Shrift hajmi: A A
Sayt rangi: A A

2-modul | Biznesni boshlash

Oxirgi yangilanish:  4 Noy 2025 19:14
255
2-modul | Biznesni boshlash

1-qism. Biznesni rasmiy tashkil etish

Biznesni qonuniy rasmiylashtirish tadbirkorga bank xizmatlaridan foydalanishni osonlashtiradi. Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun eng keng tarqalgan turlardan foydalanish mumkin:

O‘zini-o‘zi band qilganlar — bu mustaqil ravishda shaxsiy mehnati orqali xizmat ko‘rsatib yoki mahsulot ishlab chiqarib daromad oluvchi fuqarolardir. Ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmaydi va yollanma xodim ishlatmaydi. Bunda ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmaydi va yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydi (tikuvchi, soch turmakchi, hunarmand, yo‘lovchi tashuvchi yoki maishiy xizmat ko‘rsatuvchi va h.k. fuqarolar). Ular soddalashtirilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tadi va qonuniy ishlash imkoniyatiga ega.

Yakka tartibdagi tadbirkorlik (YATT) — jismoniy shaxsning shaxsiy nomidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik shakli bo‘lib, kichik savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun qulay biznes turi hisoblanadi. YATT orqali biznesni tez va arzon tarzda yo‘lga qo‘yish mumkin, shuningdek, risk darajasi ham nisbatan past bo‘ladi.

Daromad olish sodda, qo‘shimcha soliq turlari talab etilmaydi. Boshqaruv yengil, buxgalteriya hisobini yuritish sodda, faoliyat asosan kichik savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida amalga oshiriladi. Ish hajmi cheklangan, sheriklarni rasmiy jalb qilish mumkin emas. YATT ro‘yxatdan chiqarilsa, biznes to‘liq tugaydi.

Mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) — bu bir yoki bir nechta shaxs tomonidan tashkil etiladigan yuridik shaxs shaklidagi biznes turi. Tasischilar MCHJ qarzlari uchun faqat o‘z ulushlari miqdorida javobgar hisoblanadilar. Foyda ishtirokchilar o‘rtasida dividend sifatida taqsimlanadi va undan daromad solig‘i to‘lanadi. MCHJda rasmiy hujjat aylanishi va buxgalteriya hisobi majburiy hisoblanadi. Bu shakl deyarli barcha faoliyat turlarida, shu jumladan lisenziya talab qilinadigan sohalarda ham ishlash imkonini beradi. Shuningdek, hamkor yoki investorlarni jalb qilish oson va zarur hollarda MCHJni to‘xtatmasdan ishtirokchilar tarkibini o‘zgartirish mumkin.

Biznesni yuritishda quyidagi asosiy tushunchalarga duch kelish mumkin:

  • Elektron raqamli imzo (ERI) — tadbirkorlik faoliyatini onlayn tarzda amalga oshirish uchun shaxsni tasdiqlovchi raqamli kalit.
  • Nom va faoliyat turi (OKED) tanlash — kompaniyaning yo‘nalishi va huquqiy maqomini belgilaydigan muhim jarayon.
  • Ro‘yxatdan o‘tish — biznesni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, buni onlayn tarzda “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali” (my.gov.uz) orqali amalga oshirish mumkin.
  • STIR va bank hisobvarag‘i ochish — soliq organlarida hisobga qo‘yilib, bank operatsiyalari uchun hisobvarag‘ ochish jarayoni.
  • Onlayn-NKM va fiskal talablarni bajarish — savdo jarayonida chek berish, tushumni rasmiy qayd etish va fiskal qoidalarga rioya qilish.
  • Lisenziya yoki ruxsat olish — muayyan faoliyat turlari uchun davlat organlaridan maxsus ruxsatnoma olish jarayoni.

Ishchi yollaganda mehnat shartnomasi va ijtimoiy badallarni e’tiborga oling.

2-qism. Biznesni moliyalashtirish

Biznes uchun moliya jalb qilishning to‘rt asosiy yo‘li mavjud:

O‘z mablag‘lari hisobidan biznesni moliyalashtirish — tadbirkor uchun eng qulay va xavfsiz manbalardan biri hisoblanadi. Bu usul boshlang‘ich bosqichda qarorlarni tez qabul qilish, biznesni qarz va tashqi majburiyatlarsiz yo‘lga qo‘yish hamda faoliyat ustida to‘liq nazoratni saqlash imkonini beradi. Shaxsiy mablag‘dan foydalanish orqali tadbirkor moliyaviy mustaqillikka ega bo‘ladi, sarmoyaning qanday yo‘naltirilishi va qaysi sohalarga qo‘yilishi ustidan erkin qaror chiqaradi. Shu bilan birga, o‘z mablag‘lari bilan ish boshlash ishonch va mas’uliyatni kuchaytiradi, chunki risk ham to‘liq tadbirkorning zimmasida bo‘ladi.

