Yangi tartib doirasida ipoteka kreditlarini qanday shartlar asosida olish mumkin va qanday imtiyozlar mavjud?

Oxirgi yangilanish:  5 May 2021 12:46
1429
Yangi tartib doirasida ipoteka kreditlarini qanday shartlar asosida olish mumkin va qanday imtiyozlar mavjud?
2
Bugungi kunda, tijorat banklari tomonidan qator ipoteka kreditlari taklif etilmoqda. Ularning farqi nimada? Qaysi biri siz uchun mos?

Ipoteka kreditlari bo‘yicha foizlar ularning resurs manbaasidan kelib chiqib, bir-biridan farq qiladi:

1.Tijorat banklarining o‘z mablag‘lari (22-26 foiz);

2.Yangi tartib doirasida Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga ajratiladigan mablag‘lar [1] (17-19 foiz);

3.Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari [2](18 foiz).

(!) Yangi tartib doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, Moliya vazirligi tomonidan ajratilgan mablag‘lar va tijorat banklarining ipoteka kreditlari bo‘yicha foizlar mutanosib ravishda kamayadi, oshirilgan taqdirda esa o‘zgarishsiz qoladi.
Yangi tartib bo‘yicha ipoteka kreditlari qanday shartlar asosida beriladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabr' sanasidagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5886-sonli Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6186 sonli farmonida belgilangan Yangi tartibga muvofiq, ipoteka kreditlari birlamchi uy-joy bozorida kvartiralarni sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish uchun bozor foizlari asosida uy-joy hisoblangan qiymatining 85 foizidan oshmagan miqdorda, 20 yil muddatga (mijozning xohishiga ko‘ra 6 oylik imtiyozli davr bilan va dastlabki badali sotib olinadigan kvartira qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda ajratiladi.

Yangi tartib doirasida qancha miqdorda ipoteka kreditini olish mumkin?

Yangi tartib doirasida har bir hudud bo‘yicha uy-joy hisoblangan qiymati, boshlang‘ich badal va ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori uchun tegishli me'yorlar belgilangan. Agarda sotib olinadigan uy-joyning bozor narxi belgilangan qiymatdan yuqori bo‘lsa, quyida keltirilgan kredit summasidan oshgan barcha qismini qarz oluvchi o‘z hisobidan, yoki boshqa ipoteka krediti rasmiylashtirish orqali qoplashi mumkin:

Qishloq joylarda narxi 280 mln. so‘mdan oshmagan kvartiralar uchun ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori 238 mln. so‘mgacha;

Viloyat shaharlarida narxi 364 mln. so‘mdan oshmagan kvartiralar uchun ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori 309 mln. so‘mgacha;

Toshkent shahrida narxi 399 mln. so‘mdan oshmagan kvartiralar uchun ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori 339mln. so‘mgacha;

(!) E'tibor bering, uy-joy narxining belgilangan me'yordan oshgan qismini qoplash uchun olinadigan boshqa ipoteka krediti foizlari va shartlari yangi tartib doirasida ajratiladigan kreditlardan farq qiladi.

Ipoteka kreditlari uchun qanday garov mulklari ta'minotga olinadi?

“Ipoteka to‘g‘risida”gi qonunga asosan, birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun olingan ipoteka kreditlari ta'minotiga sotib olinayotgan uyning o‘zi qo‘yiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 martdagi 6186-son “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun ipoteka krediti ajratishda ta'minot sifatidi fuqarolarga tegishli bo‘lgan yakka tartibdagi uy-joyning o‘zi yoki boshqa turdagi ta'minot turlari taqdim etilishi lozim.

Ushbu holatda boshqa ta'minot qo‘yilgan bo‘lsa, yakka tartibdagi uy-joy qurilishi (rekonstruksiya qilinishi) yakunlanib, kadastr hujjatlari rasmiylashtirilganidan so‘ng, ipoteka krediti bo‘yicha ta'minot ushbu uy-joy garoviga almashtiriladi.

