Shrift hajmi: A A
Sayt rangi: A A

Tasavvur qiling, siz mobil telefoningizni yo‘qotib qo‘ydingiz, buning ortidan shaxsan siz uchun qanday xavf kelishi mumkin?

Oxirgi yangilanish:  6 Fev 2025 13:11
1112
Tasavvur qiling, siz mobil telefoningizni yo‘qotib qo‘ydingiz, buning ortidan shaxsan siz uchun qanday xavf kelishi mumkin?

Telefonni yo‘qotish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, ayniqsa qurilmada shaxsiy ma’lumotlar, bank ilovalari va boshqa muhim hujjatlar saqlansa. Telefoningizni qo`lga kiritgan firibgar undan turli jinoiy harakatlar uchun foydalanishi mumkin, bu esa moliyaviy yo‘qotishlarga, shaxsiy ma’lumotlarning sizib chiqishiga va maxfiylikning buzilishiga olib keladi. Ehtimoliy xavflar va oqibatlarni batafsil ko‘rib chiqamiz.

Avtorizatsiya qilinmagan tranzaksiyalar va bank ma’lumotlariga kirish

Agar telefoningizda bank mobil ilovalari o‘rnatilgan bo‘lsa, firibgarlar hisobingizga kirishga va pul o‘tkazmalari, to‘lovlar yoki boshqa moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishga urinishlari mumkin.

Agar ilova avtomatik avtorizatsiya qilish uchun sozlangan bo‘lsa (masalan, ishonchli qurilma orqali), firibgar parol kiritmasdan yoki SMS kodni tasdiqlamasdan kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Agar sizda ikki faktorli autentifikatsiya yoqilgan bo‘lsa (masalan, SMS kodlar orqali), lekin SIM karta hali bloklanmagan bo‘lsa, firibgar tasdiqlash kodlarini olish uchun telefon raqamingizdan foydalanishi mumkin.

Agar 3D Secure (bank tasdiqlash kodi) yoki biometrik kabi qo‘shimcha xavfsizlik choralari qo‘llanilmasa, firibgar ilovaga biriktirilgan kartalardan onlayn xaridlar uchun foydalanishi mumkin.

Shuningdek, smartfonda parollar, hujjatlar, kontaktlar, turli onlayn akkauntlarga kirish ma’lumotlari kabi ma’lumotlar saqlanishi mumkin. Firibgar ushbu ma’lumotlardan quyidagi maqsadlarda foydalanishi mumkin:

- identifikatsiya ma’lumotlarini o‘g‘irlash (masalan, sizning nomingizga kreditlar yoki qarzlarni rasmiylashtirish uchun).

- muhim shaxsiy akkauntlarga (elektron pochta, ijtimoiy tarmoq) kirish.

- ma’lumotlaringizdan foydalanib soxta hujjatlarni rasmiylashtirish.

Telefoningizni yo‘qotishingiz akkauntlaringizdan firibgarlik uchun foydalanishga ham olib kelishi mumkin. Agar messenjerlar yoki ijtimoiy tarmoqlarda (masalan, Telegram Facebook, Instagram) kirish uchun ma’lumotlaringiz saqlangan bo‘lsa, firibgar bu akkauntlardan do‘stlaringiz va qarindoshlaringizga xabar yuborib, ulardan pul yoki boshqa ma’lumotlarni talab qilishi mumkin.

Firibgar elektron pochtangizga kirgach, tanishlar va yaqinlaringizni aldash uchun sizning nomingizdan soxta xatlar yuborishi mumkin.

Jumladan, ko‘plab banklar va moliya tashkilotlari mobil ilovalar yoki telefon raqamiga bog‘langan saytlar orqali kreditlarni rasmiylashtirish imkonini beradi. Qurilmangizga kirishga ruxsat olgan firibgar sizning nomingizga kredit olishga urinishi mumkin, ayniqsa qurilmada shaxsiy ma’lumotlaringiz va daromadlaringiz haqidagi ma’lumotlar saqlangan bo‘lsa.

