Ijtimoiy sohaning dolzarb muammolaridan biri aholi turmush sharoitini yaxshilash vazifasidir. Uy-joy sotib olishga talab kundan kun ortib borib, fuqarolar bank ipoteka kreditlaridan foydalanishga ehtiyoj sezishmoqda.
Uy-joy qurilishi bozorini rag‘batlantirish va aholini ipoteka kreditlari hisobidan uy-joy bilan ta'minlash maqsadida yangi ipoteka kreditlash dasturi tasdiqlandi (2023-yil 13-apreldagi UP-51-son).
Mazkur dasturda aholi imkoniyatlarini kengaytirish va ipoteka kreditlaridan foydalanishga doir o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan.
Kreditlash tizimida to‘lov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullarini ko‘rib chiqiladi. Qarz oluvchining moliyaviy holatini baholash uchun ijara to‘lovlari, bank kartalari aylanmasi, kommunal to‘lovlar va boshqa xarajatlarni o‘z ichiga olgan skoring tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, tijorat banklari rasmiy daromadga ega bo‘lmagan jismoniy shaxslarga ham ipoteka kreditlari berishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, mazkur dastur doirasida banklar subsidiyalarsiz beriladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan stavkalarni belgilash imkoniyatiga ega bo‘ladilar; dastlabki to‘lov miqdori, imtiyozli davr va boshqa ko‘rsatkichlar asosida. Bundan tashqari, kreditning narxi dastlabki to‘lov hajmiga bog‘liq bo‘ladi, ya'ni, boshlang‘ich to‘lov qanchalik yuqori bo‘lsa, kredit qarz oluvchiga shunchalik arzonga tushadi.
Kredit olish uchun bankka murojaat qilishdan oldin, agar siz ma'lum bir ijtimoiy toifaga mansub bo‘lsangiz, subsidiya olishingiz mumkinligini unutmang.
Subsidiyalar asosida ipoteka krediti
Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj, kam ta'minlangan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat uy-joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish uchun ipoteka kreditlariga subsidiyalar ajratilmoqda.
Subsidiyalar ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki to‘lov yoki foizlarning bir qismini qoplash uchun beriladi.
Subsidiyalar uchun ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish jarayonini tezlashtirish maqsadida subsidiya xabarnomasining muddati 12 oydan 4 oygacha qisqartirildi. Shu bilan birga, subsidiyani o‘z vaqtida ishlatmagan shaxslar uchun subsidiya olish uchun qayta murojaat qilish huquqi saqlanib qoldi.
Siz 2023-yil 1-maydan 1-dekabrgacha subsidiya olish uchun ariza topshirishingiz mumkin. Agar siz yuqorida aytib o‘tilgan yangi dasturni tasdiqlashdan oldin subsidiya xabarnomasini olgan bo‘lsangiz, 2022 yilda amalda bo‘lgan subsidiya shartlari va miqdorlari saqlanib qoladi.
Ushbu subsidiyalarni kimlar olishi mumkin?
Subsidiya arizalari arizachining muayyan ijtimoiy guruhga mansubligi bo‘yicha baholanadi:
- kam ta'minlangan fuqarolar;
- og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollar;
- mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar;
- surunkali kasallikning og‘ir shakli bilan og‘rigan va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq alohida xonaga muhtoj bo‘lgan shaxslar yoki ariza beruvchining oila a'zolari;
- nogiron onalar yoki nogiron bolaga g‘amxo‘rlik qilayotgan yolg‘iz onalar;
- to‘liq bo‘lmagan oilalarda farzand tarbiyalayotgan onalar, shuningdek, turmush sharoitini yaxshilashga muhtoj kam ta'minlangan onalar;
- birinchi guruh nogironligi bo‘lgan fuqarolar;
- “Mehnat – migratsiya” dasturi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar;
- uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj kam ta'minlangan oilalar;
- olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga ishlash uchun boshqa hududlardan kelgan oliy ma'lumotli mutaxassislar va (yoki) tibbiyot xodimlari;
- alohida o‘rnak ko‘rsatayotgan yosh oilalar (fan, san'at, adabiyot, sport va boshqa sohalarda yuqori natijalarga erishgan, shuningdek, turli tanlov yoki olimpiadalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar);
Ipoteka kreditlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida joriy yilning 1 mayidan boshlab fuqarolarning qo‘shimcha toifasiga subsidiyalar ajratish ko‘zda tutilmoqda:
muhandislik, qayta ishlash va qurilish kabi sohalarda maxsus fanlarni o‘qitadigan yoki o‘quv amaliyotiga rahbarlik qiluvchi kasb-hunar ta'limi tashkilotlarining o‘qituvchilari yoki ishlab chiqarish ta'limi ustalari.
