Bankka omonat qo‘ymoqchimisiz? Unda Sizga quyidagilar tavsiya qilinadi...
1. Barcha tijorat banklari omonatlarini taqqoslash
Hozirgi kunda barcha tijorat banklari internet tarmog‘ida o‘z rasmiy veb-saytlariga ega bo‘lib, u yerda barcha bank xizmatlari, shuningdek omonatlar to‘g‘risida ma'lumotlar aks ettirilgan. Siz ushbu saytlardan foydalanib, barcha banklardagi omonat foiz stavkalari, ularning muddatlari va shartlari bilan to‘liq tanishib chiqishingiz mumkin. Bu esa sizga o‘z qimmatli vaqtingizni bankka borib ketkazishni o‘rniga, masofadan turib omonatlar haqida to‘liq ma'lumotlarni olish imkonini beradi.
2. Qaysi valyutada omonatni qo‘yishni aniqlab olish
Hozirgi kunda banklar omonatlarga qo‘yiladigan pul mablag‘larini ham milliy valyutada ham xorijiy valyutada (AQSH dollari, yevro) qabul qilishmoqda.
3. Pul mablag‘larini omonatga qo‘yishning eng qulay yo‘lini tanlash
Siz quyidagi shakllarda omonat ochishingiz mumkin:
- Naqd pul ko‘rinishida.
Bunda, bevosita bankka boring va pullaringizni naqd ko‘rinishda bank kassasiga olib boring va ular Sizning hisob raqamingizga o‘tkaziladi. Omonat bo‘yicha foizlar shartnoma shartlarida ko‘rsatilgan muddatlarda Sizning ixtiyoringizga binoan yoki naqd ko‘rinishda yoki o‘sha bankda ochilgan bank kartangizga naqdsiz ko‘rinishda to‘lanadi. Omonat muddati tugaganda jami pulni naqd ko‘rinishda yoki bank kartangizga naqdsiz ko‘rinishda olish imkoni mavjud.
- Naqd pulsiz ko‘rinishda-bank kartasi orqali.
Bu vaziyatda Siz bankka borasiz va bank karta hisobingizdagi mablag‘ni omonatga qo‘yasiz. Bunda, omonat shartnomasida omonatni to‘ldirish imkoni ko‘rsatilgan bo‘lsa, Siz masofadan turib bank kartangizdagi pulni mobil ilovalardan foydalangan xolda hisob raqamingizga jo‘natishingiz mumkin. Omonat bo‘yicha foizlar shartnoma shartlarida ko‘rsatilgan muddatlarda bank kartangizga tashlab beriladi. Omonat muddati tugaganda jami pul mablag‘lari bank kartaga tashlab beriladi.
- Mobil ilova orqali.
Hozirgi kunda banklarda ularning mobil ilovalari orqali bank omonatlarini ochish imkoni mavjud. Bunda Siz bankka bormasdan turib, oferta shartlariga rozi bo‘lgan holda (onlayn omonat ochish uchun bank tomonidan taklif etilgan shartlar) masofadan turib bank omonatini rasmiylashtira olasiz va bu hozirgi kunda juda qulaydir. Bunda mobil ilova orqali Siz bank kartangizdagi mablag‘laringizni omonatga yo‘naltirishingiz va omonat bo‘yicha foizlarini olishingiz mumkin.
4. Omonatni naqd pul ko‘rinishida joylashtirmoqchi bo‘lsangiz, unda Siz tanlagan bankning Sizga eng yaqin bo’lgan filialini tanlang
- Hozirgi kunda banklarning mobil ilovalari va rasmiy veb saytlari orqali bank filiallarining joylashuv manzillarini ko‘rish mumkin va bu Sizga uyingiz yaqinida joylashgan bank filialini osonlikcha aniqlash imkonini beradi. Bundan tashqari, Siz tanlagan bankingizning operatoriga qo‘ng‘iroq qilib kerakli filialning manzilini aniqlashtirishingiz mumkin.
- Bundan tashqari qo‘ng‘iroq vaqtida omonat shartlari bo‘yicha savollaringizga javob olish imkoningiz mavjud.
5. Bankka borishdan avval shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatlarni olishni unutmang