Telefon yo‘qolgan bo‘lsa nima qilish kerak?

Agar siz bankning barcha mobil ilovalari va bank kartalari o‘rnatilgan telefoningizni yo‘qotgan bo‘lsangiz, xavflarni minimallashtirishni oldini olish uchun darhol harakat qilish muhimdir. Finlit.uz qanday harakatlarni amalga oshirish kerakligini bosqichma-bosqich tushuntiradi.

Birinchi navbatda SIM kartani darhol bloklang. Bu SMS-kodlarni olib, telefon raqamingizdan foydalanishning oldini oladi.

Agar sizda SMS orqali ikki faktorli autentifikatsiya (2FA) yoqilgan bo‘lsa, bu raqamga aloqador akkauntlarga kirishni bloklaydi.

Ikkinchi qadam, bank bilan bog‘laning va telefonga biriktirilgan barcha kartalarni (kredit, debet va virtual) bloklang. Bu kartalaringizdan barcha nomaqbul tranzaksiyalarning oldini oladi.

So`ng, Akkauntni bloklash uchun bankka murojaat qiling. Bank mobil ilovadan foydalanishingizni vaqtincha bloklashi va qo‘shimcha xavfsizlik choralarini faollashtirishi mumkin.

Huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bering. Bank ma’lumotlari bor telefonni yo‘qotish, ayniqsa, telefon o‘g‘irlanganligiga gumon qilsangiz, huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilish uchun asos bo‘lishi kerak.

Huquq-tartibot idoralari tekshiruv o‘tkazishi va telefoningiz firibgarlik uchun ishlatilganligini aniqlashga yordam beradi.

Albatta tranzaksiyalar tarixini tekshiring. Internet-bank orqali bank hisobvaraqlari va kartalaringizdagi barcha oxirgi operatsiyalarni ko‘rib chiqing va nomaqbul tranzaksiyalar bo‘lmaganligiga ishonch hosil qiling.

Agar siz shubhali operatsiyalarni payqagan bo‘lsangiz, mablag‘larni blokirovka qilish uchun darhol bangga xabar bering.

Imkon bo`lsa yangi telefon oling va ma`lumotlarni tiklang. Barcha kartalar va ilovalar bloklangandan va boshqa xavfsizlik choralarini ko‘rgandan so‘ng, ilovalarni yangi qurilmaga o‘rnatish va autentifikatsiya jarayonini takrorlash orqali (masalan, parolni kiritish, 2FA orqali tasdiqlash) o‘z xizmatlaringizdan foydalanishni tiklang.

Endi esa yangi qurilmada xavfsizlik sozlamalarini yangilang. Telefon almashtirilgandan so‘ng, yangi qurilmada barcha kerakli xavfsizlik vositalari o‘rnatilganligiga ishonch hosil qiling:

Ilovalarni himoyalash uchun biometrik autentifikatsiyani (barmoq izi, yuzni aniqlash) yoqing.

Hisoblaringiz xavfsizligini oshirish uchun mavjud barcha xizmatlarda ikki faktorli autentifikatsiyani (2FA) yoqing.

Bank ilovalari o`rnatilgan telefonni yo‘qotish nafaqat noqulaylik, balki jiddiy xavf hamdir. Qanchalik tez chora ko‘rsangiz, firibgarlarning telefoningizdan foydalanish ehtimoli shunchalik kamayadi.




Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Pul haqida bolalar bilan qanday gaplashish kerak

Pul haqida bolalar bilan qanday gaplashish kerak

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda moliyaviy xavfsizlikning 7 qoidasi

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda moliyaviy xavfsizlikning 7 qoidasi

Professionallar va soxta motivatorlar o‘rtasidagi farq nima?

Professionallar va soxta motivatorlar o‘rtasidagi farq nima?

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X