Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxslarga qanday turdagi subsidiyalar beriladi?

Oxirgi yangilanish:  15 Iyun 2023 09:27
1924
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxslarga qanday turdagi subsidiyalar beriladi?
2

Tadbirkorlik bu tavakkalchilik demakdir. Tadbirkorlik faoliyatidagi xavf-xatarlarni xolis baholash uchun bo‘lajak tadbirkor o‘zining boshlang‘ich mablag‘lari hisobiga biznesni qurishi juda ham muhim hisoblanadi. O‘z mablag‘lari yetarli bo‘lmaganda esa, kredit va subsidiyalar tadbirkorga yordamga keladi.

Subsidiyaning kreditdan farqi shundaki, u davlat tomonidan ma'lum bir sohalarni rivojlantirish va rag‘batlantirish maqsadida qaytarib olmaslik sharti bilan ajratiladi. Lekin, ajratilgan subsidiya suiiste'mol qilinganligi aniqlansa, davlat qonunchilikda ko‘zda tutilgan tartibda uni qaytarib olishi mumkin.

Aholi (yuridik va jismoniy shaxslar) orasida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, bandlikni ta'minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish maqsadida Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi maqsadlar uchun subsidiyalar ajratiladi:

  • «Temir daftar», “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlash maqsadida asbob-uskunalarni xarid qilish uchun – 7 mln so‘mgacha, xotin-qizlarga 10 mln so‘mgacha;
  • Tadbirkorlik sub'ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tib, endi faoliyatini boshlayotgan ishsiz fuqarolarga dastlabki 3 oy mobaynida ijara to‘lovini to‘lash uchun – 10 BHM [2] gacha;
  • yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun – 30 BHM gacha;
  • qishloq xo‘jaligi kooperativlari (baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik, asalarichilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, tikuvchilik, hunarmandchilik va boshqa sohalar) ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun (bunda, kooperativ ishsiz fuqarolar, kam ta'minlanganlar va qaytgan muhojirlarning bandligini ta'minlash maqsadida tashkil etilishi lozim) – 10 BHMgacha;
  • sug‘orish vositalari xarid qilish uchun – 10 BHMgacha;
  • urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun – 3 BHMgacha;
  • gilam va ipak mato to‘qish dastgohini xarid qilish uchun (bunda, uchtadan kam bo‘lmagan ish o‘rni yaratilishi lozim) – har bir dastgoh uchun 10 BHMgacha;
  • baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun – 2 BHM;
  • kasb-hunarga o‘qitish markazlarida komp'yuterlarni ta'mirlash va sozlash, video va fotosuratga olish, mebellarni ta'mirlash va yig‘ish, sartaroshlik xizmatlari, manikyur, pedikyur xizmatlarini ko‘rsatish kabi hunar o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarga yoki hunar o‘rgatayotgan (yoki o‘rgatmoqchi bo‘lgan) ustalarga shogirdlar tayyorlash yoki shogirdlarni ish haqi bilan ta'minlash uchun — 3 oy mobaynida 5 nafar shogirdga har oyda BHMning 4 baravarigacha;
  • shogirdlarga - mustaqil faoliyat boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olish, ustalarga o‘z mahsulotlarini elektron tijorat orqali sotish uchun saytlarni tashkil etish va reklama xarajatlarining 50%i (ammo BHMning 25 baravari miqdoridan oshmaydigan qismi);
  • hunarmandlarga zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta'minlash uchun – 6 oy davomida har oyda bir o‘quvchiga BHMning 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda.
Subsidiya olish uchun qanday hujjatlar zarur?

Subsidiyaning maqsadi va yo‘nalishiga qarab talab etiladigan hujjatlar bir-biridan farq qilishi mumkin. Masalan, «Temir daftar», “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolar subsidiya olish uchun quyidagi ma'lumot va hujjatlarni «Onlayn Mahalla» (https://online-mahalla.uz/) - elektron platformasiga kiritishi kerak:

  • familiya, ismi va otasining ismi;
  • doimiy yashash manzili;
  • pasport seriyasi va raqami (ID-karta raqami);
  • «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ning birida turganligi;
  • sotib olinadigan asbob-uskuna va/yoki mehnat qurollarining nomi;
  • so‘ralayotgan subsidiya miqdori;
  • tadbirkor sifatida davlat xizmatlari markazida davlat ro‘yxatidan yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tganligi.
Subsidiyalarni olish uchun qanday ariza beriladi?

