Tashqi savdo va nosavdo operatsiyalar joriy xalqaro operatsiyalar sirasiga kiradi. Tashqi savdo operatsiyalariga asosan tovarlar va xizmatlar eksporti hamda importi kontraktlari bo‘yicha to‘lovlar kiradi. Ya’ni tovarlarni chet elga sotish – bu eksport, tovar va xizmatlarni chet el korxonalaridan sotib olish esa – import.
Agar siz xalqaro xizmatlar masalasida bankka ishingiz tushsa, “komissiya” tushunchasiga duch kelasiz. Xorijga to‘lovlarni amalga oshirish, pul o‘tkazish va xizmat ko‘rsatganligi uchun bank mijozlardan komissiya undiradi. Agar mijoz bankka depozitga pul qo‘ysa, ushbu foizlar bank tomonidan mijozga to‘lanadi. Foiz to‘lovlari ham joriy xalqaro operatsiyalarga kiradi.
Aholining xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi orqali chet davlatlarga pul yuborish ham joriy xalqaro operatsiya hisoblanadi. Bundan tashqari, istalgan narsani sotib olish, o‘qish hamda tibbiy xizmatlar uchun to‘lovlar ham ushbu guruhga kiradi.
Tasavvur qiling, korxonangiz xorijdan kredit oldi. Tasdiqlangan grafikka asosan kredit va foiz to‘lovlarini amalga oshirasiz, har oy bankka qanchadir pul to‘laysiz. Agarki sizning korxonangiz ushbu grafikdagi ikki oylik to‘lovini bir martada o‘tkazsa, bu operatsiya joriy hisoblanadi.