Pulni tejashda odamlarning 5 ta xatosi

Oxirgi yangilanish:  27 Yan 2021 15:05
4155
Pulni tejashda odamlarning 5 ta xatosi
34

Maqsad qilish insonlarga xos bo‘lib, uni kelajakning loyihasi, deb ta’riflash mumkin.

Bolalar velosiped olishni, yoshlar oliygohga kirishni, o‘rta yoshlilar doimiy daromad manbaiga ega bo‘lib, keksaygan paytlarida moliyaviy erkin inson sifatida hayot kechirishni maqsad qilishlari barchamizga ayon. Bu maqsadlarga erishish odamlarni har tomonlama pulni tejashni boshlashga majbur qiladi. Bir qarashda pulni tejash unchalik ham qiyin emasdek tuyulsa-da, aksariyat odamlar pulni tejash jarayonida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yadilar, natijada bu ularga yordam berish o‘rniga aksincha moliyaviy ahvoliga zarar yetkazadi.

Keling, odamlar pulni tejashga urinishda eng ko‘p uchraydigan xatolarni ko‘rib chiqaylik:

Xato # 5: Xarajatlarni to‘xtatish

Odamlar pulni tejashda yo‘l qo‘yadigan eng katta xatolaridan biri bu pul sarflashni butunlay to‘xtatishdir, chunki bu pulni tejashning aniq usuli kabi ko‘rinadi.

Muammo shundaki, sarf-xarajatlarni o‘ylamay to‘xtatish kelajakda yanada ko‘proq xarajatlarga olib kelishi mumkin.

Siz ahamiyatsiz narsalarga pul sarflashni to‘xtatishingiz kerak, ammo profilaktik tekshiruvlar va asosiy xizmatlarga pul sarflashni to‘xtatmang. Masalan, agar siz stomatolog tekshiruvidan pul tejashga qaror qilsangiz, bu kelajakda jiddiy tish muammolariga olib kelishi mumkin. Bunday holda, tejash aslida uzoq muddatli xarajatlarga aylanadi.

Yechim: Doimiy profilaktik tekshiruvlardan o‘tishda davom etayotganingizga ishonch hosil qiling va paydo bo‘layotgan asoratlarni tezda yo‘q qiling, hatto biroz pul sarflasangiz ham, oldini olish mumkin bo‘lgan va kelajakda yanada katta xarajatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan narsalarga ozgina pul tejash uchun omadingizni sinab ko‘rmasligingiz kerak. Pulni tejashning boshqa ko‘plab usullari mavjud.

Xato # 4: Arzon va sifatli bo‘lmagan buyumlarni sotib olish

Odamlar ko‘pincha pulni tejashning eng yaxshi usuli eng arzon buyumni sotib olish deb o‘ylashadi.

Sizga bir umr xizmat qiladigan vositalar uchun ikki baravar ko‘p pul to‘lash o‘rniga, atiga bir-ikki mavsum xizmat qiladigan eng arzon buyumlarni sotib olish, sizga qimmatga tushadi, chunki arzonroqlari qayta-qayta almashtirilishi kerak.

Yechim: Pulni doimiy ravishda tejashning kaliti-xarid paytida sifat va qiymatga e’tibor berishni o‘rganishdir. Bu esa xarajatlarni amalga oshirishda hisobga olish kerak bo‘lgan asosiy omil.

Xato # 3: Pulni tejashda aniq maqsadning yo‘qligi

Odamlar pulni tejashda o‘z oldilariga aniq maqsad qo‘ymaydilar. Oqibatda pulni tejash jarayoni zerikarli bo‘lib, bu harakat uzoqqa cho‘zilmasligi va kutilgan natijani bermasligi mumkin.

Yechim: Shunday ekan pulni tejashda aniq maqsadlarni belgilang, Natijaga erishish uchun esa maqsadingiz haqida tez-tez hayollar surib turing.

Xato # 2: Tejalayotgan pulning qo‘l yetadigan joyda turishi

Pulni tejashdagi asosiy xatolardan yana biri bu, tejalgan pullarni qo‘l yetib borishi mumkin bo‘lgan joyda saqlanishi. Bunda kundalik hayotda turli moddiy yetishmovchiliklarga duch kelgan paytda, hattoki ular ahamiyatsiz narsalar tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa ham, odamlar eng birinchi navbatda o‘zlari jamg‘arib borayotgan tejalgan pullardan ishlatishni boshlashadi. Oqibatda moddiy maqsadga erishish uchun qilingan harakat yo‘qqa chiqadi.

Yechim: Imkon qadar tejalayotgan pullaringizni ko‘zingiz tushishi va qo‘lingiz yetishi mumkin bo‘lgan joydan yiroqroq qo‘ying. Bunda eng yaxshi takliflardan biri sifatida bank omonatlarini ko‘rsatish mumkin.

Xato # 1: Katta o‘zgarishlarga ehtiyoj yo‘qligiga ishonish

Pulni tejashni o‘ylashdan ko‘ra, uni tejashni o‘rganish yaxshiroq.

Ko‘p odamlar o‘zlarining xatti-harakatlari va amallarida keskin o‘zgarishlar qilmasdan pulni tejashni o‘rganaman deb o‘ylashadi. Natijada xarajatlarni qisqartirish va pulni tejash rejasi hech qachon uzoq muddatli ustuvor vazifaga aylanmaydi, bu oxir-oqibat ular pulni o‘zlari xohlagan tarzda tejay olmasligiga olib keladi.

Yechim: Siz pulni tejash usullarini o‘rganish uchun avvalo hayot tarzingizda keskin o‘zgarishlarni amalga oshirishingiz kerak. Ya’ni daromadingizning ma’lum qismini doim jamg‘arib boring, odatga aylangan ahamiyatsiz istaklaringizdan va xaridlardan voz keching, shu bilan birga o‘zingizda boshlagan o‘zgarishlarda qat’iy turishda irodali bo‘ling.

Siz pulni tejashga imkon beruvchi o‘zgarishlarni amalga oshirib, kelajakdagi barcha moliyaviy ehtiyojlaringizni qondirish uchun yetarli mablag‘ni tejashingiz mumkin.




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Oilaviy budjet

Oilaviy budjet

Talabalar uchun soliq imtiyozi

Talabalar uchun soliq imtiyozi

Pulni tejashda odamlarning 5 ta xatosi

Pulni tejashda odamlarning 5 ta xatosi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X