Shuningdek, joriy yilda harbiy xizmatchilar sotib olishlari uchun 4000 ta xonadonga ipoteka kreditlari ajratiladi.
Ipoteka krediti uchun subsidiya olish maqsadida qayerga murojaat qilish kerak?
Subsidiya ikki yo‘l bilan olinishi mumkin:
istalgan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markaziga shaxsiy murojaat (arizachi nomidan Davlat xizmatlari markazi xodimi ish olib boradi);
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga elektron ariza yuborish (ariza beruvchi ariza shaklini elektron shaklda mustaqil ravishda to‘ldiradi);
Davlat xizmatlari markazi va YaIDXP orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar ariza beruvchilarga bepul taqdim etiladi.
- ilgari uy-joy va imtiyozli ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya olgan oila a'zolarining takroriy arizasi;
- taqdim etilgan ma'lumotlarning talab qilinadigan ijtimoiy mezonlarga mos kelmasligi;
- agar joriy yilda hududga ajratilgan subsidiyalar soni tugasa;
- o‘rtacha oylik daromad miqdorining komissiya talablariga mos kelmasligi;
Murojaat ko‘rib chiqilgandan so‘ng komissiyaning subsidiya berish yoki rad etish to‘g‘risidagi qarori shtrix-kod matrisasi bilan Davlat xizmatlari markaziga yuboriladi, u ariza beruvchiga 1 ish kuni ichida yuboriladi. YaIDXPga elektron ariza topshirilganda, qaror arizachiga elektron shaklda va SMS xabar shaklida yuboriladi.
Ipoteka kreditlashning yangi tizimi asosan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Har qanday holatda kredit to‘lovlarini o‘tkazib yuborishga yo‘l qo‘ymang, shunda oylik to‘lov miqdori bo‘yicha jarima undirilmaydi. To‘lov muddatida tushunmovchiliklar yuzaga kelmasligi uchun har doim to‘lovni to‘lov sanasidan bir necha kun oldin amalga oshiring. To‘lov sanasi hafta oxiri yoki dam olish kuniga to‘g‘ri kelsa, siz ham oldindan to‘lashingiz kerak.
Kredit bilan muammo bo‘lmasligi uchun nafaqat to‘lovni amalga oshirish kerak bo‘lgan sanani eslab qolish, balki to‘lov uchun kerakli miqdorni tayyorlash kerak.
Kredit to‘lovlarini amalga oshirish sanasi uchun taqvimga eslatma qo‘yish yoki sanalarni kiritish / belgilashni tavsiya qilamiz.
Muhim! Kredit shartnomasi va to‘lov jadvalini doim o‘zingizda saqlang. Shartnomaga imzo qo‘yishdan oldin siz uni o‘rganish uchun olib ketishingiz va xodimga tushunarsiz masalalar bo‘yicha savollar berishingiz mumkin.
Moliya olami haqida ko‘proq qiziqarli ma'lumotlarni o‘rganishni va moliyaviy savodxonligingizni doimiy ravishda oshirib borishni xohlaysizmi? Markaziy bankning @finlituzb telegram kanaliga qo‘shiling. Savollar bering, g‘oyalar va takliflar yozing.
Finlit.uz bilan moliyaviy savodxonligingizni oshiring!