Qarz yuki nima va uni hisoblash nima uchun kerak?

Oxirgi yangilanish:  13 Mar 2023 12:47
1649
Qarz yuki nima va uni hisoblash nima uchun kerak?
1

Kredit tashkilotlari (bank, mikromoliya tashkiloti, lombard) aholiga kredit ajratish bo‘yicha qaror qabul qilishda bir nechta omillarni inobatga oladi. Masalan, qarzdorning kredit tarixi, uning kredit bo‘yicha to‘lov qobiliyati, qarzdorning qarz yuki ko‘rsatkichi va boshqalar. Ko‘pchilikda qarz yuki nima ekanligi, qanday hisoblanishi, nima uchun kerakligi haqida savollar tug‘ilishi tabiiy. Biz ushbu maqola orqali shu savollarga javob beramiz.

Qarz yuki nima va uni hisoblash nima uchun kerak?

Qarz yuki ko‘rsatkichi - qarz oluvchining kredit (mikroqarz) bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlari miqdorining uning o‘rtacha oylik daromadi miqdoriga bo‘lgan nisbati.

Masalan, o‘rtacha oylik maoshi 5 mln.so‘mni tashkil etadigan fuqaroning krediti (mikroqarzi) bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovi 4 mln.so‘m bo‘lsa, uning qarz yuki ko‘rsatkichi 80 foizni tashkil etadi.

Qarz yukini hisoblash kredit tashkilotlariga tavakkalchiliklarni (risklarni) baholashga yordam beradi. Qarz oluvchining qarz yuki ko‘rsatkichi qanchalik katta bo‘lsa, uning qarzni to‘lay olmaslik ehtimoli ham shuncha katta bo‘ladi.

Qonunchilik bo‘yicha qarz yuki ko‘rsatkichi jismoniy shaxslarga mikroqarz ajratilayotganda hisoblanadi va bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshmasligi lozim.[1]

Aholiga ajratiladigan boshqa kreditlar (ipoteka krediti, avtokredit, iste'mol krediti) bo‘yicha qarz yuki ko‘rsatkichi banklarning ichki siyosatidan kelib chiqqan holda ular tomonidan mustaqil belgilanadi.

O‘rtacha oylik daromadlari va oylik to‘lovlari qanday aniqlanadi?

Qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadlari miqdori oxirgi 12 oy ichida olingan jami daromadlar (ish haqi, pensiya, foiz, dividend va boshqa turdagi daromadlar) summasini 12 ga bo‘lish orqali hisoblanadi. Agar qarz oluvchi
12 oyning oxirgi 7 yoki 8 oyi davomida daromadga ega bo‘lgan bo‘lsa, unda uning ushbu davr ichida olgan jami daromadlari mos ravishda 7 yoki 8 ga bo‘linadi.

Shartnomada mikroqarz ajratish haqidagi murojaatda birgalikda qarz oluvchi nazarda tutilgan bo‘lsa, uning daromadlari ham o‘rtacha oylik daromad hisob-kitobiga kiritiladi.

Kredit tashkilotlari qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadlarini aniqlashda quyidagi tasdiqlovchi hujjatlar va ma'lumotlardan foydalanish huquqiga ega:

  • ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan ish haqi to‘g‘risidagi ma'lumot;
  • pensiya miqdori to‘g‘risidagi ma'lumot;
  • fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya badallari to‘g‘risidagi ma'lumot;
  • qarz oluvchining bank hisobvaraqlariga tushgan daromadlari to‘g‘risidagi ma'lumot;
  • to‘langan soliqlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
  • foizlar, dividendlar, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar.

Bunda, qarz beruvchi yuqorida keltirilgan hujjatlar bilan cheklanib qolmay boshqa ma'lumotlardan ham foydalanishi mumkin.

O‘rtacha oylik to‘lovlar miqdori hisob-kitobiga quyidagi to‘lovlar kiritiladi:

  • yangi olinayotgan mikroqarz bo‘yicha to‘lovlar;
  • birgalikda qarz oluvchining to‘lovlari ((mikroqarz) ajratish to‘g‘risida ko‘rib chiqilayotgan arizada birgalikda qarz oluvchi nazarda tutilgan bo‘lsa, uning kredit tashkilotlaridan ilgari olgan har bir krediti (mikroqarzi) bo‘yicha to‘lovlari);
  • boshqa kreditorlar bilan tuzilgan hamda amalda bo‘lgan har bir kredit (mikroqarz) shartnomalari bo‘yicha to‘lovlar;
  • qarz oluvchi kafil sifatida ishtirok etgan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha to‘lovlar (agar qarz yuki ko‘rsatkichini hisoblash sanasida ular bo‘yicha 30 kundan ortiq muddati o‘tgan to‘lovlari mavjud bo‘lsa).

Bunda qarz beruvchi o‘rtacha oylik to‘lovlar miqdorini hisoblashda aktual (olingan sanasi 7 ish kunidan oshmagan) ma'lumotlardan foydalanishi lozim.


[1] Qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish to‘g‘risidagi nizom: https://lex.uz/ru/docs/4654149




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Uy-joy sotib olish va ta'mirlash uchun qanday kreditlar olish mumkin?

Uy-joy sotib olish va ta'mirlash uchun qanday kreditlar olish mumkin?

Pensionerlar uchun kreditlar

Pensionerlar uchun kreditlar

Lizing o‘zi nima?

Lizing o‘zi nima?

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X