Sayohatni rejalashtirishdan oldin nimalarga e'tibor qaratish kerak? 10 ta moliyaviy maslahat

Oxirgi yangilanish:  14 Iyul 2022 10:58
649
Sayohatni rejalashtirishdan oldin nimalarga e'tibor qaratish kerak? 10 ta moliyaviy maslahat

Safaringiz yoqimli va samarali taassurotlarga boy bo‘lishi uchun tashkiliy masalalarni oldindan o‘ylab qo‘yish kerak. Deylik, safar chog‘ida siz moliyaviy munosabatlarga albatta duch kelasiz. Masalan, mahalliy do‘konlarda sayr qilishni, esdalik sovg‘alari sotib olishni yoki sizga yoqqan restoranda shunchaki choychaqa qoldirishni xohlaysiz...

Xarajatlarni qisqartirish va sayohatdan oldin qanday vaziyatlarga tayyor bo‘lish borasida sizga 10 ta moliyaviy maslahatni taqdim etamiz:

1. To‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlarini oldindan o‘rganib chiqing. Ko‘pchilik mashhur sayyohlik o‘lkalarida karta orqali to‘lovlarni erkin amalga oshirishingiz yoki bankomatdan pul yechib olishingiz mumkin. Ammo ayrim mamlakatlarda sayohat vaqtida qiyinchiliklar paydo bo‘lishi mumkin. Misol uchun, valyuta ayirboshlash faqat bank ofislari orqali amalga oshirilishi yoki mahalliy do‘konlar bankomatlar va to‘lov terminallari bilan yetarlicha ta'minlanmagan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, sayohat amalga oshiriladigan kunlar o‘sha davlatning milliy bayram sanalariga to‘g‘ri kelmasligiga amin bo‘ling, chunki bayram kunlari savdo nuqtalari yoki bank ofislari ishlamasligi mumkin.

2. Valyuta kurslarini solishtiring. Sayohatga boriladigan mamlakatda valyuta kursi qanday ekanligini aniqlang. Ba'zi hollarda, jo‘nashdan oldin so‘mni yevro (€) yoki dollarga ($) almashtirish va ularni joyida o‘sha mamlakatning milliy valyutasiga almashtirish foydalidir. Shuningdek, siz mahalliy banklardan bormoqchi bo‘lgan mamlakatingiz valyutasini sotib olish imkoni bor yoki yo‘qligini tekshirib ko‘ring.

3. Pullaringizni naqdlashtiring. Sayohat vaqtida pulingizni ikki xil ko‘rinishda – naqd va naqdsiz bank kartasida saqlashingiz maqsadga muvofiq. Kichkina va kutilmagan xarajatlar uchun kichik miqdordagi naqd valyutalarni (masalan, choychaqa uchun 1-2 dollarlik banknotalarni) olib yurishingizni maslahat beramiz. Mahalliy do‘konlarda tovarlar narxini taqqoslashingiz uchun valyuta konvertasiyasini amalga oshiruvchi mobil ilovalarni ham har ehtimolga qarshi o‘rnatib oling.

4. Bankomatlarning joylashuv joyi to‘g‘risida va ulardan foydalanish qanchalik xavfsiz ekanligini bilib oling. Google Maps yoki maxsus mobil ilovalardan foydalangan holda yashash joyingiz yaqinida bankomatlar mavjudligini aniqlashingiz mumkin. Xavfsizlik nuqtai nazaridan bank filiali, mehmonxona yoki savdo markazining himoyalangan hududida joylashgan bankomatdan foydalanish maqsadga muvofiq.

5. Komission to‘lovlar miqdorini aniqlang. Xorijdagi siz foydalanmoqchi bo‘lgan bankomatlar naqd pul yechib olish va xaridlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda qancha miqdorda komissiya olishiga qiziqish bildiring. Buni bankning Call-markaziga qo‘ng‘iroq qilish orqali ham amalga oshirish mumkin. Ayrim banklar qulay kurslar bo‘yicha xaridlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish yoki chet elda kartadan komissiyasiz naqd pul yechib olish imkonini beruvchi bank kartalarni ochishni taklif qiladi. Shuningdek, karta bo‘yicha amalga oshiriladigan operatsiyalar soni yoki pul miqdori bo‘yicha cheklovlar mavjudligini oldindan bilib olganingiz ma'qul.

