Shrift hajmi: A A
Sayt rangi: A A

Qarz yuki – bu aslida nima, qanday hisoblanadi va nima uchun muhim

Oxirgi yangilanish:  25 Mar 2024 11:26
4767
Qarz yuki – bu aslida nima, qanday hisoblanadi va nima uchun muhim
1

Qarz yuki ko‘rsatkichi o‘zi nima?

Qarz yuki ko‘rsatkichi – qarz oluvchining kredit va/yoki mikroqarzlari bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlari miqdorining uning o‘rtacha oylik daromadi miqdoriga bo‘lgan nisbati. Ya’ni, kredit (mikroqarz) bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlaringiz daromadingizdan kelib chiqib sizga qanchalik “moliyaviy yuk” ekanligini belgilab beruvchi ko‘rsatkich.

Qaysi holatlarda qarz yuki ko‘rsatkichi hisoblanadi?

Har bir qarz oluvchiga qarz beruvchi tomonidan kredit (mikroqarz) ajratishda uning summasi va qarz oluvchining amaldagi kredit (mikroqarz) shartnomalari bo‘yicha asosiy qarz qoldig‘i yig‘indisi BHM ning 50 baravaridan oshganda.

Qarz yuki ko‘rsatkichi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlarga nisbatan tadbiq etilmaydi.

Deylik, siz kredit yoki mikroqarz uchun bank yoki mikromoliya tashkilotiga murojaat qildingiz. Murojaat vaqtida sizning yana boshqa kreditlaringiz, masalan, avtokreditingiz bor. Bunday holatda qarz beruvchi sizning barcha kreditlaringiz bo‘yicha umumiy qoldiq miqdorini tekshiradi. Agar ushbu summa BHM ning 50 barobaridan – 17 mln so‘mdan oshsa, qarz beruvchi tegishli ma’lumotlar asosida “qarz yuki”ni hisoblaydi.

Ushbu tartib 2024 yil 1 iyulga qadar amal qiladi. Undan so‘ng yangi Nizomga ko‘ra, qarz yuki ko‘rsatkichi har bir qarz oluvchiga kredit (mikroqarz) ajratishda, shuningdek, kredit (mikroqarz) bo‘yicha oylik to‘lovlar miqdorini oshirishda, yoki muddatini uzaytirishda birdek hisoblanadi.

Mustasno holatlar:

−Mikromoliya tashkiloti va lombard tomonidan jismoniy shaxslarga kredit (mikroqarz) ajratishda qarz oluvchining murojaati bo‘yicha va amaldagi barcha kredit (mikroqarz) shartnomalari bo‘yicha asosiy qarz qoldig‘i yig‘indisi
BHM ning 50 barobaridan oshmaganda;

−Mikromoliya tashkiloti tomonidan o‘zini o‘zi band qiluvchi shaxsga mikrokredit ajratishda yuqorida aytib o‘tilgan summa BHM ning 75 barobaridan oshmaganda.

Demak, qarz yukini hisoblashda quyidagi ma’lumotlar kerak bo‘ladi:

1. Qarzdorliklar bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar:

− olinayotgan kredit (mikroqarz) bo‘yicha;

−qarz so‘rab murojaat qilingan vaqtda barcha amaldagi qarzdorliklar bo‘yicha;

−qarz oluvchi kafillik shartnomasiga muvofiq kafil sifatida ishtirok etgan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha, agar qarz yuki ko‘rsatkichini hisoblash sanasida ular bo‘yicha 30 kundan ortiq muddati o‘tgan to‘lovlari mavjud bo‘lsa.

Agar birgalikda qarz oluvchi nazarda tutilgan taqdirda, uning barcha kreditorlar bilan tuzilgan har bir kredit (mikroqarz) shartnomasi bo‘yicha.

O‘rtacha oylik to‘lovlariga qarz oluvchining amaldagi bo‘lib to‘lash to‘g‘risidagi shartnomalari bo‘yicha to‘lovlari ham kiritiladimi?

Yo‘q, bo‘lib to‘lash shartnomalari bo‘yicha to‘lovlar qarz yuki tarkibida oylik to‘lovlar sifatida inobatga olinmaydi.

Qarz beruvchi o‘rtacha oylik to‘lovlarni qaysi ma’lumotlar asosida hisoblaydi?

Qarz beruvchi o‘rtacha oylik to‘lovlarni kredit byurosi tomonidan taqdim etiladigan kredit hisobotidagi va qarz beruvchi boshqa rasmiy manbalardan olgan ma’lumotlaridan foydalangan holda hisoblab chiqadi. Bunda qarz beruvchi aktual (olingan sanasi 7 ish kunidan oshmagan) ma’lumotlardan foydalanishi lozim. 

2. O‘rtacha oylik daromadlar:

− ish haqi;

− pyensiya;

− fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya badallari;

− qarz oluvchining bank hisobvaraqlariga tushgan daromadlar;

− foizlar, dividendlar, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar.

Agar mikroqarz ajratish haqidagi murojaatda birgalikda qarz oluvchi nazarda tutilgan bo‘lsa, uning o‘rtacha oylik daromadlari ham inobatga olinadi.

Qarz beruvchi yuqoridagi ma’lumotlarni kamida oxirgi olti oy uchun olishi zarur. Mikromoliya tashkiloti va lombard yuqoridagi ma’lumotlar bilan cheklanmasdan boshqa ma’lumotlardan foydalanishi mumkin.

Qarz beruvchi tomonidan kredit (mikroqarz) ajratishda jismoniy shaxsning qarz yuki ko‘rsatkichi:

2024-yil 1-iyulga qadar 50 foizdan;

2024-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-yanvarga qadar 60 foizdan;

2025-yil - yanvardan boshlab yana 50 foizdan oshmasligi zarur.


Ўзбекистон Республикаси Марказий банки Бошқарувининг 19.12.2019 йилда рўйхатдан ўтган
«Қарз олувчи жисмоний шахсларнинг қарз юкини тартибга солиш тўғрисидаги низомни тасдиқлаш ҳақида”ги қарори ( https://lex.uz/ru/docs/4654149 )

BHM – bazaviy hisoblash miqdori. 2023-yil 1-dekabrdan boshlab 340 000 so‘mni tashkil etadi.

Ўзбекистон Республикаси Марказий банки Бошқарувининг 2024 йил 26 январдаги “Қарз олувчи жисмоний шахсларнинг қарз юкини тартибга солиш тўғрисидаги низомга ўзгартириш ва қўшимчалар киритиш тўғрисида” ги 42/16-сонли қарори (https://lex.uz/pdffile/6809992 )




Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Uy-joy sotib olish va ta'mirlash uchun qanday kreditlar olish mumkin?

Uy-joy sotib olish va ta'mirlash uchun qanday kreditlar olish mumkin?

Lizing o‘zi nima?

Lizing o‘zi nima?

Kreditni so‘ndirish usullari | Kredit bo‘yicha to‘lovlar

Kreditni so‘ndirish usullari | Kredit bo‘yicha to‘lovlar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X