Shrift hajmi: A A
Sayt rangi: A A

Soliqlar, jarimalar, kommunal to‘lovlar va boshqa to‘lovlarni uydan chiqmasdan turib qanday to‘lash mumkin.

Oxirgi yangilanish:  31 Okt 2022 11:06
7502
Soliqlar, jarimalar, kommunal to‘lovlar va boshqa to‘lovlarni uydan chiqmasdan turib qanday to‘lash mumkin.
1

Ko‘pgina doimiy xarajatlarni kechiktirib yoki bekor qilib bo‘lmaydi, jumladan: kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar, soliqlar, jarimalar, kreditlar va boshqalar. Ushbu to‘lovlar uchun pulni tejab bo‘lmaydi, lekin ularga sarflanadigan vaqtni tejasa bo‘ladi. Quyida buni qanday qilib bajarishni tushuntiramiz.

Deyarli barcha moliya va davlat tashkilotlari mobil ilovalar orqali pul o‘tkazmalarini qabul qilishadi. Tijorat banklari ham mobil ilovalar orqali turli hil xizmatlar uchun masofaviy to‘lovalarni taklif qilishadi. Biroq, ushbu ko‘rsatiladigan xizmat uchun olinadigan komission haq miqdoriga e'tibor berishni unutmang. Odatda, bir xizmat turi uchun olingadigan komission to‘lov miqdori xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga qarab har xil bo‘lishi mumkin.

Keling, qanday xizmatlarni masofadan turib to‘lash mumkinligini va buni qanday qilish qulayroq ekagligini batafsil ko‘rib chiqamiz.

Uy-joy kommunal xizmatlari

To‘lov kvitansiyasi boshqaruv kompaniyasi yoki xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot, to‘lovchining shaxsiy hisob raqami, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot rekvizitlari va to‘lov summasi haqidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalari orqali kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati mavjud.

Mobil ilova yordamida kommunal to‘lovlarni qanday to‘lash mumkin?

Mobil ilovada xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘limidan kerakli xizmat turini tanlang va o‘zingizga tegishli to‘lovchi hisobraqamini kiriting. Birinchi to‘lovdan keyin siz chekni saqlab qo‘yishingiz va keyingi to‘lovlarni shu asosida amalga oshirishingiz (qarz miqdori bo‘yicha ma'lumotlar avtomatik ravishda elektron to‘lov shakliga yuklanadi) yoki to‘lov uchun boshqa ixtiyoriy summani ko‘rsatishingiz mumkin. Keyingi bosqichda to‘lov uchun pul yechib olinadigan kartani tanlang va yana bir bor ma'lumotlarni tekshirib ko‘rganingizdan so‘ng to‘lovni tasdiqlashingiz mumkin.

Agar siz ilova menyusida o‘zingizning boshqaruv kompaniyangizni topa olmasangiz, unda to‘lov kvitansiyasida ko‘rsanilgan tashkilot ma'lumotlari va to‘lov summasini kiritishingiz kerak bo‘ladi.

Xizmatlar uchun to‘lovlar amalga oshirilgandan so‘ng ayrim ilovalarda elektron kvitansiyalarda QR-kod ko‘rsatiladi. Agar sizda ham u mavjud bo‘lsa, siz smartfoningiz yordamida undan keyingi to‘lovlarni amalga oshirish uchun foydalanishingiz mumkin. QR-kod skaner qilinganda to‘lov uchun barcha ma'lumotlar avtomatik ravishda yuklanadi. Bunda faqat ma'lumotlar yana bir bor tekshirilishi va to‘lov amalga oshiriladigan karta tanlanishi kerak holos.

Soliqlar

Jismoniy shaxslarning soliqlarini Payme.uz, Click.uz va boshqa to‘lov tizimlarining saytlari orqali yoki banklar va to‘lov tizimlarining mobil ilovalari orqali amalga oshirish mumkin. Siz ularni Play Market yoki App Store ilovalari yordamida smartfoningizga yuklab olishingiz mumkin.

