Oilaviy tadbirkorlik

Oxirgi yangilanish:  15 Iyun 2022 19:38
7263
Oilaviy tadbirkorlik
23

Tadbirkorlik qilish istagi bo‘lgan shaxs ishni avvalo nimalardan boshlash kerakligini bilishi, sohadagi maxsus bilimlar, tadbirkorlik ko‘nikmalaridan tashqari bank sohasidagi moliyaviy bilimlarning yetarliligiga e'tibor qaratishi muhim. Zero, tijorat banklari hisobidan ajratilgan kreditning to‘g‘ri ishlatilishi tadbirkorga daromad olib kelishdan tashqari biznesini kengaytirishga yo‘l ochadi.

Ushbu maqolamizda oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha davlat tomonidan yaratilgan imtiyozlar to‘g‘risida so‘z yuritamiz.

Tadbirkorlik – aniq maqsadli va doimiy sa'y-harakatni talab qiluvchi tavakkalchilikka asoslangan hamda daromad topishga qaratilgan faoliyat hisoblanadi.

Tadbirkorlikning muvaffaqiyat kaliti:

  • tadbirkorlik ko‘nikmasini inobatga olib, bozordagi talabni o‘rgangan holda o‘zi uchun qulay bo‘lgan istiqbolli sohani tanlash
  • eng kichigidan boshlash
  • faoliyatni kengaytirishga moyillik
  • xatarlarni baholay olish
  • tavakkalchilikka asoslangan oqilona (rasional) qarorlar qabul qila olish

Tadbirkor – hisob-kitobli tavakkalchi, yangilik va rivojlanishga intiluvchi, mustaqil va mas'uliyatli qarorlar qabul qiladigan va ularning oqibati hamda natijasini oldindan ko‘ra oladigan shaxs hisoblanadi.

Tadbirkorlikni oila a'zolari bilan birgalikda boshlash amaliyotda o‘z samarasini ko‘rsatib kelmoqda. Ushbu yo‘nalishda “Har bir oila tadbirkor” davlat dasturi asosida Agrobank ATB, Mikrokreditbank ATB, Xalqbanki ATB tomonidan kreditlar ajratilmoqda.[1]

Ushbu dastur doirasida kreditlar oilaviy tadbirkorlikning har qanday turiga (masalan, issiqxona tashkil etish, parrandachilik, xizmat ko‘rsatish, tikuvchilik) shartnomaga asosan pul ko‘chirish yo‘li bilan quyidagi shartlarda ajratiladi:

  • jismoniy shaxslarga - 33 million so‘mgacha
  • davlat ro‘yxatidan o‘tgan kichik tadbirkorlik sub'ektlariga - 225 million so‘mgacha
  • investision loyihalar uchun - 225 million so‘mdan ortiq
  • kredit foizi: 14 foiz
  • muddati: 3 yilgacha
  • imtiyozli davr: 6 oygacha

Tadbirkorlik sub'ektlariga ajratiladigan kreditlar ushbu kredit hisobiga amalga oshiriladigan loyihaning biznes-rejasiga muvofiq o‘zini o‘zi qoplash jihatlaridan kelib chiqib 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 5 yil muddatgacha ajratilishi mumkin. Bunda berilayotgan imtiyozli davr va kreditni qaytarish muddati batafsil asoslantirilishi kerak.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 27 martdagi PQ-5041-son “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq kreditlar bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga sektor rahbarlari va tuman (shahar) Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazining asoslantirilgan va natijadorligi aniq hisob-kitob qilingan holdagi xulosasi asosida berilishi mumkin.

Bugungi kunda, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar bo‘yicha arizalarni qabul qilish Yagona elektron platformasi oilakredit.uz ishga tushirilgan.

Ushbu platformada arizalarni yuborish 4 bosqichda amalga oshiriladi:

  1. Shaxsiy ma'lumotlarni kiritish.
  2. Qarzdor bilan bog‘lanish uchun ma'lumotlarni kiritish.
  3. Olinayotgan kredit bo‘yicha ma'lumotlarni kiritish.
  4. Ariza tartib raqami (ID) raqamini saqlab qo‘yish.
Masalan, agar iste'molchi o‘z tomorqasida issiqxona qurish uchun kredit olmoqchi bo‘lsa, kredit olish uchun oilakredit.uz platformasida ariza berish ushbu videotahlilda[2] batafsil tasvirlangan ketma-ketlikda amalga oshiriladi.

Agar fuqaro dastur doirasida jismoniy shaxslarga ajratiladigan kredit miqdoriga nisbatan ko‘proq kredit olish istagida bo‘lsa, o‘z faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi va qo‘shimcha hujjatlar taqdim etishi zarur bo‘ladi. Bu bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni hududdagi tegishli tijorat banki orqali (Agrobank ATB, Mikrokreditbank ATB, Xalq banki ATB) olishingiz mumkin.

[1] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 07.06.2018 yildagi PQ-3777 – sonli “Har bir oila-tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risida” qarori

“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (ro‘yxat raqami 3022, 2018 yil 9 iyun')




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Yoshlar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar

Yoshlar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalaning

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalaning

Oilaviy tadbirkorlik

Oilaviy tadbirkorlik

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X