Oilaviy mehmon uylarini tashkil etish

Oxirgi yangilanish:  23 Sen 2021 15:14
3554
Oilaviy mehmon uylarini tashkil etish
13

Deylik, yashab turgan uyingizda oilaviy mexmon uyi tashkil etib faoliyat yuritmoqchisiz. Mehmonxona uchun zarur narsalarni olish maqsadida bankdan 100 mln. so‘m miqdorida kredit olmoqchisiz. Ammo, sizda kredit olish uchun garov ta'minoti yo‘q.

Bu borada qulay kredit takliflari va kredit olish tartiblari qanday? Garovsiz ham mehmon uy tashkil etish maqsadida kredit olish imkoniyati bormi? 

Ushbu savollarni quyida ko‘rib chiqamiz.

Bir necha yillarda buyon mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish, mintaqalarning turistik salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, dam olish va turizm uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shuningdek, turizm xizmatlari ko‘rsatish sohasida yangi ish o‘rinlarini tashkil etish maqsadida ushbu sohadagi tadbirkorlik sub'ektlari uchun ko‘plab imkoniyat va imtiyozlar yaratilgan. Eng muhimi ushbu imkoniyatlardan foydalanish uchun katta mehmonxona ochishga zaruriyat yo‘q. Buning uchun ishni oilaviy mehmon uylaridan boshlash mumkin.

Oilaviy mehmon uyi (yoki mehmon uyi) – bu bir vaqtning o‘zida 10 kishigacha bo‘lgan mehmonlarga (turistlar, tashrif buyuruvchilar) xizmat ko‘rsatuvchi uy-joy (hostel) hisoblanadi. Bunda, ushbu uy-joyning egasi o‘z oila a'zolari bilan birgalikda mazkur xususiy uy-joyda istiqomat qilishi va har bir yashovchiga 3 m2 hisobidan to‘g‘ri keladigan zaruriy turar joy maydoniga ega bo‘lishi zarur.

Bunday tadbirkorlik faoliyati xususiy tadbirkorlar yoki oilaviy tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan amalga oshiriladi.

Xususiy turar-joyni mehmon uyiga aylantirish uchun quyidagi uch talab bo‘yicha shart-sharoitlar yaratilishi lozim [1]:

  1. Tashrif buyuruvchilar (turistlar) uchun sanitariya-gigiena qulayliklarini tashkil etish.
  2. Tashrif buyuruvchilarning (turistlarning) xavfsizligini ta'minlash.
  3. Tashrif buyuruvchilarning (turistlarning) qulay va yaxshi yashashlari uchun sharoitlar tashkil qilish.

Turar-joy binosini o‘rnatilgan tartibda talabga javob beradigan holatga keltirgandan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga oilaviy mehmon uyini ro‘yxatga olish uchun ariza bilan murojaat qilinadi.

Ariza va unga ilova qilingan barcha hujjatlar to‘liq hamda mehmon uyi talablarga muvofiqligi bo‘yicha Qo‘mita tomonidan o‘rganib chiqiladi. Barcha talablar bajarilganda umumiy to‘rt ish kuni ichida individual reestr raqami beriladi va arizachiga Mehmon uylari reestridan ko‘chirma topshiriladi.

Shu bilan bir qatorda, mehmon uyini tashkil etish faoliyati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub'ektlariga quyidagi soliq imtiyoz va preferensiyalari taqdim etiladi:

  • yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilish;
  • ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida belgilash (aslida 12 foiz)

Agar mehmon uyi tashkil etish uchun o‘z mablag‘laringiz yetarli bo‘lmasa, tijorat banklari Oilaviy mehmon uylari va xostellar yagona reestriga kiritilgan xususiy tadbirkorlar va oilaviy tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini tashkil etishi (turar-joyni ta'mirlash, jihozlash) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobarigacha miqdorda (73 500 000 so‘mgacha), besh yil muddatga, shu jumladan ikki yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratadi. Kreditlar tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda o‘rnatiladigan bozor stavkalarida ajratiladi. Mazkur kreditga hisoblangan foiz harajatlarining bir qismi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensasiya qilish imkoniyati mavjud.

Kredit ta'minoti uchun quyidagilarni taqdim etish imkoniyatingiz mavjud:

  • Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kafilligi;
  • Kredit qaytmasligi xataridan sug‘urta polisi;
  • Uchinchi shaxs (yuridik shaxs) kafilligi;
  • Ko‘char va ko‘chmas mulklar.

[1] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 07.08.2018 yildagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 631-sonli qarori




Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Yoshlar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar

Yoshlar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalaning

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalaning

Oilakredit.uz platformasi orqali kreditlar ajratish tartibi tasdiqlandi

Oilakredit.uz platformasi orqali kreditlar ajratish tartibi tasdiqlandi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X