2023-yil uchun moliyaviy taqvim: nimalarni e'tiborga olish kerak?

Oxirgi yangilanish:  27 Yan 2023 14:22
595
2023-yil uchun moliyaviy taqvim: nimalarni e'tiborga olish kerak?
1
Yanvar

Moliyaviy reja tuzish. Sayohat, o‘yin - kulgi yoki kundalik gazlangan ichimliklarga qilinadigan kutilmagan xarajatlarni oldini olish uchun ularni rejalashtirgan yaxshi. Siz bir oy yoki butun bir yil uchun reja tuzishingiz mumkin.

Masalan, birinchi navbatda taxminiy daromadlaringizni yozing va kamida uning 10 foizini jamg‘arma uchun ajrating. Qolgan summadan majburiy xarajatlarni (kredit uchun to‘lovlar (agar mavjud bo‘lsa), kommunal to‘lovlar, oziq-ovqat, transport, maishiy xaridlar uchun taxminiy xarajatlar) chegirib tashlang. Qolgan pullar moliyaviy maqsadlar uchun jamg‘armalar o‘rtasida taqsimlanishi mumkin. Shuningdek, o‘yin-kulgi uchun sarflanadigan xarajatlarni ham unutmang.

Xarajatlaringizni butun yil davomida yozib yurishga harakat qiling yoki hech bo‘lmaganda ularni mobil bank ilovasida kuzatib boring. Agar siz biron bir sohada rejalashtirganingizdan ko‘proq xarajat qilayotganingizni ko‘rsangiz, unda xarajatlarni kamaytirishingiz yoki moliyaviy rejangizni o‘zgartirishingiz mumkin.

Moliyaviy chellendjni boshlash. Yilning birinchi oyi moliyaviy maqsadlarni belgilash va pul jamg‘arishni boshlash uchun ajoyib vaqt. Quyida pul jamg‘arish texnikasi bo‘yicha ba'zi fikrlar bilan bo‘lishamiz:

  • haftasiga 100 000 so‘mdan pul tejashni boshlang va har safar bu miqdorga 50 000 so‘m qo‘shing: birinchi hafta – 50 000 so‘m, ikkinchisi – 100 000 so‘m; uchinchisi – 150 000 so‘m va hokazo;
  • kartangizga tushgan har bir summaning 10 foizini jamg‘arma uchun ajrating. Bu o‘zingiz uchun deyarli sezilmaydigan tarzda pul jamg‘arishning klassik usulidir;
  • moliyaviy yostiqni shakllantirishni boshlang - kutilmagan vaziyatlar uchun doimo zaxirangiz borligini bilish juda yoqimli his;
  • odatlarni buzganingiz uchun o‘zingizga jarima summasi to‘lang. Masalan, chekishni yoki shirinliklar iste'mol qilishni tashlashga ahd qilgansiz.

Har safar ahdingizni buzganingizda onlayn depozit uchun 30 000 so‘m ajrating. Natijada, yoki yomon odat bilan kurashasiz, yoki onlayn depozitda ma'lum bir miqdorda pul jamg‘arib qo‘yasiz.

Ichki turizmni rejalashtirish. «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida Respublika hududlari bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xarajatlarining bir qismi qaytarib berilishi ko‘zda tutilgan [1].

Keshbek olish uchun quyidagilarni amalga oshirish kerak:

  • Soliq.uz mobil ilovasini yuklab olasiz;
  • mobil ilova xizmatidan foydalanish uchun FaceID orqali shaxsingizni tizimda tasdiqlaysiz;
  • sayohat yo‘nalishini va boshlanish sanasini tanlaysiz;
  • keshbeklarni yig‘ish uchun fiskal cheklarni skanerlash orqali avia, temir yo‘l yoki avtobus biletlarini ilovaga kiritasiz;
  • maroqli sayohatdan so‘ng "Sayohatni tugatish" tugmasini bosasiz va yig‘ilgan keshbek summalarini shaxsiy mahalliy bank plastik kartasiga o‘tkazasiz.
Bu qanday ishlaydi?

