Shrift hajmi: A A
Sayt rangi: A A

1-modul | Biznesni rejalashtirish

Oxirgi yangilanish:  4 Noy 2025 19:14
297
1-modul | Biznesni rejalashtirish

1-qism. Bozorni o‘rganish va raqobatchilar tahlili

Tadbirkorlik faoliyatini boshlagan shaxslar uchun birinchi qadam — tanlangan soha bo‘yicha bozorni o‘rganish va mahsulot yoki xizmatga bo‘lgan talabni aniqlash hisoblanadi. Shu bilan birga, bozordagi raqobatchilarni tahlil qilish ham muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston sharoitida bozor tahlilini quyidagi oddiy usullar orqali amalga oshirish mumkin:

  • so‘rovnomalar o‘tkazish;
  • onlayn tahlil (Telegram va Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali);
  • mahalliy statistik ma’lumotlardan foydalanish.

 

Tadbirkor avvalo o‘z mijozini yaxshi bilishi lozim: ular kim, qayerda yashaydi, qancha sarflaydi va qaysi turdagi mahsulot yoki xizmatlarga ehtiyoj sezadi? Ushbu savollarga javob topish mahsulot yoki xizmatni to‘g‘ri narxlash va bozorga munosib tarzda joylashtirishga yordam beradi.

Raqobatchilar tahlili esa bozordagi o‘xshash xizmatlar yoki mahsulotlarni taqqoslash, ularning kuchli va zaif jihatlarini o‘rganish orqali o‘z g‘oyangizni samarali ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.

Mahalliy misol sifatida: agar siz Farg‘ona shahrida kafe ochishni rejalashtirsangiz, o‘sha hududdagi narxlar, xizmat sifati, menyu xilma-xilligi va mijozlar oqimini o‘rganish orqali o‘zingizga xos ustunlik yaratishingiz mumkin. Masalan, oilaviy menyu taklif qilish yoki tezkor xizmat ko‘rsatish orqali raqobatda ajralib turish mumkin.

2-qism. Biznes rejasini tuzish

Biznes-rejani tadbirkorlik g‘oyangizning yo‘l xaritasi sifatida tasavvur qiling. Rejaga ega bo‘lish biznesingizni o‘zingiz xohlagan cho‘qqiga olib chiqishni osonlashtiradi.

 

Ko‘p yillik tajribaga ega ishbilarmon uchun ham biznes bilan endigina shug‘ullanishni boshlagan yosh tadbirkor uchun ham biznes-rejani yaratish yoki yangilash uzoq muddatli muvaffaqiyat uchun juda muhimdir

 

Biznes-reja quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:

-         tadbirkorlik yo‘nalishingizga oid tavsif

-         kompaniyangiz qanday bo‘lishini xohlayotganingiz haqida fikr

-         g‘oyangizning potensial muvaffaqiyatli jihatlari

 

Biznes-reja tuzishda qanday bo‘limlarni kiritish kerak?

-         hujjatning qisqacha mazmuni

-         mahsulot/xizmat tavsifi

-         bozor tahlili

-         ishlab chiqarish rejasi va tannarx hisobi

-         sotuv rejasi

-         tashkiliy reja

-         moliyaviy ko‘rsatkichlar

 

Biznes-reja — tadbirkorlikning yo‘l xaritasi bo‘lib, biznesni boshlash, boshqarish va rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • Investor va moliyalashtirishni jalb qilish. Aniq va to‘liq biznes-reja loyihaning rentabelligini ko‘rsatib, investorlar va moliyaviy tashkilotlar ishonchini oshiradi.
  • Bozor va raqobat tahlili. Rejada bozor hajmi, mijozlar ehtiyoji va raqobatchilarning kuchli-sust jihatlari o‘rganiladi. Bu tadbirkorga o‘z afzalliklarini belgilash imkonini beradi.
  • Boshqaruv va nazorat. Asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlar va vazifalar belgilanib, ularning bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatiladi.
  • Manfaatdor tomonlar bilan muloqot. Biznes maqsadlarini aniq ko‘rsatib, hamkorlar va tashqi yordamchilar ishonchini mustahkamlaydi.

