Respublikamizning chekka tumanlarida aholining kiberjinoyatlar qurboniga aylanishining oldini olish, banklarga bo‘lgan ishonchini hamda raqamli moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
Markaziy bank tomonidan navbatdagi o‘quv-trening tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo, Nukus, Kegeyli, Shumanay va Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir, Xiva, Yangibozor, Yangiariq tumanlarida o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlarida 446 nafar xotin-qizlar, 174 nafar yoshlar, 18 nafar tadbirkor, 18 nafar hokim yordamchilari hamda 133 nafar mahalla faollari ishtirok etishdi.
Treninglar davomida Markaziy bank va tijorat banklari mutaxassislari tomonidan aholini tadbirkorlikka jalb qilish, jumladan, o‘zini-o‘zi band qilishda yaratilgan mikromoliyaviy xizmatlarning imkoniyatlari, imtiyozli kreditlash dasturlari, ijobiy kredit tarixini shakllantirishda mas’uliyatli qarz olishning ahamiyati, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish shuningdek, moliyaviy xavfsizlikning asosiy qoidalari kabi mavzularga alohida e’tibor qaratildi.
Respublikamizning chekka tumanlarida aholining moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan o‘quv-tadbirlari davom etmoqda.