Kobrend bank kartalari – bu tovarlar sotuvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot va banklarning qo‘shma mahsuloti. O‘z nomi bilan “kobrending” atamasi ingliz tilidan “birlashgan savdo belgilari” deb tarjima qilinadi.
Kobrend bank kartalarini marketologlar tomonidan ishlab chiqilgan mahsulot desa ham bo‘ladi. Odatda, bunday bank kartasi chiqarilganda unga tashkilotning o‘z rasmiy rangi va belgisi tushiriladi.
Kobrend kartasi bir vaqtning o‘zida bir nechta imtiyozlarga ega bo‘lish imkonini beradi: bunday bank kartasining egasi o‘z pulini odatdagidek sarflaydi va buning evaziga ma'lum bonuslar, chegirmalar yoki keshbeklar oladi. Kobrending bank kartasi ham oddiy bank kartasi kabi bir xil vazifalarni bajaradi. Ushbu kartadan to‘lovlarni amalga oshirishingiz, naqd pul yechishingiz va uni to‘ldirishingiz mumkin.
Kobrending kartasi ham milliy, ham xalqaro bo‘lishi mumkin. Bonuslar va keshbeklar hisob raqamga o‘tkazish yo‘li bilan yoki kartadan foydalanishning maxsus shartlariga mos ravishda qaytarilishi mumkin.
Bugungi kunda O‘zbekistonda bank kobrend kartalari to‘lov va sayyohlik tashkilotlari bilan birgalikda faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan foydalanib siz sherik do‘konlardan ma'lum xizmatlar/mahsulotlar uchun chegirmalar yoki maxsus takliflarga ega bo‘lishingiz, aviaqatnovlar uchun xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishingiz, aviamillarni to‘plashingiz yoki mijozning sodiqlik dasturi qoidalariga muvofiq ularni aviachiptalarga almashtirishingiz mumkin.[1]
Kobrending kartasini tanlashda nimalarga e'tibor qaratish kerak?
- Kartani chiqarish, almashtirish/ qayta chiqarish narxiga – kobrend kartalarini chiqarish xizmatlari standart kartalarni chiqarishdan qimmatroq bo‘lishi mumkin;
- tariflar va komissiyalarga;
- bonuslar/keshbeklar olish shartlariga.
Agar kobrend karta xalqaro bo‘lsa, unda dastlabki to‘lovga va minimal balans miqdoriga e'tibor berishingiz kerak.
Kobrending kartasini qanday olish mumkin?
Bugungi kunda banklar tomonidan kobrend kartalarning har xil turlari taklif qilinmoqda. Siz kartaga buyurtmani onlayn tarzda yoki eng yaqin bank filialiga tashrif buyurgan holda amalga oshirishingiz mumkin.
[1] Banklar tomonilan kobrend kartalar uchun taqdim qilinadigan bonuslar bir biridan farqlanishi mumkin. Karta ochishdan oldin mijozning sodiqlik dasturi bilan tanishib chiqing.