6. Bir nechta xalqaro bank kartalarini oching. Ba'zida to‘lov tizimlarida texnik nosozliklar yuzaga keladi va bu sizni chet elda mablag‘siz qolishingizga ham sabab bo‘lishi mumkin. Siz bormoqchi bo‘lgan davlatda qaysi xalqaro to‘lov tizimi eng ommabop ekanligini oldindan aniqlang. Shuningdek, kutilmagan vaziyatlarda qarindoshlaringiz va yaqinlaringiz kartangizga pul o‘tkazmalarini amalga oshirishlari uchun ularga karta ma'lumotlaringizni qoldirishni maslahat beramiz.

7. Bank mobil ilovasini yuklab oling. Bankning mobil ilovasini smartfoningizga o‘rnating hamda bankning aloqa raqamini saqlab qo‘yishni unutmang. Mobil ilova orqali siz kartangizdagi mablag‘larni monitoring qilishingiz, kartadan kartaga to‘lovlarni amalga oshirishingiz yoki bo‘lmasa sayohat davomida o‘z kredit, internet, kommunal xizmatlar va boshqalar uchun to‘lovlarni amalga oshirishingiz mumkin. Bundan tashqari, to‘satdan bank kartangiz yo‘qolganda yoki o‘g‘irlanganda mobil ilova uni darhol bloklash imkoniyatini ham taqdim etadi.

8. Mobil operatoringizning rouming tariflarini bilib oling. Agar siz ta'til paytida ham ishlasangiz, xarajatlaringizning katta qismi aloqa va internet xizmatlari uchun to‘g‘ri kelishi mumkin. Uyali aloqa operatoringiz tariflarini yoki sayohat qilinadigan mamlakatda amal qiluvchi aloqa operatorining SIM-kartasini olish shartlarini ko‘rib chiqishingizni maslahat beramiz. Chunki mahalliy internetdan foydalanish bir muncha arzon va foydali bo‘lishi mumkin.

9. Diqqatga sazovor joylarni tomosha qilish uchun turistik kartalar va chegirmalarni qidiring. Sayohat qilish uchun diqqatga sazovor joylar ro‘yxatini tuzganingizdan so‘ng, ular uchun chegirma va imtiyozlar mavjud yoki yo‘qligini tekshirib ko‘ring. Aksariyat muzeylar talabalar uchun chegirmalarni taklif qiladi. Ko‘pgina joylarda muzeylarga kirish uchun yagona chipta va turistik kartalar sotiladi. Ular yordamida asosiy diqqatga sazovor joylarni ko‘rish va shahar bo‘ylab harakatlanish birmuncha arzonroq bo‘ladi. Bundan tashqari siz uzun navbatlarda turishdan ham xalos bo‘lishingiz mumkin. Diqqatga sazovor joylarning rasmiy sayti orqali ularga kirish uchun to‘lovsiz kunlar (soatlar) bor yoki yo‘qligini bilib oling.

10. Xarajatlarni to‘g‘ri taqsimlang. Ko‘pincha dam olishga borilganda har xil vaziyatlarni inobatga olgan holda iloji boricha ko‘proq pul olib ketishga harakat qilinadi. Sayohat davomida oila a'zolariga sovg‘alar olish, restorandan qo‘shimcha taom olish, ko‘ngilochar o‘yinlarda ishtirok etish va shu kabi kutilmagan xarajatlar ko‘payib ketadi. Natijada ta'tildan qaytganingizdan so‘ng mablag‘laringiz kamligi sababli o‘z xarajatlaringizni amalga oshirishda qiyinchiliklar yuzaga keladi. Shuning uchun, safarga ketishdan oldin o‘z mablag‘laringizni bir qismini uyda qoldiring va u keyingi daromadingizga qadar xarajatlaringiz uchun kerak bo‘ladi.




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Oilaviy budjet

Oilaviy budjet

Talabalar uchun soliq imtiyozi

Talabalar uchun soliq imtiyozi

Pulni tejashda odamlarning 5 ta xatosi

Pulni tejashda odamlarning 5 ta xatosi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X