Pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda xatoga yo‘l qo‘ysangiz yoki pul mablag‘lari qabul qiluvchiga yetib bormasa nima qilish zarur?

Oxirgi yangilanish:  2 Apr 2021 17:27
46404
Pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda xatoga yo‘l qo‘ysangiz yoki pul mablag‘lari qabul qiluvchiga yetib bormasa nima qilish zarur?
100

Tasavvur qiling, siz bank kartasi raqamini terishda adashdingiz va pul o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxsga emas, umuman boshqa insonga pul o‘tkazdingiz, yoki sizning hisobingizdan pullar yechib olindi, ammo qabul qiluvchiga ular yetib bormadi, yoki mobil aloqa xizmatlariga pul to‘lashda telefon raqamini xato kiritdingiz, yoki bo‘lmasa pul mobil telefon raqamingizga kelib tushmadi.

Bundan tashqari, shunday vaziyat bo‘lishi mumkinki, siz savdo terminal orqali to‘lov amalga oshirdingiz va kartangizdan noto‘g‘ri summa yechilgani ma'lum bo‘ldi. Bunday holatlarda nima qilish zarur? Bank xizmatlari iste'molchilarida ushbu savollar ko‘p uchrashini inobatga olgan holda, har bir vaziyatni alohida ko‘rib chiqamiz:

Mobil aloqa xizmatlariga pul to‘lashda yuzaga keluvchi xatolik

Bunda ikki xil holat kuzatilishi mumkin:

  1. Siz to‘lovni amalga oshirdingiz, bank kartangizdan pul yechib olindi, ammo mobil telefon hisob raqamingizga pul kelib tushmadi. 5-10 daqiqa kutib turib, mobil telefon hisobingizni qayta tekshirib ko‘rishingiz lozim. Agar pullar mobil telefon hisobingizda ko‘rinmasa, siz to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchining ishonch telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin. Ular to‘lov haqiqatdan amalga oshirilganligi va kerakli hisobga tushmaganligini tekshirib ko‘rishadi va pulingizni yoki bank kartangizga qaytarib o‘tkazib yoki mobil telefon hisobingizga tushirib berishadi.
  2. Ikkinchi holat – siz adashib pulni noto‘g‘ri mobil telefon hisob raqamiga o‘tkazib yubordingiz. Ushbu vaziyatda siz to‘lovni qayerdan amalga oshirgan bo‘lsangiz, o‘sha tashkilotga murojaat qilishingiz zarur – mobil aloqa operatorlariga, agar ularning mobil ilovalari yoki xizmat ko‘rsatish ofislari orqali to‘lagan bo‘lsangiz.

Kartadan kartaga pul o‘tkazishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolar

Ba'zi hollarda, mobil ilovalar orqali pul o‘tkazayotganda sizning kartangizdan pul yechib olinadi, ammo qabul qiluvchining bank kartasida ko‘rinmaydi. Bunda siz birinchi navbatda pul o‘tkazmasini amalga oshirgan to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchiga murojaat qilishingiz lozim. Bank yoki to‘lov tashkiloti sizning operatsiyalaringizni tekshirib ko‘radi va agar pul o‘tmay qolgan bo‘lsa, nosozliklarni bartaraf etadi. Har qanday holatda ham xavotirga va asabiylashishga o‘rin yo‘q. Pullaringiz yo‘qolib qolmaydi. Muhimi, to‘lovni amalga oshirganingiz to‘g‘risida elektron hujjat – chekni saqlab qo‘yish (barcha mobil ilovalarda har bir operatsiya amalga oshirilganidan so‘ng elektron chekni yuklab olish imkoniyati mavjud).

Agar siz bank kartasi raqamini noto‘g‘ri kiritgan bo‘lsangiz

Noto‘g‘ri kiritilgan raqam bo‘yicha bank kartasi mavjud bo‘lmasa, o‘tkazma avtomatik tarzda bekor qilinadi.

Biroq, siz yanglish tarzda notanish kartaga pul o‘tkazib yuborgan bo‘lsangiz, quyidagilarni amalga oshirish lozim:

  1. Pul o‘tkazmasini amalga oshirgan to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi yoki kartangizni emissiya qilgan bankka murojaat qilib vaziyatni tushuntirishingiz zarur (qo‘ng‘iroq qilishingiz yoki telegramm-bot orqali);
  2. Pul o‘tkazmasini bekor qilish imkoni bo‘lmasa, bankka borib noto‘g‘ri o‘tkazilgan pullarni qaytarish to‘g‘risida ariza yozishingiz zarur. Pul o‘tkazmasini aynan xatolik tufayli amalga oshirganingiz bo‘yicha ishonchli dalillar keltira olsangiz, bankingiz karta egasi bilan bog‘lanib noto‘g‘ri pul o‘tkazmasi haqida xabardor qilishi mumkin. Ammo, pul o‘tkazmasi xato amalga oshirilganini isbotlash birmuncha qiyin, chunki karta egasi xizmat ko‘rsatilganligini yoki sizning undan qarzingiz bo‘lganligini aytishi mumkin.
Qanday to‘lov operatsiyasini amalga oshirishingizdan qat'iy nazar, ma'lumotlarni e'tibor bilan kiritish va qayta tekshirish zarur – mablag‘larni o‘tkazish amaliyoti tasdiqlanishidan avval ekranda bank kartasi egasining familiya va ismi ko‘rsatiladi va bunga albatta alohida e'tibor qaratishingiz joiz. Bu sizni anchagina vaqt va kuch yo‘qotishdan asrab qolishi mumkin.