Ushbu turdagi subsidiyalar hokim yordamchisining tavsiyasi bilan ajratiladi. Bunda doimiy yashash joyi manzilidagi hokim yordamchisiga yozma shaklda yoki “Onlayn mahalla” (https://online-mahalla.uz/) elektron platformasi orqali murojaat qilish mumkin.

Subsidiyaga onlayn ariza berishning tartibi qanday?

“Onlayn Mahalla” elektron platformasi orqali murojaat qilmoqchi bo‘lgan fuqarolar quyidagi ishlarni amalga oshiradilar:

  1. https://online-mahalla.uz/ saytiga kiriladi;
  2. “Subsidiyaga ariza” tugmasi bosiladi;
  3. Hosil bo‘lgan oynada asosiy ma'lumotlar kiritiladi (arizachining turi (jismoniy yoki yuridik shaxs) tanlanadi, pasport yoki ID raqam, tug‘ilgan sana ma'lumotlari kiritiladi);
  4. Keyingi oynada arizachi yashash manzili hamda telefon raqami kiritiladi;
  5. So‘ng, subsidiya oynasi ochilib, subsidiya turi (subsidiya turidan kelib chiqqan holda boshqa kerakli ma'lumotlar va hujjatlar) hamda miqdori kiritiladi;
  6. Yakuniy bosqichda “arizani tayyorlash” tugmasi bosiladi va onlayn ariza jo‘natiladi.
Subsidiya necha kunda va qanday shaklda ajratiladi?

Yuridik va jismoniy shaxslar subsidiya olish bo‘yicha ariza berganidan so‘ng, jami 7 ish kuni ichida arizachiga subsidiya ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilinadi:

1. 3 ish kunida hokim yordamchisi:

  • ma'lumotlarni arizachining joyiga chiqqan holda o‘rganadi;
  • dalolatnoma rasmiylashtiradi;
  • Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi (Markaz)ga arizachi bo‘yicha tavsiya, dalolatnoma va arizani yuboradi.

2. 2 ish kunida Markaz:

  • hujjatlarni haqqoniyligini o‘rganadi;
  • Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining (Agentlik) hududiy boshqarmasiga ariza bo‘yicha xulosa yuboradi.

3. 2 ish kunida Agentlikning hududiy boshqarmasi:

  • Markaz xulosasi va u bilan yuborilgan hujjatlarni o‘rganib chiqadi;
  • o‘rganish natijasiga ko‘ra subsidiya ajratish to‘g‘risida Agentlik hududiy boshqarmasining tegishli buyrug‘i rasmiylashtiriladi;
  • buyruq to‘g‘risida “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali Markazga, hokim yordamchisiga hamda arizachiga yozma xabarnoma yuboradi.
Subsidiya ajratilishi qanday holatlarda rad etilishi mumkin?

Subsidiyani ajratish bo‘yicha ma'lumot va hujjatlarni o‘rganishga mas'ul hokim yordamchisi, Markaz va Agentlikning hududiy boshqarmasi tomonidan qalbaki hujjatlar, noto‘g‘ri (yolg‘on) ma'lumotlar taqdim etilganligi aniqlansa, subsidiya ajratilishi rad etilishi mumkin.

Bunday vaziyatda arizachiga rad etish sabablari ko‘rsatilgan xabarnoma quyidagi muddatlarda yuborilishi lozim:

  • hokim yordamchisi tomonidan: 1 ish kunida;
  • Markaz tomonidan: ikki ish kunida;
  • Agentlikning hududiy boshqarmasi tomonidan: ikki ish kunida

[1] https://lex.uz/uz/docs/-6002834

[2] BHM – bazaviy hisoblash miqdori. 2022-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida BHM 300 000 so‘m.




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Yoshlar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar

Yoshlar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalaning

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalaning

Oilakredit.uz platformasi orqali kreditlar ajratish tartibi tasdiqlandi

Oilakredit.uz platformasi orqali kreditlar ajratish tartibi tasdiqlandi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X