Jamg‘arish texnikalari

Oxirgi yangilanish:  19 Sen 2022 14:12
2945
Jamg‘arish texnikalari
3

Byudjetni to‘g‘ri rejalashtirish va pulni oqilona sarflash uchun avvalo pullarni qaerga sarflanayotganini bilish kerak. Bu xarajatlar va daromadlarni hisobga olish orqali amalga oshirilishi mumkin. Moliyaviy rejalashtirishda turli yozma va elektron vositalarga tayanamiz:

  • bloknot yoki daftar
  • mobil ilovalar
  • komp'yuter dasturlari (Microsoft Excel, Microsoft Word)

Daromadlar, xarajatlarni to‘g‘ri taqsimlash, moliyaviy maqsadlar va moliyaviy yostiqcha uchun pullarni ajratishni rejalashtirish uchun biz sizga jamg‘armalarni shakllantirish bo‘yicha bir nechta texnikalarni tayyorladik:

1. “Yarim-yarim” texnikasi – eng oddiy usul. Jamg‘arishga tayyor bo‘lganlar, lekin hisoblashni istamaydigan odamlar uchun qulay texnika xisoblanadi. Ya'ni, maoshingizning yarmini jamg‘arma uchun ajratasiz va shu pullarni unutasiz, ikkinchi yarmini esa kunlik xarajatlar uchun sarflashingiz mumkin.

2. “60% texnikasi” – moliyaviy maslahatchi Richard Jenkins tomonidan ixtiro qilingan, usulning mohiyati shundaki, daromadingizning 60% qismini siz joriy xarajatlar uchun, qolgan qismini esa qo‘yidagicha taqsimlaysiz: 10% pensiya jamg‘armalari; 10% uzoq muddatli xaridlar va to‘lovlar; 10% rejasiz xarajatlar; 10% har qanday o‘yin-kulgi.

3. “50-30-20” texnikasi (E. Uorren)

Ushbu texnika bo‘yicha qo‘yidagi uchta yo‘nalishni muvozanatda saqlash zarur:

Zaruriyat (daromadning 50% qismi): oziq-ovqat, kommunal xizmatlar va boshqalar;

Istaklar (daromadning 30% qismi): kitoblar, fil'mlar, kafe va boshqalar;

Jamg‘arma (daromadning 20% qismi): 10% - moliyaviy yostiqcha, 10% - moliyaviy maqsadlar.

4. “Olti ko‘zalar usuli” yoki “Ko‘zalar qoidasi” texnikasi (angl. 6 Jars Budgeting Method) - byudjetlashtirishda qo‘llaniladigan klassik konvertlar texnikasi. Ushbu pulni boshqarish tizimi T.Xarv Eker tomonidan “Millionerdek o‘ylang” kitobida tasvirlangan.

Ushbu texnikaning mohiyati shundaki, barcha daromadlarni oltita toifa (ko‘zalar)ga taqsimlanadi va belgilangan tartibda sarflanadi:

1-ko‘za. Zarur yoki joriy xarajatlar (Necessity Account, NEC) - 55% ni tashkil qiladi. Ushbu qo‘zada qo‘yidagi joriy xarajatlar uchun pul saqlanadi: oziq-ovqatlar, kommunal xizmatlar, kreditlar, dori-darmonlar, transport, tibbiyot va boshqalar.

2-ko‘za. Istaklar (Play Account, PLAY) - 10%. Bu ko‘zadan pul o‘zingiz haqingizda qayg‘urishingiz uchun sarflanadi. O‘zingiz odatlanmagan xaridlarni amalga oshiring. Ushbu ko‘zadagi pul hisobidan massaj, karting klub, konsert yoki dam olishga borishingiz mumkin. O‘zingizni rag‘batlantiring, ortiqcha pul sarflaganingiz uchun vijdon azobisiz rohatda yashang.

3-ko‘za. Moliyaviy erkinlik (Financial Freedom Account, FFA) - 10%. Ushbu ko‘za sizning moliyaviy erkinligingiz uchun chipta hisoblanadi. Pullar hech qanday sharoitda sarflanmaydi, faqat passiv daromad olish uchun ishlatiladi. Moliyaviy erkin bo‘lganingizda ham, ushbu ko‘zadagi pullardan olgan foydanigina sarflashingiz mumkin.