Do‘stlar yoki yaqin qarindoshlardan mablag‘ jalb qilish orqali biznesni moliyalashtirish — tadbirkorning o‘z mablag‘i yetarli bo‘lmagan hollarda qo‘llaniladigan, kichik yoki o‘rta hajmdagi mablag‘larni tezkor tarzda topishning amaliyotga yaqin usuli hisoblanadi. Bu jarayon odatda o‘zaro ishonchga asoslangan shartlarda kechadi, shuning uchun bank yoki investorlar talab qiladigan ko‘plab rasmiy hujjatlar zarur bo‘lmaydi. Qarindosh yoki do‘stlar bilan tuzilgan kelishuv orqali tadbirkor biznesini qisqa muddatda boshlab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Biroq, munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslik uchun barcha shartlarni yozma ravishda belgilash, qarz qaytarish tartibi va muddatini oldindan kelishib olish juda muhim. Shunday qilinsa, bu moliyalashtirish usuli ishonchli manbaga aylanib, tadbirkorga qo‘shimcha vaqt va imkoniyat yaratadi.

Investorlar jalb qilish orqali biznesni moliyalashtirish — g‘oyani tez rivojlantirish, yangi bozorlarga chiqish yoki zamonaviy texnologiya va ta’minot zanjirlariga qo‘shilish zarur bo‘lgan hollarda eng samarali yo‘l hisoblanadi. Investorlar nafaќat moliyaviy resurslar, balki tajriba, bozor aloqalari va maslahatlarini ham taqdim etadi, bu esa biznesni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.

Investorlar bilan ishlashda to‘g‘ri biznes-reja, ochiq moliyaviy hisobot va loyihaning aniq istiqbolini ko‘rsata olish katta ahamiyatga ega.

Investor jalb qilish tadbirkordan yuqori mas’uliyat talab qiladi, chunki sarmoyadorlar odatda biznes qarorlarida ishtirok etadi va ma’lum ulushga ega bo‘ladi. Shu sababli, sheriklik shartlari, foydani taqsimlash va chiqish qoidalari oldindan yozma ravishda kelishib olinishi zarur. Agar to‘g‘ri yo‘l tanlansa, investorlar bilan hamkorlik biznes o‘sishini tezlashtiradi, yangi imkoniyatlar eshigini ochadi va mahalliy bozordan xalqaro bozorga chiqish yo‘lini osonlashtiradi.

Kreditlar orqali biznesni moliyalashtirish — ayniqsa tijorat banklari tomonidan beriladigan kreditlar tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishda eng ko‘p qo‘llaniladigan moliya manbalaridan biri hisoblanadi. Ushbu mablag‘lar asbob-uskuna xarid qilish, xomashyo ta’minotini yo‘lga qo‘yish, aylanma mablag‘ni to‘ldirish yoki savdo va ishlab chiqarishni masshtablashtirish uchun qo‘llaniladi.

O‘zbekiston sharoitida tadbirkorlar uchun turli imtiyozli kredit dasturlari amal qilmoqda: yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorligi, oilaviy biznes va mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratiladi. Shu bilan birga, banklar tomonidan odatiy tijorat kreditlari ham taklif qilinadi, ularda garov, to‘lov intizomi va qaytarish grafigi aniq belgilanadi.

Kreditdan samarali foydalanish uchun tadbirkor mukammal biznes-reja, pul oqimi prognozi va qaytarish imkoniyatini asoslab ko‘rsatishi zarur. Foiz stavkasi, komissiyalar va garov talablarini oldindan chuqur o‘rganishi katta ahamiyatga ega. To‘g‘ri boshqarilgan kredit biznes rivoji uchun kuchli turtki berishi, xato yo‘l tutilganda esa qo‘shimcha moliyaviy xavfga aylanishi mumkin.

3-qism. Bankdan olinadigan kreditlar

Kredit haqida asosiy tushunchalar

Kredit — bu bank yoki moliyaviy tashkilot tomonidan belgilangan shartlar asosida muayyan muddatga mablag‘ berish jarayonidir. Kredit oluvchi shaxs yoki korxona mablag‘ni belgilangan maqsadda ishlatadi va muddati kelganda uni foizi bilan qaytarishi shart. Kredit iqtisodiyotda tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, aylanma mablag‘ni ta’minlash yoki shaxsiy ehtiyojlarni qondirishning muhim vositasi hisoblanadi.

