Kreditni to‘g‘ri so‘ndirishning 5 ta qoidasi

Oxirgi yangilanish:  17 Avg 2022 12:59
1962
Kreditni to‘g‘ri so‘ndirishning 5 ta qoidasi
7

Dastavval, kredit olayotganda pulni qanday sarflash haqida emas, balki olingan qarzni qanday to‘lash haqida o‘ylash kerak. Ya'ni, kredit majburiyatlarini byudjetingizga qay darajada mos kelishini aniqlashingiz kerak.

Agar siz kreditni rasmiylashtirish haqida o‘ylayotgan bo‘lsangiz yoki uni endigina olgan bo‘lsangiz, shuni unutmangki, kreditni o‘z vaqtida va to‘g‘ri so‘ndirish muhim sanaladi. Buning uchun quyidagi tavsiyalarimiz bilan tanishib chiqing:

1.      Kreditni qaytarish jadvaliga amal qiling

Birinchi navbatda kreditni qaytarish jadvalini diqqat bilan ko‘zdan kechiring va taqvimda to‘lovlar sanasini belgilash orqali imkon qadar unga rioya qiling. Daromad va xarajatlaringizni to‘liq tahlil qilishni unutmang. Siz o‘zingiz uchun moliyaviy hisobotlarni yuritishingiz va har oyda natijalarni yozib borishingiz mumkin. Shuningdek, daromad va xarajatlarning hisobini yuritish uchun mobil ilova yuklab olishingiz ham mumkin. Agar to‘lovlaringizning ko‘proq qismini bank kartasi orqali amalga oshirsangiz, bank yoki to‘lov tashkilotining mobil ilovasi orqali ularni tizimlashtirishingiz mumkin. Bunda siz keraksiz xarajatlarni kuzatib borish imkoniyatiga ham ega bo‘lasiz.

Bu muhim! Siz bankning mobil ilovasi orqali kreditning joriy holatini kuzata olasiz. Buning uchun kreditning ID raqamini bilish kifoya.
2.      Keraksiz xarajatlarni maksimal darajada qisqartiring

Shuni tushunish kerakki, ma'lum xarajatlarni kamaytirmasdan, siz kreditni so‘ndira olmaysiz, chunki kredit bo‘yicha to‘lovlar ham byudjetingizning majburiy xarajatlar qismiga kiradi.

Barcha daromad va xarajatlaringizni tahlil qiling hamda eng muhimlarini qoldiring (misol uchun, transport xarajatlarini).

Vaqtincha nimadan voz kechishingiz mumkinligini tartib va mas'uliyat bilan aniq belgilab olishingiz kerak. Deylik, qimmatli odatlardan voz kechishni inobatga oling (spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlari, kafe va restoranlardagi rejalashtirilmagan tushliklar va boshqalar).

Shuni esda tuting, bu faqat sizni qarzingizdan qutilishga yordam beradigan vaqtinchalik choralardir.

3.      10% qo‘shing!

Kreditni muddatidan oldin to‘lash haqiqatdan ham ortiqcha to‘lovni tejashga yordam beradi. Muddatidan oldin kreditni bittada to‘lash maqsadida pul yig‘ish kerak emas. Undan ko‘ra, har oylik to‘lovingizni oz-ozdan ko‘paytirib borish yaxshiroq.

Agar siz har oyda kredit bo‘yicha to‘lovingizni kamida 10%ga ko‘paytirsangiz, siz kreditni muddatidan oldin tezroq yopishingiz va pulingizni tejashingiz mumkin.

Bu muhim! Kreditni qaytarish grafigida belgilangandan ko‘ra ortiq to‘lovni amalga oshirsangiz, ushbu to‘lovlarni kreditning asosiy qismini so‘ndirishga yunaltirish bo‘yicha bankni (og‘zaki/yozma ravishda) ogohlantirishingiz lozim. Aks holda ular sizning bank hisobraqamingizda qolib ketishi mumkin. Ushbu shart kredit shartnomasida ko‘zda tutilgan bo‘ladi.

4.      Moliyaviy yostiqchani shakllantiring

Moliyaviy yostiqcha – bu ko‘zda tutilmagan vaziyatlar uchun ajratilgan pul. Yaqin kelajakda nima bo‘lishini oldindan aytib bo‘lmaydi – ish joyini yo‘qotish, sog‘liq bo‘yicha muammolar va boshqa fors-major vaziyatlar.

Kredit bo‘yicha keyingi to‘lovlarni o‘tkazib yubormaslik uchun moliyaviy xavfsizlik yostiqchasiga ega bo‘lish lozim. Bunda moliyaviy yostiqcha eng kamida sizning 6 oylik jami xarajatlaringiz (shu jumladan, kredit to‘lovlaringiz) miqdorida bo‘lishi maqsadga muvofiq. Buning uchun siz onlayn omonat ochishingiz va har oy unga ma'lum miqdordagi pulni yo‘naltirishingiz ham mumkin.

Bu muhim! Bunday zaxiraga pulni xarajatdan keyin emas balki daromad olganda ajratish lozim. Jamg‘armaga doimiy ravishda ajratiladigan bunday pul, kam miqdorda (ish haqining 10 % atrofida) bo‘lsa ham, vaqt o‘tishi bilan sezilarli darajadagi pulni yig‘ishga yordam beradi.

5.      To‘lovlarni kechiktirishdan saqlaning!

Kreditning oylik to‘lovlariga jarima hisoblanmasligi uchun har qanday holatda ham to‘lovlarni kechiktirmang. To‘lov o‘z vaqtida bajarilganligiga amin bo‘lish uchun kredit bo‘yicha to‘lovlarni belgilangan sanadan bir necha kun oldinroq amalga oshiring. Agar to‘lov sanasi dam olish yoki bayram kuniga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, bunda ham to‘lovni oldinroq amalga oshirish tavsiya etiladi.

To‘lovga kechikmaslik uchun, nafaqat to‘lovni amalga oshirish sanasini eslab qolish, balki kerakli pulni ham tayyorlab qo‘yish kerak.

Aytganimizdek, kredit to‘lovlarini vaqtida amalga oshirish uchun taqvim eslatmalari sizga yordam beradi.

Bu muhim! Kredit shartnomasi va to‘lovlar grafigini saqlab qo‘ying. Unga imzo qo‘yishdan oldin siz uni o‘rganib chiqish uchun olib ketishingiz va xodimga tushunarsiz bandlar bo‘yicha savollar berish huquqiga egasiz.
Kreditni to‘g‘ri so‘ndirish nima uchun muhim?

To‘lovlarni kechiktirishingiz sizning kredit tarixingizga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bu esa kelajakda istalgan kredit turini olish imkoniyatingizni kamaytiradi.




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Uy-joy sotib olish va ta'mirlash uchun qanday kreditlar olish mumkin?

Uy-joy sotib olish va ta'mirlash uchun qanday kreditlar olish mumkin?

Pensionerlar uchun kreditlar

Pensionerlar uchun kreditlar

Lizing o‘zi nima?

Lizing o‘zi nima?

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X