Barcha mobil ilovalarda to‘lovlarni amalga oshirish tartibi bir xil. To‘lovlar bo‘limiga kiriladi va soliqlar uchun to‘lovlar bo‘limi tanlanadi. To‘lanadigan soliq turi ko‘rsatiladi, JShShIRingiz va to‘lov summasi kiritilib, to‘lov tugmasi bosiladi.

“Xizmatlar uchun to‘lov”–“Soliqlarni to‘lash” bo‘limida soliq turini tanlash, STIRingizni, to‘lov miqdorini kiritish va "To‘lash" tugmasini bosish kifoya. Operatsiya yakunlangandan so‘ng sizga to‘lov muvaffaqqiyatli amalga oshirilganligi bo‘yicha SMS habarnoma keladi.

Xizmat ko‘rsatuvchi bank tomonidan to‘langan soliqlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar soliq organlarining axborot tizimiga avtomatik tarzda kiritiladi va soliq to‘lovchining shaxsiy kartochkalariga joylashtiriladi.

Shuningdek, to‘langan soliq to‘g‘risida ma'lumotni soliq to‘lovchi my.soliq.uz [1] "Elektron soliq xizmatlari" portalining jismoniy shaxsning shaxsiy kabinetidagi "Jismoniy shaxsning shaxsiy kartochkalari" yelektron davlat xizmatidan foydalanib olishi mumkin.

Jarimalar

Sizda yoki oila a'zolaringizda avtomobil bor. Avtomobilni noto‘g‘ri boshqarganlik uchun jarimalar sizning oilaviy byudjetingizga kutilmagan xarajatlarning oshishi natijasida sezilarli ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Jarimalar bor yoki yo‘qligini qanday qilib tekshirish mumkin?

Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar mavjudligini bir nechta usullar bilan tekshirish mumkin:

SMS habarnoma orqali. Siz jarimalarni eng oddiy usulda, ya'ni avtorizasiya va ro‘yxatdan o‘tmasdan turib 8860 qisqa raqamlariga SMS habarnoma yuborish orqali tekshirishingiz mumkin. Bunda “avtomobilning davlat raqami” va “avtotrasport vositasi ruyxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvoxnoma (texpasport) seriyasi va raqami” bir biridan ajtarilgan holda ketma ket yozib yuboriladi. Misol uchun, 01A123AA AAC1234567 tarzda yoziladi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari markazi orqali (YaIDXP) orqali. Agar siz portaldan birinchi marta foydalanayotgan bo‘lsangiz, dastavval undan ro‘yxatdan o‘tish [2] (my.gov.uz) lozim. Undan keyin, avtomobilingiz ma'lumotlarini: davlat raqami, avtotrasport vositasi ruyxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvoxnoma (texpasport) seriyasi va raqami, sug‘urta kompaniyasi va polis raqamini kiriting.

Avtomobil tizimga qo‘shilgandan so‘ng, siz “Avtotransport vositalari haqida ma'lumot [3]” bo‘limidan yo‘l harakati qoidalarini buzginlik uchun jarimalarni bepul kuzatishingiz mumkin. Ushbu ma'lumotlar Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining ma'lumotlar bazasiga tushganda bu bo‘limda birdaniga ko‘rinadi.

To‘lov tashkilotlarining ilovalari orqali. Ushbu ilovalar orqali siz “Jarimalarni monitoring qilish” xizmatini faollashtirishingiz mumkin. Dastavval avtomobil ilovaga qo‘shiladi, bunda davlat raqami, avtotrasport vositasi ruyxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvoxnoma seriyasi va raqami hamda telefon raqamingiz kabi ma'lumotlar kiritiladi. Tizimda ushbu avtomobil uchun jarimalar paydo bo‘lganida, smartfoningizga SMS habarnoma keladi. Ushbu xizmat pullik.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Mening jarimalarim [4]” nomli mobil ilova ishga tushirildi. Bu ilova ma'muriy huquqbuzarliklarni onlayn tekshirish hamda ularni Uzcard va Humo bank kartalari orqali to‘lash uchun mo‘ljallangan.

