Bank iste'molchining talabiga ko‘ra quyidagi hujjatlarning bank tomonidan tasdiqlangan nusxalarini bepul (bitta bank xizmatini ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha bir marta) berishga majbur:
- bank va iste'molchi tomonidan imzolangan bank xizmatini ko‘rsatish haqidagi shartnomani;
- iste'molchi tomonidan berilgan ariza (agar qonun hujjatlariga muvofiq bunday arizaning rasmiylashtirilishi majburiy bo‘lsa yoki bankning ichki qoidalariga asosan bank xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomani tuzish chog‘ida bunday arizani rasmiylashtirilishi shart bo‘lganda);
- iste'molchiga kredit berilganligini tasdiqlovchi hujjat (order, to‘lov topshiriqnomasi, elektron to‘lov vositasiga pul mablag‘lari o‘tkazilganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma);
- kredit shartnomalari bo‘yicha iste'molchi tomonidan majburiyatlari to‘liq bajarilganligini tasdiqlovchi hujjat (ma'lumotnoma).
Eslatma! Bank iste'molchining talabiga ko‘ra yuqorida nazarda tutilgan hujjatlarni ularni tayyorlash xarajatlaridan oshmaydigan haq evaziga cheklanmagan tarzda taqdim etishi mumkin. Bunday hujjatlarni taqdim etishning imkoni mavjud bo‘lmagan taqdirda, bu haqida bank tomonidan iste'molchiga asosli ravishda yozma xabar berilishi kerak.
Iste'molchining talabidan qat'iy nazar bank iste'molchiga yoki uning vakolatli vakiliga bank xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma imzolangan kunda shartnomaning bitta asl nusxasini taqdim etishi kerak.