Markaziy bank joriy yil 22-28 mart kunlari dunyoda o‘tkaziladigan “Umumjahon pul haftaligi”ni (“Global Money Week) O‘zbekiston Respublikasida tashkillashtirish ustida ish boshladi.
Joriy yil 18 fevral sanasida Markaziy bank tomonidan ushbu kampaniyani tashkil etish yuzasidan tijorat banklari vakillari bilan muhokama olib borildi. Butunjahon pul haftaligi doirasida butun respublika miqyosida keng ko‘lamli ta'lim va ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Markaziy bank O‘zbekistonda “Umumjahon pul haftaligi” doirasida amalga oshiriladigan barcha tadbirlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha mas'ul hisoblanadi.
Barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlarni “Umumjahon pul haftaligi” (Global Money Week) kampaniyasini olib borishda ishtirok etishga taklif qilamiz.
Ma'lumot uchun: Global Money Week – bolalar va yoshlarning moliya bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga bag‘ishlangan har yili o‘tkaziladigan global ta'lim kampaniyasi. Moliyaviy ta'limning hamda bolalar va yoshlarni moliya sohasiga jalb qilishning muhim ahamiyati to‘g‘risida xabardorlikni oshirish maqsadida butun dunyodan turli mamlakatlar ishtirok etishadi. 2020 yilda ushbu tadbirni olib borishda 175 mamlakat ishtirok etdi.