Kreditni so‘ndirish usullari | Kredit bo‘yicha to‘lovlar

Oxirgi yangilanish:  24 Apr 2021 12:27
23226
Kreditni so‘ndirish usullari | Kredit bo‘yicha to‘lovlar
121

Kreditni so'ndirish usullari

Siz bankdan kredit olsangiz, albatta u bo'yicha oylik to'lovlarni amalga oshirishingiz zarur bo'ladi. Kredit bo'yicha oylik to'lovlar ikki usulda amalga oshirilishi mumkin: har oy bir xil summada yoki summasidan kelib chiqib bo'lingan miqdorlarda to'lovlarni amalga oshirish. Bular annuitet yoki differentsial to'lov usullari deb ataladi. Har birini alohida batafsil ko'rib chiqamiz.

Annuitet to'lov usuli bu nima?

Kreditni so'ndirishning annuitet usuli bu kreditni so'ndirishning shunday usuliki, unda siz bankka kredit bo'yicha to'lovlar grafigiga asosan har oy bir xil miqdordagi summani o'tkazib borishingiz lozim bo'ladi. Siz uzoq muddatga kredit olsangiz, birinchi oylarda to'lovlarning katta qismini foiz to'lovlari tashkil etadi. Asosiy qarz asta sekinlik bilan qisqarib boradi.

Finlit.uz kredit kalkulyatori yordamida misol ko'rib chiqamiz:

Deylik, siz 10 000 000 so'm miqdorida 6 oy muddatga yillik 23% asosida kredit olmoqchisiz.

credite-loan-pic

Kredit bo'yicha oylik to'lov summasi 1 780 240,71 so'mni tashkil etadi.

Har oyda kreditni so'ndirish summasi va foiz to'lovlarining nisbati o'zgarib boradi. Birinchi oyda siz 191 666,67 so'm miqdorida asosiy qarzni to'laysiz. So'nggi oyda esa asosiy qarz bo'yicha to'lov 1 746 761,13 so'mni tashkil qiladi, foiz to'lovlari esa bor-yo'g'i 33 479,59 so'm bo'ladi.

Siz bankka to'laydigan umumiy kredit miqdori 10 681 444,29 so'm bo'ladi.

Agar kredit muddati uzoqroq bo'lsa, kreditni so'ndirish davomida asosiy qarz summasi va foiz to'lovlarining nisbati o'zgaradi.

Xuddi shu misolni shartlarini biroz o'zgartirgan holda ko'rib chiqamiz:

Deylik, siz 10 000 000 so'm miqdorida kredit olmoqchisiz. Ammo, 6 oyga emas, endi 2 yilga (24 oyga), 23% asosida. Ushbu shartlarda:

Oylik to'lovlar miqdori 523 733,06 so'mni tashkil etadi.

Birinchi oyda siz 332 066,39 so'm miqdorida asosiy qarz bo'yicha to'lovlarni va 191 666,67 so'm miqdorda foiz to'lovlarini amalga oshirasiz birinchi oyda umumiy to'lov miqdorining deyarli yarmini foiz to'lovlari tashkil qiladi, so'nggi oyda esa foiz bo'yicha to'lov bor-yo'g'i 9 849,44 so'mga teng bo'ladi.

Siz bankka to'laydigan umumiy kredit miqdori 12 569 593,45 so'm bo'ladi.

Kreditni so'ndirishning differentsial usuli bu nima?

Kreditni so'ndirishning differentsial usuli bu kreditni so'ndirishning shunday usuliki, unga ko'ra har oy asosiy qarz bo'yicha bir xil summa to'lab boriladi, foiz to'lovlari esa kredit qoldig'i kamayib borishi bilan birga asta-sekin kamayib boradi.

Birinchi oylarda to'lovlar miqdori eng yuqori bo'ladi va har oy kichrayib boradi. So'nggi oyda to'lov miqdori birinchi oyga nisbatan ancha kam bo'ladi.

Finlit.uz kredit kalkulyatori yordamida xuddi yuqorida keltirilgan shartlar bilan misol ko'rib chiqamiz

10 000 000 so'm miqdorida 6 oyga 23% asosida kredit. Kreditni so'ndirishning differentsial usulida oylik to'lovlar miqdori quyidagicha bo'ladi:

credite-loan-pic

Har oylik to'lov summalari bir-biridan farqlanadi. Shunday qilib, birinchi oyda to'lov 1 855 707,76 so'mni tashkil etadi undan 189 041,10 so'm foiz to'lovlari. So'nggi (6) oy uchun to'lov miqdori 1 698 173,52 so'mga teng bo'ladi undan faqatgina 31 506,85 so'm foiz to'lovlari.

Siz bankka to'lashingiz zarur bo'lgan umumiy summa 10 672 146,12 so'mga teng.

Muddat uzaytirilgan taqdirda, masalan, 24 oyga, birinchi to'lov hajmi 605 707,76 so'mni tashkil etadi, shundan 189 041,10 so'm foiz to'lovlari. So'nggi oyda (24) to'lov hajmi 424 805.94 so'mga teng bo'ladi undan 8 139,27 so'm foiz to'lovlariga teng.

Kredit muddati ikki yil bo'lganda, bankka to'lanishi zarur bo'lgan summa12 398 721,46 so'mni tashkil etadi.

Ikki to'lov usulining farqi nimada?

10 000 000 so'mlik kredit bo'yicha to'lovlarni ikki xil usulda amalga oshirishni solishtirish natijasida xulosa qilishimiz mumkinki, differentsial to'lov usuli annuitetga nisbatan 6 oy va 2 yil muddat uchun mos ravishda 9 297,82 so'mga va 170 871,99 so'mga foydaliroq ekanini ko'rishimiz mumkin.

Demak, kreditni annuitet va differentsial usulda so'ndirishni taqqoslaydigan bo'lsak, shartlar bir xil bo'lganida birinchi holatda to'lovlar miqdori birmuncha ko'p bo'ladi.

Ushbu to'lov usullarining afzalliklari va kamchiliklari

Kreditni so'ndirishning annuitet usuli:

+ siz har oy qancha miqdorda to'lov amalga oshirishingizni aniq bilasiz. Kredit majburiyati bo'yicha o'z xarajatlaringizni bilgan holda, byudjetingizni yanada aniq rejalashtira olishingiz mumkin.

- birinchi to'lovlar tarkibida foiz to'lovlari katta qismni tashkil etadi.

Kreditni so'ndirishning differentsial usuli:

+ muddatning so'nggi oylarida kredit bo'yicha to'lov miqdori kamayib boradi, chunki, asosiy qarz va foiz to'lovlari mos ravishda kamayib boradi.

- kredit bo'yicha to'lovlarning boshida katta moliyaviy bosim.

Eslab qoling! Foizlar kredit qoldig'i bo'yicha hisoblanadi. Kreditni so'ndirish grafigida belgilangan summadan ko'proq to'lovni amalga oshirsangiz, keyingi oy uchun hisoblanadigan foiz to'lovlari summasini kamaytirgan bo'lasiz.




Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Uy-joy sotib olish va ta'mirlash uchun qanday kreditlar olish mumkin?

Uy-joy sotib olish va ta'mirlash uchun qanday kreditlar olish mumkin?

Lizing o‘zi nima?

Lizing o‘zi nima?

Kreditni so‘ndirish usullari | Kredit bo‘yicha to‘lovlar

Kreditni so‘ndirish usullari | Kredit bo‘yicha to‘lovlar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X