko‘zda tutilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Mening hisobvarag‘imga pul mablag‘i kelib tushdi. Jo‘natuvchi kim ekanligini qanday bilsa bo‘ladi?
Pul mablag‘larining jo‘natuvchisini bankning yoki to‘lov tashkilotining mobil ilovasidan bilib olish mumkin. Ta'kidlash kerakki, bunday xizmatni barcha bank yoki to‘lov tashkilotlari taklif etmaydi.
Men bank kartamga pul kirim qilishim zarur bo‘ldi. Ammo dam olish kuni bo‘lganligi uchun buni bank orqali amalga oshira olmadim. Ushbu xizmatdan qanday qilib dam olish kunlari ham foydalanishim mumkin?
Nega korporativ bank kartasidan bankomatlar orqali naqd pul yechib bo‘lmaydi?
Telefonim o‘g‘irlangan bo‘lsa, bankning mobil ilovasini qanday bloklayman?
Agar telefoningiz yo‘qolgan yoki o‘g‘irlangan bo‘lsa, darhol xizmat ko‘rsatuvchi bankka qo‘ng‘iroq qiling va telefon yo‘kolganligi to‘g‘risida xabar bering. Bundan tashqari, sim-kartani mobil operatoringiz orqali bloklashingiz kerak.
Mening akam Rossiyada. Yaqinda u shu kungacha foydalanib kelgan VISA kartasini yo‘qotib qo‘ygan va uning ichida pullari qolgan. Yo‘qotilgan VISA kartadagi pullarni qanday yo‘l bilan olsa bo‘ladi, Rossiyadagi banklar orqalimi yoki yana boshqa yo‘llari bormi?
Agar VISA bank kartasi O‘zbekistondagi tijorat banklariga tegishli bo‘lsa, u holda murojaatda bayon etilgan masalalarni quyidagi yo‘llar bilan hal qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi:
Birinchi – bank kartasi yo‘qolgan fuqaro xizmat ko‘rsatuvchi bankiga murojaat qilishi hamda tegishli identifikatsiyadan o‘tgan holda, yo‘qotilgan bank kartasini yopishi mumkin. Shundan so‘ng, fuqaro Rossiyaning ixtiyoriy bankida karta ochtirib, uning rekvizitlarini O‘zbekistondagi bankiga yetkazish orqali kartadagi qoldiq mablag‘larni o‘tkazib olishi mumkin;
! Bugungi pandemiya sharoitida bankga so‘rov va murojaatlarni uning kommunikatsiya kanallari orqali (call-markazi, rasmiy sayt va ijtimoiy messenjerlar) yo‘llash tavsiya etiladi.
Ikkinchi – fuqaro yo‘qotilgan bank kartasini bank mobil ilovasiga ulagan bo‘lsa, VISA kartadagi mablag‘larni Rossiya bankida ochtirgan boshqa yangi VISA kartasiga o‘tkazib olishi bilan bir qatorda, yo‘qotilgan bank kartasini blokirovka ham qilish imkoniyati mavjud;
Uchinchi – fuqaro yuqorida bayon etilgan tartibda xizmat ko‘rsatuvchi bankka murojaat qilishi va o‘ziga yaqin bo‘lgan shaxsga ishonchnoma berish bilan yo‘qotilgan kartasini yopishi mumkin. Shundan keyin, undagi qoldiq mablag‘lar ishonchnoma berilgan shaxs tomonidan olinishi va xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi orqali Rossiyaga jo‘natilishi tavsiya etiladi.