Sizning bank kartangizga adashib pul tushsa nima qilish lozim?

Birinchi navbatda, sizning hisobingizga pullar haqiqatdan noto‘g‘ri o‘tkazilganligiga ishonch hosil qilish zarur. Balki, sizga bu pullar to‘g‘ri o‘tkazilgan: biror tanishingiz qarzini qaytargan yoki ish joyingizda qayta hisob-kitob qilinib pul mablag‘lari o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin va h.k.

Agar siz bank kartangizga pul xatolik tufayli o‘tkazilganligiga amin bo‘lsangiz, kartangiz emissiya qilingan bankka murojaat qiling. Balki, sizga adashib pul o‘tkazgan shaxs o‘z bankiga pulni qaytarish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilib ulgurgan. Agar murojaat qilmagan bo‘lsa, sizning bankingiz, qaysi bank hisob raqamidan sizga pul kelib tushgan bo‘lsa, o‘sha bank bilan bog‘lanadi yoki pul o‘tkazgan shaxs siz bilan bir bankning mijozi bo‘lsa, bank kartasi egasi bilan bog‘lanib, nima maqsadda pul o‘tkazganligini aniqlaydi. Agar u bank kartasi raqamini adashib xato kiritgani va endi nima qilishini bilmayotganini aytsa, bank sizning hisobingizdan pulni qaytarib o‘tkazib beradi.

Muhim!!! Agar sizga qo‘ng‘iroq qilib o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirib sizning kartangizga xato pul kelib tushganligini aytishsa, pullarni qaytarib o‘tkazishni yoki kartangiz rekvizitlarini aytishni so‘rashsa, ishonmang! Bank xodimlari sizga qachon va qancha miqdorda pul kelib tushganligini aniq ayta olishadi va faqat siz tasdiqlaganingizdan so‘ng, kartangizdan pul yechib olishadi.

Bank xodimlari karta rekvizitlarini, PIN-kod va SMS xabarnomadagi kodlarni hechqachon so‘rashmaydi.

Agar bank kartangizga haqiqatdan pul kelib tushgan bo‘lsa ham, kimdir sizga qo‘ng‘iroq qilib sizda achinish hissini uyg‘otib pullarni bank kartasiga o‘tkazib berishingizni iltimos qilsa ham (pul qaysi bank kartasidan yuborilgan bo‘lsa, o‘sha kartaga emas, boshqa kartaga), ishonmang – bu firibgarlar! Darhol kartangiz emissiya qilingan bankka murojaat qiling va pullarni yuborilgan kartaga qaytarib o‘tkazilishini talab qiling, hushyor bo‘ling!

Savdo terminali orqali to‘lov amalga oshirilganda muammo vujudga kelsa nima qilish lozim?

Deylik, do‘konda mahsulotlar xarid qildingiz, sartarosh xizmatlaridan foydalandingiz, do‘stlaringiz bilan kino yoki boshqa xordiq chiqarish maskanlariga bordingiz, restoranda oilangiz bilan ovqatlandingiz va bank kartangiz orqali savdo terminalidan pul to‘ladingiz. Sizga chekni berishganda esa, kartangizdan noto‘g‘ri summa yechilganligi ma'lum bo‘ldi (masalan, 20 ming so‘m o‘rniga 200 ming so‘m) yoki bir xil summa ikki marta ketma-ket yechildi. Bu holatda nima qilish kerak? – xavotirga tushishga shoshilmang.

HUMO to‘lov tizimining bank kartalari orqali savdo terminalidan noto‘g‘ri pul yechilganda, mazkur to‘lovni terminal orqali bekor qilish imkoniyati ham mavjud, bunda onlayn inkassasiya amalga oshirilmagan bo‘lishi lozim. Boshqa hollarda noto‘g‘ri yechilgan pul mablag‘lari bank-ekvayer tomonidan savdo va xizmat ko‘rsatish sub'ekti arizasi asosida mijozning bank kartasiga qaytariladi.

(!) Bunday muammolarni oldini olish uchun kassada savdo terminalga PIN-kodni shaxsan o‘zingiz kiritishni talab qilishingiz zarur. PIN-kodni kiritish mobaynida to‘lov summasini yana bir bor tekshirishingiz va xatolik bo‘lsa kassir bir zumda tuzatishi mumkin.




Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda xatoga yo‘l qo‘ysangiz yoki pul mablag‘lari qabul qiluvchiga yetib bormasa nima qilish zarur?

Pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda xatoga yo‘l qo‘ysangiz yoki pul mablag‘lari qabul qiluvchiga yetib bormasa nima qilish zarur?

Elektron hamyon nima?

Elektron hamyon nima?

Virtual kartalar nima va ulardan qanday qilib to‘g‘ri foydalanish mumkin?

Virtual kartalar nima va ulardan qanday qilib to‘g‘ri foydalanish mumkin?

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X