Keshbek tizimi Davlat soliq qo‘mitasining maxsus mobil ilovasi (Soliq.uz) bilan integratsiya qilingan bo‘lib, xarajatlar haqqoniyligi mobil ilova yordamida tekshirilib, xarid chekining shtrix kodini (QR-kod) hamda mahalliy turistlarning doimiy yashash joylarini ko‘rsatish orqali sayohatlar ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Agar sayyoh samolyot, poezd yoki avtobusdan foydalansa, madaniy tashkilotlar va mehmonxonalarga tashrif buyursa, sayohat xarajatlari butun sayohat davomida qoplanadi.

Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:

  • aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • temir yo‘l yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming so‘mdan oshmagan miqdorda.
Fevral

8 martga tayyorgarlik. Mart oyining birinchi haftasi ish haftasi bo‘lib, undan so‘ng Xalqaro xotin-qizlar kuni nishonlanadi. Navbatda turmaslikni oldini olish maqsadida ayollar uchun sovg‘alarni oldindan rejalashtirib, sotib olish yaxshiroqdir.

Mart

Butunjahon iste'molchilar huquqlarini himoya qilish kuni. Har yili 15 martda butun dunyoda Butunjahon iste'molchilar huquqlarini himoya qilish kuni nishonlanadi. Iste'molchilar huquqlari, ularning mohiyati, tartibga solinishi va himoya qilish usullari haqidagi bilimlar moliyaviy ta'limning ajralmas qismidir. Shunday ekan, har doim bank xizmatlaridan foydalanishdan oldin shartnomani o‘qishni unutmang.

Umumjahon pul haftaligi (Global Money Week)

Markaziy Bank, tijorat banklari, umumta'lim va oliy ta'lim muassasalari tomonidan to‘rtinchi marotaba o‘tkaziladigan xalqaro ta'lim kampaniyasi. Haftaning shiori "O‘rganing. Jamg‘aring. Ishlab toping."

Hafta davomida turli tanlovlar, olimpiadalar, moliyaviy savodxonlik chempionatlari, ochiq darslar, viktorinalar, vebinarlar, onlayn treninglar va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkaziladi. Siz va do‘stlaringiz qimmatbaho sovg‘alar yutib olish imkoniyatiga ega bo‘lishni istasangiz, ijtimoiy tarmoqlardagi @finlituzb sahifalarining e'lon va yangiliklarini kuzatib boring.

Aprel

Taraqqiyot va tinchlik uchun xalqaro sport kuni

Siz hali ham sport bilan muntazam shug‘ullanishni boshlamagan bo‘lsangiz, ushbu kun sport

bilan shug‘ullanishni boshlash uchun yaxshi sabab bo‘la oladi. Muntazam jismoniy faollik stressni kamaytiradi, kayfiyatni yaxshilaydi va odamning mehnat samaradorligini oshiradi. Sosiologlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanadigan odam qiyin hayotiy vaziyatlarga 2-3 baravar yaxshiroq dosh beradi, shaxsiy rivojlanishida 15-20% faolroq, yuqori ijodiy faollikka ega, muloqotga yaxshi kirishadi, o‘ziga ko‘proq ishonadi, yaxshi natijalarga erishishga intiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash kuni

Salomatlik ham xuddi ko‘chmas mulk, depozit yoki qimmatli qog‘ozlar kabi aktivdir. Agar siz unga to‘g‘ri g‘amxo‘rlik qilsangiz, yaxshi daromad olasiz: mustahkam sog‘liq, samaradorlikni oshirish, ko‘p yillik faol va baxtli hayot. Buning uchun esa sizga quyidagilarni tavsiya etamiz:

  • yomon odatlardan xalos bo‘ling (chekish, spirtli ichimliklar iste'mol qilish) ;
  • yiliga bir marta umumiy tekshiruvdan o‘ting: terapevt, qondagi glyukoza va xolesterin testlari, ko‘krak qafasi rentgenogrammasi;
  • tishlaringizni o‘z vaqtida tish shifokoriga tekshirtiring va davolating;
  • mavsumiy kasalliklarga qarshi emlaning.

