“Yillik 26 foizgacha foydali bank omonati” kabi reklamalari oxirgi paytlarda ko‘zga tashlanmoqda. Raqamlar o‘ziga jalb etadi va biz ushbu omonatga mablag‘ qo‘yganimizda omonat foizlari reklamadagi foiz stavkasi bo‘yicha butun davr uchun amal qiladi deb o‘ylaymiz. Ammo bu unchalik ham oddiy emas. Eng muhimi, omonat bo‘yicha shartlar bilan tanishib chiqsangiz, bunday turdagi omonat foizlari ma'lum bir sxema bo‘yicha hisoblanishini tushunasiz.
Omonat foizlari pog‘onali hisoblanishi nimani anglatadi?
Foizlari pog‘onali hisoblanadigan omonatlar (pog‘onali omonatlar) – bu omonat muddati davomida omonatdan olinadigan foiz stavkasi bir necha marta o‘zgaradigan omonat turi hisoblanadi. Odatda foizlar kichigidan kattasiga qarab, ba'zida esa aksincha o‘zgarishi mumkin. Foizlar qat'iy davr uchun (masalan, har chorakda) keskin o‘zgaradi. Shu tomonlama ushbu omonat turlari bo‘yicha daromadlar zinama-zina yuqoriga ko‘tarilishga solishtiriladi. Ammo bu ko‘tarilish aytarli darajada yuqori daromadni olib kelmaydi.
Asosan, ushbu omonat turi bo‘yicha foizlar 2-4 davrga bo‘linadi (ba'zan muddat
6-8 davrga bo‘linadi) va har biri uchun ma'lum foizlar belgilanadi. Banklar omonatchilarni jalb qilish uchun ushbu marketingdan foydalanadilar. Muddat oxiridagi yuqori foiz stavkasi (yoki aksincha, muddat boshidagi yuqori foiz stavkalari) oddiy aholini chalg‘ituvchi jozibali “sarob” hisoblanadi
Foizlari pog‘onali hisoblanadigan omonat turlarini banklar reklama qilayotganda, ular ushbu omonat bo‘yicha odatda haqiqiy foiz stavkasini emas, balki omonat muddatining qisqa oralig‘ida qo‘llaniladigan maksimal foiz stavkasini ko‘rsatishlarini e'tiborga olish zarur. Agar bunday omonat turining haqiqiy foiz stavkalarini nisbatan pastroq bo‘lgan va qat'iy belgilanadigan foiz stavkadagi odatiy omonat turlari bilan solishtirilsa, jami daromad miqdori deyarli bir xil bo‘ladi.
Omonat bo‘yicha maksimal va haqiqiy foiz stavkasi nimani anglatadi?
Omonat bo‘yicha maksimal foiz stavkasi – bu omonatning to‘liq muddati davomida ma'lum davr uchun o‘rnatilgan maksimal foiz stavkasi hisoblanadi.
Haqiqiy foiz stavkasi – bu omonatning haqiqiy qiymatini hisoblashingiz mumkin bo‘lgan foiz stavkasi. Bu ko‘rsatkichni bilish orqali siz, omonat daromadini o‘zingiz hisoblab, ushbu shartlar asosida pullaringizni omonatga joylashtirishingiz maqsadga muvofiqligini aniqlashingiz mumkin.
Banklarning takliflarini o‘rganib, omonatning haqiqiy foiz stavkasini o‘zingiz hisoblashingiz mumkin. Deylik, siz 1 yillik (yoki 365 kunlik) omonat foizlarini pog‘onali usulda hisoblanishi bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqmoqdasiz:
- Birinchi davr: 1-3 oy – yillik 18%
- Ikkinchi davr: 4-6 oy – yillik 21%
- Uchinchi davr: 7-9 oy – yillik 23%
- To‘rtinchi davr: 10-12 oy – yillik 26%
Natija quyidagilarni anglatadi: sizning 1 mln.so‘m miqdoridagi omonatingizga bank bir yil ichida 219 972,60 so‘m to‘laydi. Agar foiz ko‘rinishida hisoblaydigan bo‘lsak, ushbu summa omonatingizni 21,9%ini tashkil etadi:
(219 972,60 ÷1 000 000) × 100% = 21,9%
Aynan shu ko‘rsatkich omonatning haqiqiy foiz stavkasi hisoblanadi. Ya'ni, siz dastlab, ushbu omonat bo‘yicha yillik 26 foiz daromad olishni mo‘ljallaysiz, aslida esa siz yillik 21,9 foiz daromad olasiz.
Omonat bo‘yicha foizlarni hisoblash tartibi to‘g‘risidagi ma'lumotlar qaerda batafsil ko‘rsatiladi?
Banklar ma'lumotlarni joylashtirishda quyidagilarda omonatlarning foiz stavkalarini ko‘rsatadilar:
- veb-saytlar va bank mobil ilovalardagi nashrlarda;
- foizlarni hisoblash miqdori, tartibi va muddati bandida;
- muddatidan oldin shartnomani bekor qilish shartlarida.
Muhim! Omonatning barcha shartlarini diqqat bilan o‘rganing: omonat hisobvarag‘ini to‘ldirish imkoniyati mavjudmi, omonatni muddatidan oldin yopish shartlari va foizlarni hisoblash qanday tartibda amalga oshiriladi.
Agar savollaringiz bo‘lsa, har doim o‘zingizni qiziqtirgan bank mutaxassislariga murojaat qilishingiz mumkin. Banklar depozit haqida to‘liq ma'lumot berishlari shart!