Inflyatsiya haqida boshlang'ich tushuncha

Oxirgi yangilanish:  3 Avg 2020 23:03
260
Inflyatsiya haqida boshlang'ich tushuncha
2

Inflyatsiya - lotincha “inflatio” so'zidan olingan bo'lib, “shishish”, “bo'rtish”, “ko'tarilish” degan ma'nolarni anglatib, mamlakatdagi tovar va xizmatlar bahosi umumiy darajasining oshishi (o'sishi) tushuniladi. Narxlarning umumiy darajasi ko'tarilishi natijasida mamlakat pul birligi (milliy valyuta) xarid qobiliyatining pasayishi ro'y beradi. Bu esa o'z navbatida, davlat pul birligining qadrsizlanishiga olib keladi.

Xo'sh pulning qadrsizlanishi deganda nima tushuniladi?

18Pulning qadrsizlanishi deganda, bir xil miqdordagi pulga vaqti kelib kamroq bo'lgan tovar va xizmatlarni sotib olish, ya'ni sotib olinishi mumkin bo'lgan tovar va xizmatlar miqdorining vaqti kelib kamayishi tushuniladi.

Misol uchun, yilning boshida 100 ming so'mga sotib olish mumkin bo'lgan kundalik iste'moldagi tovar va xizmatlarning miqdori yilning oxiriga kelib kamayadi. Bu esa 100 ming so'mga yilning oxirida yilning boshidagiga nisbatan xuddi o'sha tovar va xizmatlarni kamroq miqdorda sotib olish demakdir.

E'tibor bering! Inflyatsiyaning asosiy ko'rsatkichi bo'lib iste'mol narxlari indeksining ma'lum bir davrdagi o'zgarishi hisoblanadi.

Iste'mol narxlari indeksi – uy-xo'jaliklari talabidan kelib chiqib, ma'lum bir tovar va xizmatlar umumiy narxlarining o'rtacha o'zgarish darajasini aks ettiradi. Ushbu umumiy ko'rsatkich iste'mol savatidagi har bir tovar va xizmat uchun narxlarning o'zgarishini inobatga olgan holda hisoblanadi.

Mamlakat ichidagi tovar va xizmatlar bahosining o'sib borishiga ko'ra inflyatsiya turli darajalarda bo'ladi:
Sudraluvchi (mo'tadil) inflyatsiya Shiddatli (galloping) inflyatsiya Giperinflyatsiya
Uzoq vaqt davomida barqaror va past darajada bo'lgan inflyatsiya (zamonaviy iqtisodiyot uchun yiliga 1-4% normal hisoblanadi) Inflyatsiyani yillik darajasi 10% dan oshib, har oyda o'sib boradi Mamlakatda o'rtacha narx-navoning haddan tashqari oshgandagi holati bo'lib, oyiga 50%, yiliga esa 50 baravardan ham ko'proq oshishi mumkin
E'tibor bering! Uzoq vaqt mobaynida tovar va xizmatlar narxlari barqaror bo'lgan, rivojlangan mamlakatlarda inflyatsiyaning o'rta muddatli ko'rsatkichi 2 foiz atrofida, ushbu ko'rsatkich rivojlanayotgan va bozor iqtisodiyoti shakllanayotgan davlatlar uchun esa nisbatan yuqoriroq, taxminan 2-6 foiz atrofida bo'lishi maqbul deb topilgan.

Bugungi kunda har qanday darajadagi inflyatsiya salbiy jihatga ega degan fikr ommada mavjud bo'lib, aslini olganda inflyatsiyaning har qanday darajasi ham iqtisodiyot uchun zararli emas. Iqtisodiy o'sish uchun kam foizli barqaror inflyatsiya bu tabiiy jarayon.

Past darajadagi inflyatsiya iqtisodiyotda qo'shimcha talab yaratishi orqali iqtisodiy o'sishga turtki beradi. Inflyatsiyaning umuman yo'q bo'lishi esa iqtisodiyotning o'sish sur'atini pasaytirib yuborishi mumkin. Shiddatli inflyatsiya kelgusida yuqori inflyatsiyaga olib kelib, iqtisodiyotni izdan chiqarishi mumkin. Shu nuqtai nazardan past darajadagi barqaror inflyatsiya ijobiy hisoblanadi.

Inflyatsiyani kelib chiqishiga ko'ra ikki toifaga ajratish mumkin:
Talab inflyatsiyasi Taklif inflyatsiyasi
Inflyatsiyaning bu turi talabning keskin oshishi natijasida iqtisodiyotda pul taklifining oshishiga yoki xaridorlar tomonidan inflyatsion kutilmalarni shakllanishiga olib keladi. Soddaroq qilib aytganda, ishlab chiqarish sohasi aholining talabini to'la qondira olmaydi, taklifga nisbatan talab oshib ketadi. Natijada tovar va xizmatlar narxlari o'sadi. Inflyatsiyaning bu turi ishlab chiqarish xarajatlarining keskin oshishi natijasida sodir bo'ladi. Ya'ni, har xil jarayonlar va tarkibiy o'zgarishlar (soliqlar o'zgarishi, energiya resurslari narxlari oshishi, davlat tomonidan tartibga solinadigan narxlar oshirilishi va boshqalar) tufayli mehnat unumdorligining pasayishi natijasida mahsulot ishlab chiqarishga ketgan xarajatlar oshadi. Natijada ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlarning narxlari oshadi.



Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Markaziy bank asosiy stavkasi bu nima?
3

Markaziy bank asosiy stavkasi bu nima?

Inflyatsiya haqida boshlang'ich tushuncha
2

Inflyatsiya haqida boshlang'ich tushuncha

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X