Ushbu tavsiyalarga amal qilsangiz, nisbatan kam miqdorda mablag‘ sarflab, sezilarli darajada xavflarni kamaytira olasiz hamda byudjetingizni rejalashtirilmagan xarajatlardan saqlab qolasiz.

Soliqlarni to‘lash. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 423-moddasiga muvofiq jismoniy shaxslar mol-mulk solig‘ini 15-aprel va 15-oktyabrgacha teng ulushlarda to‘lashlari shart. 15-aprelga qadar jismoniy shaxslar mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashlari kerak. Kechiktirilgan to‘lov uchun jarimalar shaxsiy yoki oilaviy byudjetga ta'sir qilishi mumkin.

Soliq mobil ilovasi, "My.soliq.uz" veb-saytidagi shaxsiy kabinet, mobil bank ilovalari yoki bank filiallariga tashrif buyurgan holda kvitansiya rekvizitlari yordamida mol-mulk solig‘ining umumiy miqdorini bilib olishingiz mumkin.

May

Ta'tilni rejalashtirish. Sayohatlar, katta xaridlar va kunlik muzqaymoq iste'moli kabi narsalar uchun yuzaga keladigan yozgi xarajatlarni oldini olish uchun ularni oldindan rejalashtirish foydaliroqdir. Siz bir vaqtning o‘zida bir oy yoki butun yoz uchun reja tuzishingiz mumkin.

Masalan, avval taxminiy daromadlaringizni yozing va darhol uning kamida 10 foizini moliyaviy zaxira uchun ajrating. Qolgan summadan majburiy xarajatlarni (kreditlar, kommunal to‘lovlar, oziq-ovqat, transport, maishiy xaridlar uchun taxminiy xarajatlar) olib tashlang. Qolgan pullar moliyaviy maqsadlar uchun jamg‘armalar va passiv daromad manbalari (masalan, bank depoziti) o‘rtasida taqsimlanishi mumkin va, albatta, o‘yin-kulgi uchun sarflanadigan xarajatlarni ham unutmang.

Yoz davomida xarajatlaringizni yozib olishga harakat qiling yoki hech bo‘lmaganda ularni bank ilovasida kuzatib boring.

Iyun

Qish mavsumiga tayyorgarlik. Yoz - meva-sabzavotlar g‘arq pishadigan mavsum. Agar sizning oilangiz qish uchun zaxira oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlasa, ushbu xarajatlar uchun byudjetingizdan alohida band ajrating va oqilona rejalashtiring.

Soliq imtiyoziga ega bo‘lish uchun hujjatlarni topshiring. Agar siz o‘zingiz, farzandlaringiz yoki 26 yoshga to‘lmagan turmush o‘rtog‘ingiz uchun ish haqi yoki boshqa daromadlar hisobiga O‘zbekistonning kasb-hunar va oliy ta'lim tashkilotlarida ta'lim olishi uchun pul to‘lagan yoki to‘layotgan bo‘lsangiz, bu daromadlarga soliq solinmaydi. Imtiyoz ta'lim krediti va uning foizlari uchun sarflangan daromadlarga ham qo‘llaniladi.

Agar oldingi yillarda ish bilan band bo‘lganingizda, siz shartnomani o‘zingiz to‘lagan bo‘lsangiz (naqd pul yoki bank kartasi orqali), siz soliq organiga jami yillik daromad deklaratsiyasi va kerakli hujjatlarni taqdim etish orqali to‘langan daromad solig‘ini qaytarishingiz mumkin.

