Nega 25 so’mlik va undan kichik tanga va banknotlar muomaladan chiqarildi?

Oxirgi yangilanish:  10 Iyun 2020 10:33
3529
Nega 25 so’mlik va undan kichik tanga va banknotlar muomaladan chiqarildi?
2

Xabaringiz bor, 2020 yil 1 martdan 25 so’mlik va undan kichik nominal qiymatidagi tanga va banknotlar muomaladan chiqarildi. Bu holatning sababini so’rab, Markaziy bankka murojaatlar bo’lmoqda. Yurtdoshlarimizga tushunarli bo’lishi uchun mazkur masalada mutaxassis izohi tayyorlandi.

10som_1994_2 25som_1994_2

Markaziy bank Naqd pul muomalasini tashkil etish departamenti direktori Fazliddin Bozorov:

Markaziy bankning 25 so’mlik va undan kichik nominal qiymatdagi banknot va tangalarini muomaladan qaytarib olish muomaladagi naqd pullarning nominal qatorini optimallashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Buning asosiy sabablari quyidagilar bilan izohlanadi.

Dunyodagi aksariyat mamlakatlarda tangalarning asosan 4-5 xil nominali, banknotlarning 5-6 xil nominali muomalada bo’lsa, O’zbekistonda esa bugungi kunga qadar muomalada rasman 14 ta (1 tiyin, 3 tiyin, 5 tiyin, 10 tiyin, 20 tiyin, 50 tiyin, 1 so’m, 5 so’m, 10 so’m, 25 so’m, 50 so’m, 100 so’m, 200 so’m, 500 so’m) nominaldagi tangalar, 12 ta (1 so’m, 3 so’m, 5 so’m, 10 so’m, 25 so’m, 200 so’m, 500 so’m, 1000 so’m, 5000 so’m, 10 000 so’m, 50 000 so’m, 100 000 so’m) nominaldagi banknotlar mavjud.

Malumot uchun: 2019 yilning 1 iyulidan 50 so’mlik va 100 so’mlik banknotlar muomaladan chiqarildi. 2020 yilning 1 iyulidan boshlab 200 so’mlik va 500 so’mlik banknotlar ham to’lov qobiliyatini yo’qotadi.
50som_1994_2 100som_1994_2

Shuningdek, butun dunyoda amal qilinadigan muomaladagi pul belgilarining nominal qatorini belgilash nazariyasiga ko’ra, eng kichik nominaldagi pul belgisi (asosan tanga ko’rinishida) o’rtacha kunlik ish haqining 1/1000 qismini tashkil etishi lozim.

Mazkur hisob-kitoblarga ko’ra, O’zbekistonda bu nisbat 85,2 ni tashkil etadi (Davlat statistika qo’mitasi malumotlariga ko’ra, 2019 yil yakunida o’rtacha oylik hisoblangan ish haqi – 2 324,5 ming so’m, daromad soligi chegirilganda 2 045,6 ming so’m). Shunga ko’ra, respublikamizda naqd puldagi hisob-kitoblar uchun eng kichik nominaldagi pul belgisining 50 so’mlik tanga bo’lib qolishi yuqoridagi nazariyaga asoslangan.

Bundan tashqari, 1994-2001 yillarda muomalaga kiritilgan 25 so’mlik va undan kichik nominaldagi tangalar hamda banknotlar mamlakatimizdagi iqtisodiy jarayonlar, narxlar o’zgarishi kabi omillar ta’sirida tabiiy ravishda muomaladan chiqib ketgan bo’lib, bugungi kunda naqd puldagi to’lovlarda ulardan umuman foydalanilmayapti.

Ushbu nominal qiymatdagi pul belgilariga talab bo’lmaganligi sababli, 2006 yildan buyon Markaziy bank tomonidan ham bunday qiymatdagi tangalar zarb qilinmayapti va banknotlar bosib chiqarilmayapti.

Markaziy bankning “O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 25 so’mlik va undan kichik nominal qiymatdagi tangalari va banknotlarini muomaladan qaytarib olish tartibi to’g’risida”gi nizomini (ro’yxat raqami 3183, 18.09.2019 y.) yuqorida qayd etilgan tabiiy jarayon rasman tan olingani holda, Markaziy bank tomonidan ko’rilayotgan amaliy chora sifatida baholash mumkin.
20tiyin_1994_2 1som_2000_2 5som_1997_2

Unga ko’ra, 25 so’m va undan kichik qiymatdagi eski namunadagi tangalar va banknotlar 2020 yil 1 martdan boshlab qonuniy to’lov vositasi sifatida o’z kuchini yo’qotadi va ularni ayirboshlash muddati 2021 yil 1 yanvargacha etib belgilangan.