 

Masalan, “mahalliy novvoyxona” loyihasi uchun quyidagicha biznes reja tuzilishi mumkin. Loyihaning asosiy maqsadi — aholi uchun turli xil sifatli va har kuni yangi tayyorlanadigan non turlarini taklif etishdir. Asosiy mijozlar sifatida mahalla aholisini xisoblashimiz mumkin. Boshlang‘ich sarmoya taxminan 15 million so‘mni tashkil etib, unga jihozlar, xomashyo va ijara xarajatlari (zarurat bo‘lsa) kiradi. To‘g‘ri tashkil etilgan faoliyat natijasida oylik o‘rtacha sof daromad 4 million so‘mni tashkil etishi mumkin.

3-qism. Xatarlar va imkoniyatlarni baholash

Biznes o‘sishi bilan birga xatarlar ham ortadi: pul oqimining uzilishi, narx tebranishi, raqobatchi bosimi, xodimlar almashinuvi, jihoz nosozligi va kiberxavfsizlik. Shu bois asosiy maqsad — xatarlarni oldindan ko‘rish, kamaytirish va nazorat qilish.

Ichki xatarlar — bu biznes ichidagi zaifliklar. Ularga qarshi quyidagi choralar ko‘rilsa maqsadga muvofiq:

Odam omili. Har bir asosiy xodim uchun o‘rinini bosuvchi tayinlanishi, ayniqsa kassa kabi mas’uliyatli jarayonlarda ikki bosqichli tekshiruv tizimi (autentifikatsiya) joriy qilinishi zarur.

Jihoz va tizimlar. Jihozlar uchun texnik xizmat rejasi tuzilishi, kafolat va sug‘urta ta’minlanishi, ehtiyot qismlar zaxirasi yaratilishi kerak. Ma’lumotlar bulutli tizimlarda saqlanishi, POS-terminal va QR to‘lovlar uchun kuchli parol va ikki bosqichli himoya qo‘llanishi muhim.

Qarzdorlik. Qarz miqdori daromadning sog‘lom ulushidan oshmasligi shart.

Pul oqimi. Qarzdorlar nazorati uchun “qarzlar jadvali” yuritilishi, oldindan to‘lov (avans) tizimi kengaytirilishi va yetkazib beruvchilar bilan to‘lov muddatlari oldindan kelishilishi tavsiya etiladi.

Tashqi xatarlar — tadbirkor nazorat qila olmaydigan omillar. Ularga qarshi quyidagilar amalga oshirilishi mumkin:

Raqobat. Narxda emas, xizmat sifati va qulaylikda raqobat qilish kerak. Masalan, tez yetkazib berish, kafolat yoki yaxshi servis. Shuningdek, “sirtdan xarid” orqali raqobatchilar tahlili olib borilishi foydali.
Joylashuv yoki ijara. Umumiy nuqtani ochishdan oldin “sinov nuqtasi”dan foydalanish kerak. Ijara shartnomasida narx shartlari aniq yozilishi zarur.

Talab tebranishi. Mavsumiy kalendar tuzish, bayramlar va bozor kunlariga tayyorgarlik ko‘rish, talab kamayganda esa chegirma yoki paketli takliflar bilan savdo hajmini saqlab qolish mumkin.

Fors-major xolatlar. Pandemiya yoki ob-havo kabi holatlarga qarshi onlayn savdo va yetkazib berish imkoniyati tayyor bo‘lishi shart. Shuningdek, favqulodda holatlar uchun kamida 3–6 oylik jamg‘arma yaratilishi zarur.

O’zingizning tadbirkorlik bilimlaringizni sinab ko’ring!  https://t.me/kichikbiznestest




Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X