Hozirgi vaqtda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qator imkoniyatlar taqdim etilmoqda. Ulardan biri – bu yoshlarning investision tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun taqdim etilayotgan imtiyozli kreditlar.
Demak, ushbu kreditlar aynan qaysi loyihalar uchun va qanday shartlar asosida taqdim etilishini quyida ko‘rib chiqamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5088 sonli qaroriga muvofiq, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hamda Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
Ushbu Sanoat zonalarida «startaplar» tashkil etish, yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va yuritishlari, shu jumladan, innovasion mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayoniga joriy etish va natijalarini tijoratlashtirish, yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish uchun barcha sharoitlar ta'minlanadi.
Sizning yoshingiz 18-30 orasida hamda siz o‘z loyihangizni Yoshlar sanoat zonasida joylashtirmoqchi bo‘lsangiz tadbirkorlik loyihasiga qo‘yiladigan talablarni ko‘rib chiqamiz:
- 1. Ushbu yoshlar Sanoat zonalariga, asosan, yosh tadbirkorlarning innovasion, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi hamda patent asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni ta'minlovchi startap investisiya loyihalari joylashtiriladi.
- 2. Yaratiladigan yangi ish o‘rinlarining kamida 70 foizi yoshlar uchun mo‘ljallangan, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni ish bilan ta'minlash nazarda tutilgan investisiya loyihalari ustuvorlikka ega bo‘ladi.
Imtiyozli kreditlar qanday maqsadlar uchun ajratiladi?
Imtiyozli kreditlar yosh tadbirkorlarga barcha yo‘nalishdagi investision loyihalar uchun ajratiladi:
- meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash;
- to‘qimachilik, poyabzal va charm-galantereya;
- kimyo, farmasevtika;
- oziq-ovqat;
- elektrotexnika sanoati, mashinasozlik, zamonaviy qurilish materiallari;
- hunarmandchilik hamda axborot-kommunikasiya texnologiyalari.
Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratiladigan ushbu kreditlarning shartlari quyidagicha:
- Miqdori - 100 ming AQSh dollari ekvivalentigacha
- Muddati - 7 yil
- Foiz stavkasi - 14% (milliy valyutadagi kreditlar) va 3% (xorijiy valyutadagi kreditlar)
Agar investisiya loyihalari qiymati 100 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshsa, oshgan qismi uchun ham kredit olish mumkin.
Deylik, ajoyib investision loyihangiz bor, ushbu loyiha Sanoat zonalaridan birida joylashtirilib sizga tijorat banki kredit ajratishga rozi bo‘lgan taqdirda, bunday summadagi kredit bo‘yicha garov ta'minoti sifatida nimalarni taqdim etish mumkin?
Kredit bo‘yicha quyidagilarni garov ta'minoti sifatida keltirishingiz mumkin:
1. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan investision loyihalar uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha kredit summasining
50 foizigacha miqdorida, biroq 500 mln so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beriladi;
2. Sug‘urta tashkilotlari[1] tomonidan yillik 2 foiz stavkasida kreditni qaytmaslik xataridan sug‘urtalovchi polis taqdim etadi.
Agar sizning soliqlar hamda oldingi tuzilgan kredit shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorliklaringiz mavjud bo‘lsa, kreditlar ta'minoti bo‘yicha yuqorida ko‘rsatilgan kafillik va sug‘urta polisi sizga berilmaydi.
Ushbu holatda, siz kredit uchun boshqa ta'minot turlarini taqdim etishingiz zarur bo‘ladi.
Yosh tadbirkorlarga o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun bino va inshootlardan foydalanish bo‘yicha ham imtiyozlar mavjud.
1. Yosh tadbirkorlar Yoshlar sanoat zonalaridagi bino va inshootlardan ijara asosida foydalanishlari mumkin. Bunda, bo‘sh bino va inshootlar davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun belgilanadigan ijara to‘lovining eng kam miqdoridan oshmagan stavkalarida ijaraga beriladi.
2. Keyinchalik bino yoki inshootlarni o‘z balansida aktiv sifatida ko‘rishni xohlovchi yosh tadbirkorlar lizing asosida binolarni sotib olish imkoniyatiga ega.
Lizing asosida binolar necha foiz asosida taqdim etiladi?
Tijorat banklari tomonidan yosh tadbirkorlik sub'ektlariga binolarni lizing asosida berish milliy valyutada yillik 14 foiz stavkasida amalga oshiriladi. Bunda, bino qiymatining 10 foizi tadbirkor tomonidan boshlang‘ich to‘lov sifatida to‘lanadi.
Ta'kidlab o‘tish zarurki, faqatgina yosh tadbirkorlar emas, balki, yoshlarni ish bilan ta'minlashga o‘z hissasini qo‘shayotgan ish beruvchilar ham imtiyozlarga ega bo‘lishlari mumkin:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6208 sonli qaroriga muvofiq, joriy yil 1 maydan 2023 yil 1 yanvarga qadar ish beruvchilarga [2] ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlari uchun to‘lagan ijtimoiy soliq summasi (12 foiz) Davlat byudjetidan to‘liq qaytarib beriladi.
Bundan tashqari, “Yoshlar daftariga” kiritilgan tadbirkorlarga quyidagi imtiyozlar yaratilgan:
1. Tadbirkorlik uchun zarur asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish maqsadida bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha (hozirgi kunda 9,8 mln. so‘mgacha) subsidiyalar ajratiladi;
2. Dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanishda urug‘liklar va ko‘chatlarni xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravarigacha (hozirgi kunda 1,96 mln.so‘mgacha) subsidiyalar ajratiladi;
3. Yosh tadbirkorlar bino va inshootlarni ijaraga olgan bo‘lsalar, bir yillik ijara xarajatlarining 30 foizi – biroq ko‘pi bilan 7,35 mln. so‘mgacha (BHM ning 25 barobari) kompensasiya qilinadi.
O‘z loyihalaringizni amaliyotga tatbiq eting, tadbirkorlik bilan shug‘ullaning hamda ushbu yo‘lda siz uchun yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozlardan xabardor bo‘lib, ulardan maksimal ravishda foydalaning!
[1]ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ziyod bo‘lgan sug‘urta tashkilotlari
[2] Byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno