Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi davom etmoqda.

Oxirgi yangilanish:  24 Noy 2022 13:16
490
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi davom etmoqda.

Yurtimizda so‘nggi yillarda aholini farovon hayot kechirishi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘illanib o‘z daromadlarini ko‘paytirishlari uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, joriy yilning 6 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-387-son Qarori tasdiqlandi.

Quyida qarorga muvofiq ajratiladigan kreditlar bo‘yicha yangiliklarga batafsil to‘xtalamiz.

Unga ko‘ra ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta'minlash, mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish hisobiga aholi daromadini oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni moddiy resurslar bilan uzluksiz ta'minlash hamda yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish maqsadida kreditlar ajratiladi.

Ushbu kreditlar kimlarga va nima maqsadda taqdim etiladi?

  • Qishloq xo‘jaligi korxonalariga - qishloq xo‘jaligi ekinlari: meva, uzum, kartoshka, sabzavot, poliz ekinlari, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirishga urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i, o‘simliklarni himoya qilish vositalari yetkazib berish uchun;
  • Mahsulotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga - yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini xarid qilishda talab etiladigan aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun ajratiladi. 

Kredit miqdori qancha?

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun kreditlar 150 million so‘mgacha garovsiz ajratiladi.

Kredit necha foizdan ajratiladi?

Kredit yillik 14 foiz stavkada beriladi.

Kredit muddati qancha?

Kreditlar 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha taqdim etiladi.Bundan tashqari, qarz oluvchi talabiga ko‘ra ajratiladigan kredit mablag‘larining 50 foizigacha bo‘lgan qismini naqd pul shaklida olishi mumkin.

Har qanday kredit turidan foydalanishdan oldin, o‘z daromad va xarajatlaringizni taqqoslab ko‘rishni unutmang. Chunki daromadlaringiz kredit uchun hisoblangan foiz to‘lovlarni qoplash uchun yetarli bo‘lishi lozim. Aks holda, kredit bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamaslik kredit tarixingizga salbiy ta'sir ko‘rsatadi va kelajakda kerak vaqtda kredit olish imkoningizni pasaytiradi.

Qaysi mablag‘ evaziga kreditlar ajratiladi?

Kreditlar uchun resurs mablag‘lari Bog‘dorchilik agentligi tomonidan tijorat banklariga yo‘naltiriladi.

Kreditni olish uchun tavsiyanoma kerak bo‘ladimi?

Quyidagilarning tavsiyalariga ko‘ra kreditlar ajratiladi:

  • Bog‘dorchilik agentligining loyiha ofislari rahbarlari;
  • mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlari yordamchilari.

Shu bilan birga, kredit mablag‘larining qaytmaslik xatarini sug‘urta qilish bo‘yicha yoki hosilni xavf-xatardan sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarga ajratiladigan kreditlar bo‘yicha garov ta'minoti sifatida qabul qilinib, kreditlarni so‘ndirishga yo‘naltirilishi mumkin

Qo‘shimcha imtiyoz

Qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarga hosilni xavf-xatardan sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

O‘z sohangiz bo‘yicha moliyaviy yangiliklarni birinchilardan bo‘lib kuzatib borishga va ulardan foydalanishga harakat qiling, chunki har bir sohada kutilmaganda turli o‘zgarish va yangiliklar yuzaga keladi. Bu bilan siz o‘z tadbirkorligingizni yanada kengaytirishga va birinchilardan bo‘lib yangiliklarni amalga oshirishga erishasiz. Moliyaviy savodxonlik orqali o‘z tadbirkorligingizni yanada rivojlantiring.




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Yoshlar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar

Yoshlar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalaning

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalaning

Oilakredit.uz platformasi orqali kreditlar ajratish tartibi tasdiqlandi

Oilakredit.uz platformasi orqali kreditlar ajratish tartibi tasdiqlandi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X