Aksariyat odamlar shartnomani o‘qimasdan imzolaydilar, chunki ahmoq bo‘lib ko‘rinishdan qo‘rqadilar va suhbatdoshlarini kuttirib qo`yishni xohlamaydilar. Amalda, har doim ham shartnomani imzolash kerak bo‘lganlarda uni yuristlarga ko‘rsatish imkoniyati yo‘q. Finlit.uz jamoasi aynan shunday holatlarda shartnomani imzolashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan bandlarni sanab o`tmoqchi.
Shartnomada e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan birinchi narsa - bu shartnomaning predmeti. Bu hujjatning asosiy qismidir, chunki aynan u siz va ikkinchi tomon bitim doirasida bir-biringizga nima qilish yoki topshirishni aniq belgilab beradi.
Bundan tashqari, shartnoma predmeti ko‘pincha narx, ijro muddati, tomonlarning javobgarligi va shu kabi boshqa shartlarga ta’sir qiladi, shuning uchun uni sinchkovlik bilan tekshirish zarur.
Komissiya, soliqlar (yig‘imlar) va bevosita xarajatlar bandi. Hamkorlik shartlarini muhokama qilishda tomonlarning komissiya va soliqlarni (davlat bojlari va yig‘imlarini ham shular jumlasiga kiritamiz) to‘lash muhim ahamiyatga ega.
Kelgusida tushunmovchilik va bahs-munozaralarning oldini olish uchun hujjatda komissiyani kim to‘lashi, soliqlarni kim to‘lashi, soliqlar narxga qanday ta’sir qilishi, qaysi tomon bojlar to‘lashi, bojlar miqdori va boshqalar aniq ko‘rsatilishi kerak.
Asosiy e`tiborni qaratadigan bandlardan yana biri bu tomonlarning javobgarligi/jarima sanksiyalari. Shartnomani o‘qiyotganda shartnomada yozilgan sanksiyalarga, shuningdek, ularni buzganlik uchun nazarda tutilgan shartlarga e’tibor bering.
Masalan, shartnomada o‘z vaqtida ko‘rsatilmagan xizmat va o‘z vaqtida yetkazilmagan tovar uchun hamda o‘z vaqtida haq to‘lamaganlik uchun jarima yozilishi mumkin.
Xizmatlar ko‘rsatish/tovarlar yetkazib berish sharti/tartibi bo‘limda ko‘pincha shartnoma bo‘yicha ishlash tartibi, shuningdek tomonlarning ish bo‘yicha qo‘shimcha kelishuvlari yoziladi. Ushbu bandda xizmatlarning tavsifi, bajarish muddatlari, xizmat ko‘rsatish joyi, xizmatlarning sifati, lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlik va h.k. ko‘rsatish muhimdir.
Nizolarni hal qilish tartibi bandning muhim ahamiyatga egaligining sababi u nizo kelib chiqqan taqdirda nizoni qanday huquqiy normalarga muvofiq hal etilishini belgilaydi, shuningdek, kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda qo‘llaniladigan huquqiy tizimni belgilab beradi.
Xususan, shartnomani bekor qilish tartibi bu shartnomani qay shartlarda bekor qilish mumkinligini ko‘rsatib beradi, ya’ni, siz shartnomani tuzgan shaxs bilan qay holatda hamkorlikni to‘xtatishingiz mumkinligi haqida ma’lumotga ega bo‘lasiz.
Shartnomani bir tomonlama bekor qilish faqat qonun hujjatlarida yoki shartnomada to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardagina mumkin.
Shuningdek, xizmat ko‘rsatish/yetkazib berish/to‘lov muddati. Tomonlar shartnomada ko‘rsatilgan xizmatlar/tovarlarni yetkazib berish va/yoki haq to‘lashning qaysi muddatiga rioya qilish, shuningdek, bunday muddatlarni buzganlik uchun sanksiyalar (jarimalar) tayinlashi mumkin.
Masalan, shartnomada buyurtmachi xizmatlarning yakuniy natijasini olgandan so‘ng uch kalendar kun ichida ijrochi xizmatlari uchun haq to‘lashi, kechiktirilgan taqdirda esa kechiktirilgan har bir kun uchun jarima va penya to‘lashi kerakligi haqida ko‘rsatilishini misol qilishimiz mumkin.
Finlit.uz siz imzolamog‘ingiz kerak bo‘lgan / imzolamoqchi bo‘lgan barcha shartnomalarni to‘liq hajmda va tafsilotlarga e’tibor qaratgan holda diqqat bilan o‘qishni tavsiya qiladi. Agar shartnomani o‘qigan bo‘lsangiz va shartnomadagi ayrim bandlarning oqibatlari va ahamiyatiga ishonchingiz komil bo‘lmasa, yuridik maslahat olishni maslahat beramiz.