Talabalar uchun soliq imtiyozi

Oxirgi yangilanish:  2 Dek 2022 21:52
6427
Talabalar uchun soliq imtiyozi
40

Bugungi kunda aholini oliy ta'lim olishga rag‘batlantirish, moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Ulardan biri professional (kasb-hunar) va oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘quvchi talabaning kontraktini to‘lovchi shaxslar uchun soliq imtiyozi mavjudligidir. Bunda to‘lov-kontrakt summasi uchun sarflangan pul mablag‘laridan daromad solig‘i - 12% undirilmaydi. Ushbu imkoniyatdan foydalanib, fuqarolar ma'lum bir miqdordagi pul mablag‘larini tejab qolishlari va boshqa ehtiyojlari uchun foydalanishlari mumkin.

Keling, bitta talaba uchun kontrakt summasi to‘langanda, qancha pul miqdoridagi imtiyozga ega bo‘lishimizni hisoblab ko‘ramiz. Masalan, 2022-2023 o‘quv yili uchun iqtisod sohasida o‘qiyotgan talabaning kontrakt summasi 9 129 930 so‘mni (bakalavriat kunduzgi, stipendiyasiz) tashkil etadi. Ushbu imtiyozdan foydalangan holda biz bir yilda 1 095 591 so‘mni tejab qolish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Imtiyozdan kimlar foydalana oladi?

  1. Yoshidan qat'i nazar rasman ishlayotgan talabalar;
  2. Farzandi shartnoma asosida tahsil oladigan ota-onalar (bunda farzand 26 yoshga to‘lmagan bo‘lishi zarur);
  3. Turmush o‘rtog‘i shartnoma asosida o‘qiydigan shaxslar (tahsil olayotgan shaxs 26 yoshga to‘lmagan bo‘lishi zarur).

Shuningdek, ushbu imtiyozdan agar ta'lim krediti olingan bo‘lsa, kreditni (foizlari bilan) qoplash uchun sarflanayotgan daromadlarga nisbatan ham foydalansa bo‘ladi.

Soliq imtiyozidan qay tartibda foydalaniladi?

Ushbu imtiyozdan foydalanish uchun davlat soliq xizmati organlariga jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirish lozim. Jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya soliq inspeksiyasiga shaxsan tashrif buyurilganda, pochta orqali yoki onlayn elektron shaklda taqdim etilishi mumkin.

Deklaratsiya soliq organiga shaxsan taqdim etilganda davlat soliq organining tegishli bo‘limiga topshiriladi. Agar pochta orqali topshiriladigan bo‘lsa, buyurtma xat shaklida jo‘natiladi. Internet tarmog‘i orqali elektron deklaratsiya topshirish uchun esa quyidagilar amalga oshiriladi:

1. lektron raqamli imzo (ERI) olinadi. Buning uchun fuqarolar istalgan Davlat xizmatlar markaziga tashrif buyurib, shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi va ERI olish uchun imzolangan ariza taqdim etiladi.

2. ERI bilan soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portaliga - my.soliq.uz kirib, interaktiv xizmatlar orasidan “Soliq deklaratsiyasini yuborish” xizmati tanlanadi.

3. Hosil bo‘lgan oynada kerakli ma'lumotlar bosqichma-bosqich kiritiladi va natijada elektron Deklaratsiya topshiriladi.

Imtiyozdan foydalanish uchun qanday xujjatlar talab etiladi:      

  • jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya;
  • to‘lov-kontrakt shartnomasi;
  • bank tranzit hisob raqami (23120... dan boshlanadigan hisob raqam);
  • ta'lim kreditini olish bo‘yicha bank bilan tuzilgan shartnoma (ta'lim krediti olingan holatda);
  • ta'lim tashkiloti hisobraqamiga (ta'lim krediti qoplanganda tijorat banki hisobraqamiga) mablag‘ mustaqil to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • soliq imtiyozidan foydalanayotgan shaxs(talaba, ota-ona yoki turmush o‘rtoq)ning pasport nusxasi. Qo‘shimcha ravishda, imtiyozdan ota-ona foydalanayotgan bo‘lsa ta'lim oluvchining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi; turmush o‘rtoq foydalanayotgan bo‘lsa nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi kerak bo‘ladi.
Imtiyoz necha kunda va qanday shaklda ajratiladi?

Soliq imtiyozidan foydalanish uchun 1-aprelgacha xujjatlarni topshirish zarur. Masalan, 2022-yil uchun 2023-yil 1-aprelgacha barcha hujjatlar davlat soliq xizmati organlariga topshiriladi. Hujjatlar soliq organiga topshirilgach, kamchiliklar yoki boshqa soliq turidan qarzdorlik bo‘lmasa, belgilangan daromad solig‘i summasi 15 kun ichida jismoniy shaxsning bank kartasiga qaytariladi.

E'tibor bering!

Fuqarolar ushbu soliq imtiyozidan 5 yilgacha [1] bo‘lgan muddatda foydalanishlari mumkin. Deylik, siz farzandingiz ta'limi uchun to‘rt yildan beri kontrakt summasi to‘laysiz, ammo bu imtiyoz haqida xabaringiz yo‘q edi. Bunday holatda ham avvalgi yillarda to‘lov-kontrakt summasi uchun sarflagan pul mablag‘laringizdan hisoblangan daromad solig‘i summasini qaytarib olishingiz mumkin bo‘ladi.


[1] Asos: Soliq kodeksi, 88-modda





Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Oilaviy budjet

Oilaviy budjet

Talabalar uchun soliq imtiyozi

Talabalar uchun soliq imtiyozi

Pulni tejashda odamlarning 5 ta xatosi

Pulni tejashda odamlarning 5 ta xatosi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X