Kreditning asosiy shartlari

Kredit foiz stavkasi — bu bank yoki moliyaviy tashkilot tomonidan kredit uchun belgilanadigan yillik to‘lov miqdori bo‘lib, qarz oluvchi uchun kreditning asosiy “narxi” hisoblanadi. Ya’ni, siz bankdan olgan mablag‘ni qaytarishda faqat asosiy qarzni emas, balki belgilangan stavka bo‘yicha qo‘shimcha to‘lovni ham amalga oshirasiz. Foiz stavkalari bank siyosati, bozor sharoiti, kredit turi, muddati, garovning qiymati va mijozning moliyaviy intizomiga qarab belgilanadi. Shu sababli, kredit olishdan oldin foiz miqdorini chuqur tahlil qilish va umumiy xarajatni to‘liq hisoblab chiqish juda muhim.

Kredit muddati — bu qarzdor bankdan olgan mablag‘ini belgilangan shartlar asosida qaytarishi kerak bo‘lgan vaqt davridir. Kreditlar shartli ravishda turlarga ajratiladi: qisqa muddatli (1 yilgacha), o‘rta muddatli (3 yilgacha) va uzoq muddatli (5–20 yilgacha). Qisqa muddatli kreditlar asosan aylanma mablag‘ni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallansa, uzoq muddatli kreditlar yirik loyihalarni moliyalashtirish, ipoteka yoki investisiyaviy sarf-xarajatlarni qoplash uchun beriladi.

Garov (zalog) — bu bank kredit ajratganda o‘z mablag‘ini xavfdan himoya qilish uchun talab qiladigan mol-mulk yoki aktiv hisoblanadi. Garov sifatida ko‘chmas mulk (uy-joy, yer maydoni), transport vositalari, ishlab chiqarish jihozlari, tovar-zaxiralar yoki boshqa likvid aktivlar qabul qilinishi mumkin. Agar qarzdor belgilangan shartlarga muvofiq qarzni o‘z vaqtida qaytarmasa, bank garov mulkini sotish orqali o‘z mablag‘ini qoplash huquqiga ega bo‘ladi.

To‘lov turlari: Annuitet to‘lovi — qarz har oy bir xil summada qaytariladi, avvaliga foizlar, keyin esa asosiy qarz qisqarib boradi. Differensial to‘lov — qarzning asosiy qismi teng ulushlarda qaytariladi, foiz esa qolgan qarzga hisoblanadi. Shuning uchun dastlab to‘lov katta, keyin oyma-oy kamayib boradi.

Kreditga oid muhim tushunchalar

Kredit tarixi — bu jismoniy shaxs yoki korxonaning bank va moliyaviy tashkilotlar oldidagi qarz majburiyatlarini bajarish intizomini aks ettiradigan muhim ko‘rsatkichdir. Agar qarz o‘z vaqtida va to‘liq qaytarilgan bo‘lsa, bunday tarix ijobiy hisoblanadi va keyingi kreditlarni olish imkoniyatini oshiradi.

Kredit skoringi — bu bank yoki moliyaviy tashkilot tomonidan mijozning qarz qaytarish qobiliyatini aniq baholash jarayonidir. Skoring tizimida mijozning rasmiy daromad manbalari, kredit tarixi va to‘lov intizomi kabi ko‘plab omillar tahlil qilinadi.

Kredit skoring baholash darajalari:

  • yomon — kredit tarixi salbiy, kechikishlar ko‘p, qarz olish imkoniyati yo‘q;
  • qoniqarli — to‘lovda kechikishlar bor, kredit ajratilishi extimoli past;
  • o‘rta — daromad barqaror, kredit tarixida katta muammo yo‘q, kredit ajratili extimoli o‘rta;
  • yaxshi — qarzlar o‘z vaqtida qaytarilgan, hujjatlar to‘liq, moliyaviy intizomi yaxshi;
  • a’lo — mijoz ideal qarz oluvchi hisoblanadi, moliyaviy intizom mukammal, tarix sof, kredit olish imkoniyati yuqori;

Kredit liniyasi — bu bank tomonidan tadbirkorga oldindan belgilangan miqdorda mablag‘ ajratib qo‘yiladigan moliyaviy instrument bo‘lib, mijoz undan kerakli paytda qism-qism foydalanishi mumkin. Ya’ni, tadbirkor butun kredit summasini birdaniga emas, balki zaruriyatga qarab oladi va faqat foydalanilgan qismi uchun foiz to‘laydi.

Imtiyozli kreditlar — bu davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan maxsus moliyalashtirish turi bo‘lib, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish va yangi biznes tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish uchun mo‘ljallangan. O‘zbekistonda bunday kreditlar yoshlar, xotin-qizlar, oilaviy tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi va mahalliy ishlab chiqarish sohalarini rag‘batlantirish maqsadida ajratiladi.

O’zingizning tadbirkorlik bilimlaringizni sinab ko’ring!  https://t.me/kichikbiznestest




Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X