Markaziy bankning valyuta intervensiyalari va monetar oltin operatsiyalari

Oxirgi yangilanish:  3 Iyul 2020 10:28
835
Markaziy bankning valyuta intervensiyalari va monetar oltin operatsiyalari
1
Markaziy bankning monetar oltin sotib olish va valyuta intervensiyalari o‘rtasida qanday bog‘liqlik mavjud?

Ma’lumki, Markaziy bankning ichki valyuta bozoridagi intervensiyalari mahalliy ishlab chiqaruvchilardan monetar oltinning sotib olinishi natijasida iqtisodiyotga chiqarilgan pul mablag‘larini sterilizatsiya qilish maqsadida amalga oshiriladi.

Yuzaga kelgan “ortiqcha” likvidlikning kamaytirilishi inflyatsiya bosimining keskin o‘sishi hamda makroiqtisodiy nomutanosibliklarning oldini olish bo‘yicha zaruriy choradir. Aks holda, pul massasi sotib olingan monetar oltin qiymatida qo‘shimcha ravishda o‘sib boradi.

Ta’kidlash lozimki, Markaziy bankning valyuta intervensiyalari oltin-valyuta zahiralarining “neytralligi” tamoyiliga asoslanadi.

Olti-valyuta zahiralarining “neytralligi” tamoyili yil davomida Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozorida sotilgan valyuta mablag‘larining sof hajmi ushbu davrda sotib olingan monetar oltin qiymati doirasida bo‘lishini anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, Markaziy bank ichki valyuta bozorida operatsiyalarni amalga oshirishda pul massasining keskin o‘sishining oldini olish vazifalaridan kelib chiqib, mavjud oltin-valyuta zahiralarini ishlatish yoki ularni ko‘paytirishni ko‘zlamaydi.

Bunday yondashuv o‘zgaruvchan almashuv kursi rejimiga mos bo‘lib, Markaziy bankning ichki valyuta bozorida ishtirok etmasligi yoki minimal darajada ishtirokini nazarda tutadi.

2019 yil davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilardan monetar oltin sotib olinishi natijasida 36,6 trln. so‘m pul mablag‘lari emissiya qilingan (qo‘shimcha chiqarilgan) bo‘lib, ushbu yuzaga kelgan “ortiqcha” likvidlikni bartaraf etish maqsadida Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozorida 33,6 trln. so‘m ekvivalentidagi xorijiy valyuta sotildi.

Agarda, Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozorida intervensiya operatsiyalari amalga oshirilmaganda, 2019 yil davomida pul massasi (M2 agregati) qo‘shimcha 36,6 trln. so‘mga oshib, ushbu holat inflyatsion bosimning kuchayishi hamda so‘mning almashuv kursi oshishini yuzaga keltirar edi.

Aksariyat oltin ishlab chiqaruvchi mamlakatlarda oltin eksporti asosan, Markaziy bank ishtirokisiz, korxonalar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, Markaziy bankning ichki valyuta bozorida ishtirokiga zaruriyat bo‘lmasdan, oltin sotishdan tushgan tushum ishlab chiqaruvchilar tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqarish yoki boshqa maqsadlarda foydalaniladi yoki ichki valyuta bozorida sotiladi.

Markaziy bankning monetar oltinni sotish operatsiyalari qanday amalga oshiriladi?

Markaziy bank oltin-valyuta aktivlarini samarali boshqarish (shu jumladan, xalqaro qimmatbaho metallar bozoridagi vaziyatni tahlil qilish va oltin narxini prognoz qilish) va oltin-valyuta zahiralarida xorijiy valyutadagi likvidlikni ta’minlash maqsadlaridan kelib chiqib, monetar oltinni sotish operatsiyalarini amalga oshiradi.

Bunda, tashqi bozorda sotilgan monetar oltin hajmi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan hajmdan farq qilishi mumkin.

Shu bilan birga, monetar oltin eksportidan tushgan xorijiy valyutadagi tushum hajmi Markaziy bankning ichki valyuta bozorida sotilgan xorijiy valyuta, ya’ni valyuta intervensiyasi hajmiga mos kelmasligi mumkin.

Xalqaro zahiralaridan almashuv kursini ushlab turish maqsadida foydalaniladimi?

Markaziy bankning ichki valyuta bozoridagi faoliyati va uning valyuta operatsiyalarining almashuv kursiga ta’sirini baholashning bilvosita ko‘rsatkichlaridan biri yil davomida oltin-valyuta zahiralari hajmining o‘zgarishidir.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil davomida Markaziy bank oltin-valyuta zahiralari 237 mln. dollarga (narxlar o‘zgarishi hisobga olinmagan holda) oshib, ushbu davrda milliy valyutaning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 13,9 foizga qadrsizlandi.

Bu o‘z navbatida, Markaziy bank valyuta kursining fundamental o‘zgarishida zaxira aktivlaridan foydalanmaganligini ko‘rsatadi. Milliy valyuta almashuv kursining dinamikasi, ichki valyuta bozorida talab va taklif darajasini belgilaydigan tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida shakllandi.




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Inflyatsiya haqida boshlang'ich tushuncha

Inflyatsiya haqida boshlang'ich tushuncha

Markaziy bank asosiy stavkasi bu nima?

Markaziy bank asosiy stavkasi bu nima?

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X