Июль

Yarim yil yakunlarini sarhisob qilish. 2023-yilning to‘liq yarmi o‘tdi va yil yakuniga qadar yana shuncha muddat qoldi. Ushbu oyda moliyaviy natijalarni sarhisob qiling: qancha pul topdingiz, nimalarga sarfladingiz, qanday xarajatlardan voz kechishingiz mumkin edi, kredit uchun yana qancha to‘lash kerak, moliyaviy maqsadlaringizga erishishning qaysi bosqichidasiz?

Bularning barchasi to‘g‘ri moliyaviy rejalashtirish uchun muhimdir. Hisob-kitobni to‘g‘ri yuritish va byudjet nazorati moliyaviy farovonlikka olib keladi.

Avgust

Bolalarni maktabga tayyorlash mavsumining boshlanishi. Yozning oxiriga qadar oz muddat qoldi va do‘konlarda maktab bozori allaqachon davom etmoqda. Tovarlarning keng assortimenti bo‘lmasa-da, siz navbatlarsiz, shoshilmasdan to‘g‘ri narsalarni sotib olishingiz, shuningdek, bolalarga hamma narsani oxirgi daqiqaga qoldirmaydigan inson sifatida foydali namuna bo‘lishingiz mumkin.

Bayram kunlarida safar rejalashtirish. Sentyabr oyida biz uch kunlik - 1 sentyabrdan 3 sentyabrgacha dam olish kunlarini kutmoqdamiz. Bu Respublika yodgorliklari va qadimiy shaharlari tarixini o‘rganish uchun ajoyib sabab. Ularga oldindan tayyorgarlik ko‘rish kerak: chiptalar sotib olish, mehmonxonani oldindan band qilish yoki tashrif buyurmoqchi bo‘lgan do‘stlar va qarindoshlar bilan oldindan kelishib olish maqsadga muvofiqdir.

Oktyabr

Butunjahon jamg‘arma kuni. Jamg‘arma va jamg‘arma ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan ikkinchi xalqaro ta'lim kampaniyasi. Ushbu kun doirasida Markaziy bank bir qancha tashkilotlar bilan birgalikda butun O‘zbekiston bo‘ylab ma'rifiy tadbirlar o‘tkazadi. E'lonlar va yangiliklar Finlit.uz veb-sayti hamda @finlituzb ijtimoiy tarmoq sahifalarida joylashtiriladi.

Soliqlarni to‘lash. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 423-moddasiga muvofiq jismoniy shaxslar mol-mulk solig‘ini 15-aprel va 15-oktyabrgacha teng ulushlarda to‘lashlari shart. 15-oktyabrga qadar jismoniy shaxslar mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashlari kerak. Kechiktirilgan to‘lov uchun jarimalar shaxsiy yoki oilaviy byudjetga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Soliq mobil ilovasi, "My.soliq.uz" veb-saytidagi shaxsiy kabinet, mobil bank ilovalari yoki bank filiallariga tashrif buyurgan holda kvitansiya rekvizitlari yordamida mol-mulk solig‘ining umumiy miqdorini bilib olishingiz mumkin.

Dekabr

Yangi yil uchun sovg‘alar ro‘yxatini tuzish. Dekabrning birinchi dam olish kunlari kimga va qanday miqdorda sovg‘alar berishni aniqlab olish uchun qulay bir fursat. Siz ularni onlayn-do‘konda oldindan buyurtma qilishingiz yoki oddiy savdo markazida shoshilmasdan va hech qanday navbatlarsiz sotib olishingiz mumkin. Shu bilan birga, albatta, yangi yil atmosferasidan ham zavqlaning.

