Omonat bo‘yicha meros huquqi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi (O‘zR FK (https://lex.uz/docs/-111189 )). Unga ko‘ra, merosxo‘rlar bir necha toifalarga bo‘linishi mumkin:
Vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlar: Bular omonatchining vasiyatnomasida ko‘rsatilgan shaxslardir. Agar omonatchi vasiyatnoma qoldirgan bo‘lsa, unda uning mulkini, shu jumladan omonatdagi mablag‘larini ham vasiyatnomada ko‘rsatilgan shaxslar yoki tashkilotlar olishi mumkin. (O‘zR FKning 67-bobi, 1120-1133-moddalari)
Qonuniy merosxo‘rlar: Agar omonatchi vasiyatnoma qoldirmagan bo‘lsa yoki uning vasiyatnomasi haqiqiy emas deb topilsa, mablag‘lar qonunga muvofiq taqsimlanishi mumkin. Umuman olganda, qonuniy merosxo‘rlarga turmush o‘rtog‘i, farzandlari, ota-onalari hamda qonunchilikda ko‘rsatilgan boshqa qarindoshlar kiradi. (O‘zR FK ning 68-bobi, 1134-1144-moddalari)
Biroq, merosxo‘rlar meros huquqi va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmaguncha merosni tasarruf eta olmaydilar.
Bank depozitini meros sifatida qabul qilish uchun merosxo‘r marhumning oxirgi yashash joyi manzili bo‘yicha notariusga meros ishi bilan bog‘liq barcha hujjatlarni taqdim etishi kerak:
- o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma
- merosga oid mulkiy huquqni tasdiqlovchi hujjatlar
- agar mavjud bo‘lsa vasiyatnoma
- shaxsni va qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjatlar va boshqalar.
Agar sizda omonat olish uchun meros vasiyati bo‘lmasa, nima qilish kerak?
- birinchi navbatda meros to‘g‘risidagi ishni ochish uchun notariusga tashrif buyurish kerak
- myeros to‘g‘risidagi ishni ochganingizdan so‘ng 6 oydan so‘ng siz notariusdan meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma olasiz
- keyin kerakli hujjatlarni (masalan, nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma va h.k.) yig‘ib, bankka murojaat qiling
- shundan so‘ng siz bank ko‘rsatmalariga muvofiq omonatdagi mablag‘larni tasarruf etish huquqiga ega bo‘lasiz
Omonat merosxo‘rga merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim qilinganda beriladi.
Fuqarolik kodeksining 1157-moddasiga muvofiq vafot etgan omonatchining qonun bo‘yicha ham vasiyatnoma bo‘yicha ham merosxo‘rlari bo‘lmasa yoki merosxo‘rlardan hech qaysisi vorislik huquqiga ega bo‘lmasa yoki ularning hammasi merosdan voz kechgan bo‘lsa, meros omonati egasiz deb hisoblanadi.
Meros omonati meros ochilgan joydagi mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining arizasi bo‘yicha meros ochilgan kundan e’tiboran uch yil o‘tgandan so‘ng sudning qarori asosida egasiz deb topiladi.
Egasiz omonat u turgan joydagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mulkiga o‘tadi, bu organ omonatdan voz kechgan taqdirda, davlat foydasiga o‘tadi.