Joriy yilning 23-24-fevral kunlari Markaziy bank tomonidan Surxondaryo viloyatining to‘rtta tumanida xotin-qizlar va mehnat migrantlarining oila a'zolarining moliyaviy savodxonligini oshirishga bag‘ishlangan treninglar va davra suhbatlari o‘tkazildi.
Ta'lim tadbirlari doirasida Sherobod, Qiziriq, Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlarning 18 va 60 yosh oralig‘idagi 200 dan ortiq xotin-qizlar hamda
60 dan ortiq mehnat migrantlarining oila a'zolari qamrab olindi.
Tadbirning maqsadli guruhlari “Ayollar daftariga” kiritilgan xotin-qizlar, qishloq joylarda kam daromadli xotin-qizlar, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatiga endigina qadam qo‘yganlarni o‘z ichiga oladi.
Ta'lim tadbirlari moliyaviy savodxonlikka oid nazariy va amaliy mavzularni, jumladan, bank omonatlari orqali jamg‘armalarni shakllantirish, foizlarni hisoblash tartibi, mas'uliyatli qarz olish va ijobiy kredit tarixini shakllantirish, raqamli bank mahsulotlari va xizmatlari, shuningdek, moliyaviy xavfsizlikni ta'minlash va moliyaviy xizmatlar iste'molchilari huquqlarini himoya qilish kabi mavzularni o‘z ichiga qamrab oldi.
Mehnat migrantlarining oila a'zolari uchun banklarning mobil ilovalari orqali pul mablag‘larini jamg‘arish masalalari alohida yoritib berildi. Ishtirokchilarga pul mablag‘larini onlayn formatda jamg‘arish mexanizmi, shartlari, afzalliklari, raqamli moliyaviy xizmatlar, shuningdek moliyaviy xavfsizlikning asosiy qoidalari batafsil tushuntirildi.
Markaziy bank respublikaning boshqa hududlarida ham ustuvor maqsadli guruhlarning moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha shu kabi ta'lim tadbirlarni o‘tkazishni davom etadi.
@finlituzb bilan birgalikda moliyaviy savodxonligingizni oshiring