Jahon amaliyotida ham yuqori inflyatsion jarayonlar oqibatida kichik qiymatdagi pul birliklari naqd puldagi to’lovlarda o’zining ahamiyatini va qadrini yo’qotgan holatlarda ayrim pul belgilarni nulifikatsiya qilish – qiymatini yo’qotish amaliyoti qo’llaniladi.

Misol uchun, amalda to’lov qobiliyatini va qadrini yo’qotgan mayda qiymatdagi pul belgilarini muomaladan qaytarib olish, yaxlitlash kabi jarayonlar Belorusda – 2003, 2004, 2013, 2015 yillarda, Qozog’istonda – 2001 yilda, Qirg’izistonda – 2011 yilda amalga oshirilgan.

Shuningdek, Kanada, Ukraina hamda Yevro hududdagi Finlyandiya, Irlandiya, Niderlandiya, Belgiya kabi davlatlarda ham naqd pullar tarkibini optimallashtirishda kichik nominaldagi pul belgilarini yaxlitlash borasida islohotlar qilingan.

Bunday holatda naqd puldagi to’lovlar qanday tartibda amalga oshirilishi mumkin?

Respublikamizda eng kichik qiymatdagi pul belgisi 2018 yil namunasidagi 50 so’mlik tanga bo’lib qolayotganligini inobatga olib, chakana savdo va aholiga pullik xizmatlar ko’rsatishda naqd pulda amalga oshiriladigan to’lovlarni 50 so’mga yaxlitlash lozim bo’ladi.

Ya’ni tovarlar va xizmatlarning yakuniy hisob-kitoblari bo’yicha to’lovlar naqd pulda amalga oshirilganda, umumiy qiymatning 1 tiyindan 49 so’m 99 tiyingacha bo’lgan qismi quyidagicha:

  • 1 tiyindan 24 so’m 99 tiyingacha bo’lgan tangalar va banknotlar qiymati, 0 so’mga tenglashtirilgan holda;
  • 25 so’mdan 49 so’m 99 tiyingacha bo’lgan tangalar va banknotlar qiymati, 50 so’mga tenglashtirilgan holda yaxlitlanadi.

Misol uchun: 257 (257-250=7≈0)≈250 so’m, 474 (474-450=24≈0)≈450 so’m, 376 (376-350=26≈50)≈400 so’m, 586 (586-550=36≈50)≈600 so’m.

30

Hayotiy misol sifatida: bugungi kunda aholi foydalanayotgan tabiiy gaz narxi 1 metr kub. – 380 so’m, elektr energiyasi narxi 1kVt/soat – 295 so’m bo’lib, fuqaro 212 metr kub. tabiiy gaz va 115 kVt/soat elektr energiyasi uchun to’lovlarni amalga oshirmoqchi.

Bunda tabiiy gaz uchun – 80 560 so’m, elektr energiyasi uchun – 33 925 so’m to’lanishi lozim bo’lgani holda, to’lovni naqd shaklda amalga oshirmoqchi bo’lgan fuqaro bank to’lov hujjatini tabiiy gaz bo’yicha 80 550 so’mga, elektr energiyasi bo’yicha 33 950 so’mga rasmiylashtirishi mumkin.

Xuddi shunday chakana savdo korxonalariga ham aholi tomonidan xarid qilingan tovarlar uchun to’lovlar naqd pul shaklida amalga oshirilganda, tovarlar umumiy qiymatini yuqoridagi tartib asosida 50 so’mga yaxlitlagan holda hisob-kitob qilinishi tavsiya etiladi.

Yaxlitlash naqd pulsiz va bank kartalari orqali amalga oshiriladigan hisob-kitoblarga tadbiq etilmaydi. Naqd pulsiz hisob-kitob hujjatlarida (to’lov topshiriqnomasi, to’lov talabnomasi va boshqalar) summalar yaxlitlanmasdan to’lig’icha qayd etiladi va qayd etilgan summaga operatsiyalar amalga oshiriladi.




Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Qanday qilib pul haqiqiyligini tekshirish mumkin?

Qanday qilib pul haqiqiyligini tekshirish mumkin?

Oltin quymalar nima va ulardan qanday foydalanish mumkin?

Oltin quymalar nima va ulardan qanday foydalanish mumkin?

Shikastlangan banknotlarning to‘lov qobiliyati

Shikastlangan banknotlarning to‘lov qobiliyati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X