Hozirgi vaqtda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun turli imkoniyatlar amalga oshirilmoqda. Ulardan biri tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun imtiyozli kreditlar berishni davom ettirishdir.
Ushbu kreditlar qaysi loyihalar uchun, qanday tartibda taqdim etilishini batafsil ko‘rib chiqishni taklif qilamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 yanvaridagi PQ-39-sonli “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq mahallalarda kichik biznes va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, yoshlar va xotin-qizlar daromadli mehnat bilan band qilish borasidagi tadbirlarni tizimli ravishda davom ettirish rejalashtirilgan.
Imtiyozli kreditlar qanday maqsadlarda ajratiladi?
- dehqon xo‘jaliklari va kichik biznes sub'ektlariga qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini uzoq muddatli ijaraga berish uchun 50 mln. so‘mgacha kafolatsiz kreditlar beriladi;
- hokim yordamchilari tavsiyalari asosida mahallalarda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va hunarmandchilikni kengaytirish, aholi va uy xo‘jaliklari bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tadbirkorlarning loyihalari uchun 300 mln. so‘mgacha kredit ajratildi. Shu bilan birga, kredit oluvchi loyihada kamida 30 foiz ulush bilan ishtirok etishi kerak;
- kreditlar bo‘yicha o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshiradigan kichik biznes subektlariga o‘z faoliyatini yanada kengaytirish uchun imtiyozli kreditdan qayta foydalanishga ruxsat beriladi!
- hokim yordamchisining tavsiyasiga binoan 10 mln. so‘mgacha (hunarmandlar uchun 20 mln. so‘mgacha) kredit summasining bir qismi naqd pul olish imkoniyati cheklangan holda bank kartalariga o‘tkaziladi.
Kredit bo‘yicha foiz stavkasi qanday?
Kredit yiliga 14 foiz stavkada taqdim etiladi.
Qaysi banklar imtiyozli kreditlar ajratadi?
- AT Xalq banki
- “Agrobank” ATB
- “Mikrokreditbank” ATB
[1] O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari RO‘YXATI, O‘zR Prezidentining 08.06.2020 yildagi PQ-4742-sonli qaroriga ilova