Finlit.uz moliyaviy savodxonligingizni oshiradi va ommalashayotgan texnologiyalar haqida sizlarga ma'lumot taqdim etadi.
Siz «Tap to Phone» texnologiyasi haqida eshitdingizmi?
«Tap to Phone» bu – tadbirkorlarga smartfondan to‘lovlarni kontaktsiz qabul qilish uchun POS-terminal (do‘konlarda odatda siz ko‘rib yurgan terminallar) sifatida foydalanish orqali bank hisobvarag‘iga pullarni kirim qilish imkoniyatini beradigan texnologiya hisoblanadi.
Ushbu yangi texnologiya onlayn kassa apparatlari va POS-terminallarning o‘rnini bosa oladi.
Texnologiyaning ishlash ketma-ketligi
- sotuvchi ilovaga xarid summasini kiritadi;
- siz sotuvchining smartfoniga karta yoki to‘lov gadjetingizni tegizasiz;
- shu bilan to‘lov amalga oshiriladi;
- sizga elektron (qog‘oz) cheki taqdim etiladi.
Ushbu texnologiya qanchalik xavfsiz?
Smartfon orqali amalga oshirilgan kontaktsiz operatsiyalar yirik tarmoq do‘konlaridagi oddiy POS-terminali orqali amalga oshiriladigan operatsiyalar kabi ishonchlidir.
To‘lov ma'lumotlari sizning kartangiz ma'lumotlarini shifrlaydigan va har bir operatsiyaning xavfsizligini ta'minlaydigan bir xil ishonchli to‘lov tarmog‘i orqali uzatiladi. Sotuvchi kartangiz ma'lumotlariga ega bo‘lmaydi.
Kontaktsiz to‘lov imkoniyatiga ega karta/smartfon hamyonimizda yoki cho‘ntagimizda bo‘lsa, tasodifan undan pul yechilishi mumkinmi?
Kontaktsiz operatsiyalar himoyasi terminal va bank kartalari ishlab chiqaruvchilari hamda to‘lov tizimlari tomonidan puxta o‘ylab chiqilgan. Kontaktsiz kartalardagi firibgarlik darajasi juda past, chunki bunday to‘lov usuli yordamida aldov yo‘li bilan pul yechib olish firibgar uchun bir qancha “noqulayliklar”ni tug‘diradi.
Agar firibgarning kontaktsiz to‘lovlarni qabul qiluvchi qurilmasi bo‘lgan taqdirda ham kontaktsiz kartasi mavjud begona shaxsni topishi va uning hamyon/cho‘ntagida joylashgan kartasiga qurilmani oraliq masofa 4 sm qolguncha yaqinlashtirishi kerak bo‘ladi. Demak, “uddaburonlik” bilan qo‘lga kiritilishi mumkin bo‘lgan maksimal summa (50 000 so‘m) uchun yaxshigina harakat talab etilar ekan.
Kontaktsiz to‘lov usulidan foydalanishning afzalliklari nimada?
To‘lov uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish foydalidir, chunki bunday texnologiyalar:
- xavfsiz – kontaktsiz to‘lovda siz kartangiz yoki gadjetingizni birovga berib yubormaysiz. «Tap to Phone» texnologiyasi ham POS- terminali kabi yuqori darajada himoyalangan;
- tez – kontaktsiz to‘lov bir necha soniyada amalga oshadi;
- qulay – naqd pulni sanash, hisoblash va qaytimini qutishingizga zarurat yo‘q, hamyoningiz yoningizda bo‘lmasa ham to‘lovlarni amalga oshirish imkoni mavjud.
O‘ylaymizki, bu ma'lumotlar siz uchun foydali bo‘ldi. Biz siz uchun izlanishdamiz.