Kelgusi yil uchun moliyaviy maqsadlarni belgilash. Rejalar tuzing, o‘zingizga va'da bering hamda oldigizga aniq maqsadlar qo‘ying. Bularning barchasi kelgusi yilda moliyaviy bilimlaringizni yaxshilanishiga, pul jamg‘arishni oshirishga va xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi. Quyida siz bilan kelgusi yil uchun qo‘yiladigan ba'zi maqsadlarni bo‘lishamiz:

  • kimda hali mavjud bo‘lmasa xavfsizlik yostig‘ini shakllantirish – ishdan bo‘shatilish yoki kasallik holatlari uchun kamida 6-12 oylik ish haqi;
  • katta maqsad qo‘yish (masalan, mashina sotib olish) va yanvar oyidan boshlab maqsadga erishish uchun pul jamg‘arish;
  • kutilmagan xarajatlardan voz kechish (masalan, uydan tashqarida ovqatlanish, kerak bo‘lmagan kiyim-kechaklar xaridi);
  • yomon odatdan voz kechish hamda tejalgan pulga foydali va kerakli narsa sotib olish;
  • moliyaviy rejani yuritish va xarajatlarni hisoblashni boshlash.

Yilning moliyaviy natijalarini sarhisob qilish. Moliyaviy rejani oching va unda nimalar amalga oshgan, nimalar o‘xshamaganligini tahlil qiling. Mobil bank ilovasi orqali xarajatlarni ko‘rib chiqing va ularni qanday kamaytirish mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring. Moliyaviy muvaffaqiyatingiz uchun o‘zingizni maqtang – ularni har doim topishingiz mumkin. Investisiya va depozitlar yordamida qancha pul to‘plaganingizni va ishlaganingizni hisoblang. Ko‘proq pul topish imkoniyatlari bo‘lgan yoki bo‘lmaganligi haqida o‘ylab ko‘ring. Va, albatta, kelgusi yil uchun moliyaviy reja kuzatuvlarini amalga oshiring.

Kalendarimga yana nimalarni qo‘shishim mumkin?

Kredit va kommunal xizmatlar bo‘yicha to‘lovlar

Kreditlar bo‘yicha to‘lov kuni kelganda pulsiz qolmaslik uchun xarajatlarni hisoblash muhimdir. Ikki yoki uchta zaxira hisobiga ega bo‘lish va uni faqat o‘ta zarur hollarda ishlatish tavsiya etiladi.

Shuningdek, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash kerakligini unutmang. Agar siz kommunal xizmatlarni o‘z vaqtida to‘lamasangiz, qarzni to‘lamaguningizcha undan foydalana olmaysiz. Masalan, hozirgi vaqtda zamonaviy tabiiy gaz hisoblagichlaridan foydalanilyapti. Bu kabi hisoblagichlar shaxsiy hisobingizdagi pul miqdori tugashi bilan avtomatik ravishda bloklanadi. Tasavvur qiling-a, agar bunday vaziyat qishda sodir bo‘lsa, nimalar yuz beradi? Uyingiz sovib ketadi, issiq suv bo‘lmaydi (agar uning mavjudligi gaz qozonining ishlashiga bog‘liq bo‘lsa), natijada oila a'zolaridan biri kasal bo‘lib qolishi mumkin. Bu sog‘lig‘ingizga jismoniy zarar yetkazishi bilan birga, oilangiz byudjetiga ham moliyaviy zarar keltiradi.

Do‘stlar va yaqinlarning tug‘ilgan kunlari

Va siz uchun muhim bo‘lgan boshqa bayramlar. Sovg‘alar xaridini oldindan rejalashtirish yaxshiroqdir. Agar sizning moliyaviy rejangiz bo‘lsa, unda bu kabi xarajatlarni unga kiritishni unutmang.


[1]https://uzbektourism.uz/ru/news/view?id=2355





Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Oilaviy budjet

Oilaviy budjet

Talabalar uchun soliq imtiyozi

Talabalar uchun soliq imtiyozi

Pulni tejashda odamlarning 5 ta xatosi

Pulni tejashda odamlarning 5 ta xatosi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X