Bir qator onlayn do‘kon va marketpleyslar xaridorlarga to‘lovning yangi usulini – mahsulotni teng qismlarda, ortiqcha to‘lovsiz xarid qilishni taklif qilmoqda. Ushbu to‘lov usuli haqiqatdan ham tanlovga arzirli va foydalimi?
Bank va mikromoliyaviy tashkilotlarning odatiy kreditlariga murojaat qilmasdan, qismlarga bo‘lib to‘lash imkonini beruvchi xizmatlar BNPL-servislar (ingliz tilidan buy now, pay later – hozir sotib ol, pulini keyin to‘la) deb ataladi.
Bu servislar xaridorga ma'lum summa limitigacha bo‘lgan mahsulotlarni, umumiy narxining faqat boshlang‘ich qismini to‘lab, sotib olish uchun qisqa muddatli kredit taqdim etuvchi to‘lov modeli hisoblanadi. To‘lovning qolgan qismi esa bo‘lib to‘lash uchun yo‘naltiriladi.
Ushbu to‘lov usuli tanlanganida, mahsulot narxi bir qancha teng qismlarga, odatda, 4 qismga bo‘linadi. Xarid vaqtida siz ulardan faqat bir qismining to‘lovini amalga oshirasiz. Qolganlari esa ma'lum muddat oralig‘ida, masalan, bir oyda bir marta, avtomatik tarzda bank kartangizdan yechib olinadi. Natijada, xaridingiz to‘lovini 3 oy davomida to‘lash imkoniga ega bo‘lasiz.
Shu bilan birga, savdogar ham o‘z tovari uchun pulni to‘liq ko‘rinishda qabul qiladi. BNPL-servisi to‘liq summani xarid vaqtida o‘tkazib beradi. Xaridor esa pulni do‘konga emas, shu hizmatga to‘laydi.
BNPL-servis savdogardan o‘z hizmatlari uchun komissiya to‘lovi oladi. Shunga qaramay, xaridor qismlarga bo‘lingan barcha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirsa, tovar narxidan ortiqcha pul to‘lamaydi.
Bu to‘lov tizimi oddiy kreditlardan nimasi bilan farq qiladi?
Kreditlar bilan BNPL-servisi o‘rtasida bir qator farqli jihatlar mavjud. BNPL-servislaridan foydalanish uchun qaergadir alohida murojaat qilish yoki kredit kartalarini rasmiylashtirishga hojat yo‘q. Bu imkoniyat allaqachon onlayn do‘kon yoki marketpleyslarda yo‘lga qo‘yilgan.
Ammo, ushbu sxema bo‘yicha siz kvartira yoki mashina sotib ololmaysiz. Bu hizmat ma'lum summadagi (o‘rtacha, 5-6 million so‘mli) tovarlar uchungina qo‘llanadi. Bu esa xavf darajasini pasaytirish bilan bog‘liq – qarzlar to‘lanmagan taqdirda, u pul xaridorning bank kartasidan avtomatik tarzda yechib olinishi kerak.
To‘lov qilish uchun onlayn-do‘kon yoki marketpleys saytidan kontakt ma'lumotlarni kiritib, ro‘yxatdan o‘tiladi. So‘ngra, to‘lovning qismlarga bo‘lib to‘lash turi tanlanadi. Bu qismda shartnoma shartlari bilan diqqat bilan tanishib chiqing.
Xarid vaqtida bank kartangizdan faqat birinchi qism to‘lovi yechib olinadi. Qolgan to‘lovlar esa shartnomada ko‘rsatilgan vaqtlar bo‘yicha, avtomatik tarzda, xarid amalga oshirilgan bank kartasidan yechib boriladi.
Bu to‘lov usulini rasmiylashtirayotganda nimalarni bilish zarur?
- Yodda tuting, “4 qismli to‘lov”ga tovar xarid qilib, siz avtomatik ravishda bank kartangizdan pul yechib olinishiga rozilik bergan bo‘lasiz. Bular doimiy, muddati o‘tgan va jarima to‘lovlari uchun yechiladigan pullar bo‘lishi mumkin.
- Qarz so‘ndirish va muddati o‘tgan to‘lovlar bo‘yicha barcha jarayon sizning kredit tarixingizda aks etishi mumkin – buni diqqat bilan kuzatib borganingiz ma'qul. Aks xolda, bu sizning kredit reytingingizga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
- Xarid qilishdan avval, to‘lov yechib olinadigan kuni bank kartangizda mablag‘ bo‘lishini, albatta, inobatga oling. Agar bu kuni kartangizda yetarli mablag‘ bo‘lmasa, bu safargi to‘lov muddati o‘tgan hisoblanadi. Bu esa qo‘shimcha xarajatlarni anglatadi.
Masalan, mobil qurilma buyurtma qilsangiz, unda to‘lov bo‘yicha majburiyatlarning amalga oshirilishini ta'minlovchi maxsus dasturlar aktivasiyasi uchun shartsiz rozilik bergan bo‘lasiz.
Qismlarga bo‘lib to‘lash uchun rozilik berishdan aval, barcha hujjatlarni diqqat bilan o‘rganib chiqing. To‘lov qismlarining hajmiga, qarzni kimga, qancha muddatda, qanday shartlar asosida (Masalan, foizlar hisoblanadimi, muddati o‘tgan to‘lovlar uchun qanday jarimalar yuklatiladi) qaytarishingizga e'tibor bering. Ana shunda, nimaga rozilik berayotganingizni yaxshi tushunasiz.