Ilovada kerakli jarimalarni bayonnoma, qaror yoki kvitansiya raqami yordamida topish mumkin.

Dastlabki 15 kun davomida ko‘pchilik jarimalarni 30% chegirma bilan to‘lash mumkin.

Chegirma quyidagi hollarda qo‘llanilmaydi [5]:

  • ma'muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun sud tomonidan jarima belgilanishi;
  • jarima undirish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish yoki etiroz (protest) bildirish;
  • huddi shunday huquqbuzarlikni ma'muriy jazo qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida takroran sodir etganda.

OneID (Yagona identifikasiya tizimi) orqali “Mening jarimalarim” ilovasida ro‘yxatdan o‘tishda foydalanuvchining ma'muriy huquqbuzarliklari to‘g‘risida to‘liq ma'lumot olish mumkin, xususan:

  1. Ma'muriy ishning hozirgi holati;
  2. Jarima to‘lovlari tarixi;
  3. Qaror holati;
  4. Jarima to‘langanligi holati;
  5. Sud majlisining sanasini;
  6. Organ yoki sud qarorlarini PDF formatida yuklab olish;
  7. Yo‘l harakati jarimasini to‘lash;
  8. Ma'muriy huquqbuzarlik uchun jarima to‘lash.

Kreditlar

Kretid bo‘yicha to‘lovlarni quyidagilar orqali so‘ndirish mumkish:

  • bank kassalari– buning uchun siz kredit rasmiylashtirilgan bankning kodi (MFO) va hisob raqamni bilishingiz kerak;
  • bankning mobil ilovasi – buning uchun bankning mobil ilovasida “Kreditlar” yoki “kreditni so‘ndirish” bo‘limlarini tanlang (ushbu bo‘limning joylashuvi mobil ilovaga bog‘liq bo‘ladi) va kreditning ID raqamini kriting;
  • bankning veb saytidagi shaxsiy kabinet;
  • to‘lov tizimlari (Click, Payme, Paynet.uz va h.k.) – buning uchun to‘lov tizimining mobil ilovasida dastavval “To‘lov” bo‘limini, undan so‘ng “Bank kreditlarini so‘ndirish” bo‘limini tanlang (ushbu bo‘limning joylashuvi mobil ilovaga bog‘liq bo‘ladi) va kreditning ID raqamini kriting;

Bank kreditlari uchun to‘lovlar kreditning ID raqami orqali amalga oshiriladi. Ushbu kod kredit shartnomasida ko‘rsatilgan bo‘ladi. Agar kredit shartnomasida ID raqam ko‘rsatilmagan bo‘lsa siz shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatlar:pasport/ID kartangiz raqamlari orqali quyidagilardan bilib olishingiz mumkin:

  • bank bo‘limida – mas'ul xodimdan so‘rash orqali;
  • banka veb saytidagi shaxsiy kabinetdan foydalanish orqali;
  • bankning mobil ilovasi orqali.
Muhim! Kommunal to‘lovlar, soliqlar, jarimalar, kreditlar va boshqalar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshiring. Bu bilan siz nafaqat penya va jarima ko‘rinishidagi ortiqcha xarajatlardan qutulasiz balkim moliyaviy intizomli mijoz sifatida qayd etilasiz. Bu esa o‘z navbatida kelajakda kredit tarixingizning ijobiy bo‘lishini kafolatlaydi va kredit xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaratadi. Sizning moliyaviy intizomingiz moliyaviy farovonligingiz kalitidir!

[1] https://my.soliq.uz

[2] https://my.gov.uz

[3] https://my.gov.uz/uz/service/80

[4] https://play.google.com/store/apps/details?id=uz.endpoint.ciasev&hl=ru&gl=US

[5] O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 332-modda prim-1. Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibiga asosan:




Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Oilaviy budjet

Oilaviy budjet

Talabalar uchun soliq imtiyozi

Talabalar uchun soliq imtiyozi

Pulni tejashda odamlarning 5 ta xatosi

Pulni tejashda odamlarning 5 ta xatosi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X