Qonun nuqtayi nazaridan, bitta qarz oluvchi olishi mumkin bo‘lgan kreditlar soniga cheklovlar yo‘q. Shuning uchun banklar kredit berish to‘g‘risida o‘z ichki reglamentlari va mijozning moliyaviy holatini baholashdan kelib chiqib qaror qabul qiladilar.
Bank uchun qarz oluvchining bir nechta kreditlarni o‘z vaqtida va to‘liq qaytarish qobiliyati muhim hisoblanadi.
Qarz oluvchi bir vaqtning o‘zida bir nechta bankka kredit olish uchun ariza berish huquqiga ega. Biroq, bu so‘rovlarning barchasi uning kredit tarixida (https://infokredit.uz/) qayd etilishini hisobga olish muhimdir. Kreditni tasdiqlashdan oldin banklar kredit tarixini diqqat bilan tekshiradi va qarz oluvchi boshqa qaysi muassasalarga murojaat qilganini ko‘rishi mumkin. Bu ularning kredit berish to‘g‘risidagi qaroriga ta’sir qilishi mumkin.
Bu borada bir nechta omillarni hisobga olish muhimdir:
Birinchidan, bir nechta bankka ariza berganingizda, bu kredit tarixingizda bir nechta kredit so‘rovlari sifatida qayd etiladi. Qisqa vaqt ichida ko‘plab so‘rovlar moliyaviy qiyinchiliklarning belgisi sifatida qabul qilinishi mumkin, bu esa banklarning ko‘z o‘ngida sizning kredit qobiliyatingizni pasaytiradi.
Ikkinchidan, banklar bir vaqtning o‘zida bir nechta muassasalarga ariza berganingizni ko‘rsa, bu sizning to‘lov qobiliyatingizga shubha uyg‘otishi va kredit ajratilishda rad javobga olib kelishi mumkin. Bu, shuningdek, har qanday shartlarda kredit olishga harakat qilayotganingiz haqida shubha uyg‘otishi mumkin, bu ham sizning ahvolingizni yomonlashtiradi.
Bunday muammolarning oldini olish uchun banklarning shartlarini oldindan sinchiklab o‘rganib, eng maqbul taklifni tanlab, faqat bitta bankka ariza berish maqsadga muvofiqdir.