Ipoteka kreditini olish jarayonida qarz oluvchidan qanday xarajatlar talab etiladi:

  • notarial tartibda oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha xarajatlar;
  • kvartiraning kadastr hujjatlarini tayyorlash xarajatlari;
  • sug‘urta qilish bo‘yicha xarajatlar.
Yangi tartib doirasida fuqaro kredit olish uchun bankka qanday hujjatlarni taqdim etish kerak?
  • kredit ajratilishi yuzasidan ariza;
  • qarz oluvchi/birgalikda qarz oluvchilarning pasport nusxasi;
  • qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchining (agar mavjud bo‘lsa) daromadlari haqidagi ma'lumotnoma:
  • uy-joy qurgan pudrat tashkiloti bilan kvartirani sotib olish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma;
  • sotib olinayotgan uy-joyning kadastr hujjatlari; >
“O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ mablag‘lari hisobidan ipoteka krediti olish uchun qanday hujjatlar talab etiladi ?
  • qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchining) pasporti asl nusxalari;
  • dastlabki oldi-sotdi shartnoma;
  • mustaqil baholovchi tomonidan taqdim etilgan hisobot (ikkilamchi bozor uchun);
  • qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchi) tomonidan oxirgi 12 oy mobaynidagi (12 oydan kam ishlagan taqdirda ishlangan davr uchun) olgan daromadlari to‘g‘risidagi ma'lumotnomalari
  • mavjud uy-joylarni ta'mirlash uchun smeta hujjatlari.

Ipoteka kreditlarini to‘lash uchun qanday imtiyozlar mavjud?

Subsidiyalar dastlabki badalning bir qismini to‘lash uchun uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida (qishloqlarda 28 mln.so‘mgacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida 36,4 mln.so‘mgacha, Toshkent shahrida 39,9 mln.so‘mgacha [3]) va birinchi besh yil davomida kredit bo‘yicha foizlarni qoplash uchun - Toshkent shahrida 12 foizlik punktdan oshgan qismiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi.

Masalan, agarda sizning ipoteka kreditingiz foiz stavkasi 18 foizni tashkil etsa, dastlabki besh yil mobaynida foiz to‘lovlarining 10% qismini o‘z hisobingizdan, 8% qismini davlat subsidiyalari yordamida to‘lashingiz mumkin bo‘ladi.

Subsidiyalar aynan kimlarga to‘lanadi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi 182-con “Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan uy-joyga muhtoj fuqarolarni aniqlashning ijtimoiy mezonlariga asosan 30 va undan yuqori ball to‘plab, subsidiya xabarnomasiga ega shaxslarga ajratiladi.

(!) Subsidiyalar faqatgina ariza beruvchining ro‘yxatdan o‘tgan hududi bo‘yicha bir oilaga faqat bir marta beriladi.
Subsidiyaga ega bo‘lish uchun qaerga murojaat qilish zarur?

18 yoshga to‘lgan va 60 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali masofaviy tarzda ariza berishi mumkin.

[1] Yangi tartib doirasida ipoteka kreditlari quyidagi 14 ta tijorat banklari tomonidan ajratiladi: Milliy bank, O‘zsanoatqurilishbank, Kapital bank, Aloqa bank, Hamkor bank, Xalq banki, Ipoteka bank, Turon bank, Ipak yo‘li bank, Orient finans bank, Asaka bank, Agro bank, Qishloq qurilish bank, Mikrokreditbank

[2] Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan kreditlar quyidagi 7 ta tijorat binklari tomonidan ajratiladi: Ipoteka bank, Asaka bank, O‘zsanoatqurilishbank, Agro bank, Turon bank, Qishloq qurilish banki, Hamkor bank

[3] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6186 sonli farmoni 3-ilovasiga asosan




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Uy-joy sotib olish va ta'mirlash uchun qanday kreditlar olish mumkin?

Uy-joy sotib olish va ta'mirlash uchun qanday kreditlar olish mumkin?

Pensionerlar uchun kreditlar

Pensionerlar uchun kreditlar

Lizing o‘zi nima?

Lizing o‘zi nima?

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X