Har bir inson hayoti davomida turli moliyaviy vaziyatlarga duch keladi. Doimiy daromad manbaiga ega insonlar, oila boquvchilari to‘satdan sog‘liqlari yomonlashganda, turli sabablarga ko‘ra o‘z ish joylarini tark etganlarida yoki pensiyaga chiqqanlarida nafaqat o‘zini, balki oila a'zolari xarajatlarini ta'minlashda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan MDH davlatlarida moliyaviy savodxonlik darajasini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, 83% respondentlar davlat tomonidan beriladigan pensiya to‘lovlariga umid qilishar ekan. Lekin pensiya to‘lovlari farovon hayot tarzi uchun yetarlimi? Shuni unutmaslik kerakki, pensioner farovon yashashi uchun unga ishlagan vaqtidagi o‘rtacha oyligining 70% barobari miqdorida daromad mablag‘lari kelib turishi lozim.
Xo‘sh, kelajakda moddiy qiyinchiliklarga duch kelmaslik uchun mablag‘larni qaerga yo‘naltirish kerak?
Dastavval, o‘z jamg‘armangizni shakllantiring va uni to‘g‘ri sarmoyaga yo‘naltiring. Ushbu kiritilgan sarmoya sizga passiv daromad olib kelishga xizmat qilsin.
Quyida kelajakda moliyaviy farovonlik va barqarorlikni ta'minlovchi ayrim usullar hamda ularning afzallik va kamchiliklari haqida ma'lumot beramiz:
Jamg‘armalarni bank omonatlari yordamida ko‘paytirish
Afzalliklar:
- pullarni jamg‘arishning xavfsizligi, bunda sizning pullaringiz ishonchli joyda qo‘riqlanadi;
- omonat uchun foiz daromadlar hisoblanishi;
- omonatning qaytarilishi kafolatlanganligi.
Har qanday holatda ham sizning O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi pullaringiz Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi orqali to‘liq qaytarilishi kafolatlangan;
- omonatning jozibadorligi.
Hozirgi kunda omonatlarni onlayn ochish imkoniyati ham mavjud bo‘lib, bu sizga vaqtingizni, mablag‘ingizni tejashingizga yordam beradi. Shuningdek, ko‘pchilik omonat turlarida omonat miqdorini istalgan vaqtda to‘ldirish va qisman yechib olish kabi imkoniyatlar ham mavjud.
Kamchiliklar:
- foizli daromad miqdorining kamligi.
Bunda sizning daromadingiz omonat miqdoriga bog‘liq bo‘ladi. Omonat miqdori qancha ko‘p bo‘lsa hisoblanadigan foizlar ham mos ravishda shuncha ko‘p bo‘ladi;
- muddatidan oldin yopilgan omonat foizlarning yo‘qotilishi.
Agar sizga o‘z mablag‘ingiz zarur bo‘lib qolsa va siz omonatingizni muddatidan oldin qaytarib olmoqchi bo‘lsangiz tanlagan omonat turingizga qarab hisoblangan foizlar qisman to‘lanishi, to‘lanmasligi yoki qayta hisoblanishi mumkin.
Ko‘chmas mulk xarid qilish
Afzalliklar:
- ko‘chmas mulkni ijaraga berish orqali daromad olish;
- shaxciy tadbirkorlik uchun foydalanish.
Agar siz o‘z tadbirkorligingizni boshlamoqchi bo‘lsangiz boshqalarga ijara to‘lamasdan o‘z mulkingizdan foydalanishingiz mumkin. Bu esa ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi.
Kamchiliklar:
- ortiqcha xarajatlar mavjudligi.
Ko‘chmas mulk bilan bog‘lik turli xarajatlar mavjud: kommunal to‘lovlar, turli nosozliklar, soliqlar, texnikani ta'mirlash/yangilash xarajatlari va boshqalar;
- ko‘chmas mulk va ijara narxining pasayib ketishi.
Turli kutilmagan vaziyatlar sababli narxlar keskin pasayishi mumkin(masalan, bozordagi talabning keskin tushib ketishi, yoki aynan sizda mavjud ko‘chmas mulk turiga nisbatan; yangi qurilgan uylar sizning ko‘chmas mulkingizni jozibadorligini kamaytiradi);
- qiymat yo‘qolishi.
Misol uchun, yillar o‘tishi bilan siz xarid qilgan kvartira har tomonlama eskiradi va bevosita uning narxi birlamchi bozornikidan pastroq bo‘ladi.
Oltin quymalar yoki esdalik oltin tangalarini xarid qilish
Oltin o‘z qiymatini doimo saqlab kelgan hamda aholining investisiya va jamg‘arish imkoniyatlarini kengaytiradi. Hozirgi kunda tijorat banklari orqali siz og‘irligi 5, 10, 20 va 50 gramm bo‘lgan, 999,9 soflikdagi oltindan tayyorlangan quymalarni yoki 15, 20 va 31,1 gramm bo‘lgan esdalik tangalarini xarid qilishingiz mumkin.
Afzalliklar:
- erkin xarid qilish va sotish imkoni.
Tijorat banklari orqali oltin quyma va esdalik tangalarni xarid qilish va qayta sotish mumkin;
- uzoq muddatlarda yaxshi daromad olish imkoni.
Kamchiliklar:
- qisqa muddatlarda daromad olish imkonining kamligi;
- yo‘qotib qo‘yish yoki o‘g‘irlatish ehtimolining mavjudligi;
- oltin quymalarining xavfsiz saqlanishini ta'minlash.
Agar oltin quymaning qadog‘i turli ehtiyotsizliklar sababli ochilgan yoki unga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bunda bank texnik eksperizani amalga oshiradi (20 ish kuni davomida) va tekshiruv yakunlangandan so‘ng to‘lov amalga oshiriladi.
Sug‘urta mahsulotlari
Siz navqironlik davrda yaxshigina daromad topayotganingizda kelgusi yillarni yoki keksalikni o‘ylagan holda o‘z sog‘lig‘ingizni sug‘urtalab qo‘yishingiz mumkin. Afzalliklar:
- hayot va boshqa sug‘urta turlaridan foydalanish.
Bunda siz turli talofatlar, baxtsiz xodisalardan sug‘urtalinish natijasida ortiqcha kutilmagan xarajatlarni kamaytirasiz. Misol uchun, hayot sug‘urtasida turli kasalliklarga chalinganingizda davolanish xarajatlari sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan summada sug‘urta kompaniyasi tomonidan to‘lab beriladi.
Kamchiliklar:
- sug‘urta hodisasining ro‘y bermasligi.
Agar hech qanday sug‘urta hodisasi sodir bo‘lmasa sug‘urta uchun to‘langan pullar sizga qaytarib berilmaydi.