4-ko‘za. Ta'lim (Education Account, EDU) - 10%. Ushbu ko‘zadagi pul ta'lim va shaxsiy rivojlanish uchun sarflanadi. O‘zingiz va bolalaringizga sarmoya kiritish – pul sarflash uchun ajoyib sabab. Pullar ta'lim, o‘quv kurslari, master-klasslar, treninglar va kitoblar uchun sarflanadi. O‘z-o‘zingizni rivojlantirish sizga nafaqat asosiy ishingizda, balki qo‘shimcha va passiv daromad manbalarini yaratishda ham ko‘proq imkoniyatlar berishi mumkin.

5-ko‘za. Zaxira fondi va kelajakdagi xaridlar (Long Term Saving for Spending Account, LTSS) - 10%. Ushbu ko‘zada saqlanadigan pullardan moliyaviy yostiqcha sifatida katta xarajatlar uchun foydalanish mumkin (ta'til, idish yuvish mashinasi, avtomobil' va h.k.). Ushbu hisobdagi pul moliyaviy qiyinchiliklardan xalos bo‘lishga, qarzlardan qutulishga va kelajakka ishonch bildirishga imkon beradi.

6-ko‘za. Sovg‘alar va xayriya hisobvarag‘i (Give Account, GIVE) - 5%. Ushbu ko‘zadagi pul xayriya maqsadlarida yoki do‘stlar, qarindoshlar, qo‘shnilarga sovg‘alar xarid uchun sarflanadi. Bu pullarni qancha erkin sarflasangiz, shuncha tezroq qaytib keladi. Bundan tashqari, yaqinlarga sovg‘alar ulashish har doim yoqimli.

Jamg‘arish uchun tavsiyalar

Jamg‘armalarni yanada samarali ko‘paytirishga yordam beradigan qo‘shimcha tavsiyalar mavjud:

1. Har kuni cho‘ntagingizda qolgan mayda pullarni “kopilka”ga joylashtiring. Ular oyning oxirida yig‘ilib ko‘proq pulga aylanadi.

2. Siz sarflaydigan pullarni to‘rt haftaga ajrating – har haftaning oxirida 7 kunlik byudjetdan ortgan pullaringizni jamg‘armaga o‘tkazing.

3. Qaytarilgan qarzlarni “kopilka”ga to‘liqligicha yuboring. Aslida, bu summa daromad emas, shunchaki siz avvalgi oylarda hisobga olmagan pullaringizni qaytarib oldingiz.

4. Tasavvur qiling, valyuta ayirboshladingiz. Mavjud summani yaxlitlab, ortib qolgan miqdorni “kopilka”ga joylashingiz mumkin. Deylik, 1 095 000 so‘m miqdordagi summaning 35 000 so‘mini jamg‘arish uchun ajratasiz. Keyinchalik ular katta summaga aylanadi.

5. O‘zingiz uchun jarimalar tizimini ishlab chiqing. Zararli odatlar uchun o‘zingizni moliyaviy jihatdan jazolang. Masalan, mashg‘ulotni o‘tkazib yubordingizmi – “kopilka”ga 10 000 so‘m joylashtiring. Har ikki holatda ham foyda bo‘ladi: yoki zaxiradagi pulingiz ko‘payadi, yoki yanada intizomli bo‘lasiz.

6. Keraksiz xarajatlarni ikki haftaga kechiktiring. Agar bu muddatdan keyin ham sizda xarid xohishi saqlanib qolsa, unda ixtiyor o‘zingizda. Ammo 14 kun ichida ushbu xarajat juda zarur emasligiga ayon bo‘lishingiz ham mumkin.




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Oilaviy budjet

Oilaviy budjet

Talabalar uchun soliq imtiyozi

Talabalar uchun soliq imtiyozi

Pulni tejashda odamlarning 5 ta xatosi

Pulni tejashda odamlarning 5 ta xatosi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X