Ta'til, uzoq muddatli ish safariga ketayotganingizda yoki shunchaki, uyingizdagi qimmatbaho buyumlarning, moddiy qimmatliklarning xavfsizligi uchun shaxsiy bank yacheykalari (seyfli, depozitli) va seyflardan foydalanishingiz mumkin.
Nima uchun bank yacheykasi foydali bo‘lishi mumkin?
Mantiqan olib qaraganda, bank yacheykalarida moddiy qimmatliklar va pul mablag‘larini saqlash sizga daromad (foizli daromad) olib kelmaydi.
Lekin shaxsiy bank yacheykalaridan pul mablag‘larini saqlash va yirik amaliyotlarni, masalan uy-joy oldi-sotdisi vaqtida foydаlanganda xavsizlik to‘liq ta'minlanadi.
Bank yacheykasining asosiy afzalliklaridan biri uning xavfsizligida hisoblanadi. Banklar ko‘p bosqichli himoya tizimiga ega. Bank yacheykasi – bu metall seyf bo‘lib, u zirhli eshik, qo‘riqlash tizimi, signalizatsiya va videokuzatuv bilan jihozlangan xonada himoyalanadi.
Moddiy qimmatliklarni yacheykada qancha vaqt saqlash mumkin?
Yacheykani istalgan vaqtgacha ijaraga olish mumkin. Odatda shartnoma uzaytirish (prolongatsiya qilish) imkoni bilan aniq muddatda tuziladi.
Moddiy qimmatliklarni saqlash xizmati narxi qanday?
Bank yacheykasini ijaraga olish miqdori uzunlik, kenglik va chuqurlik kabi parametrlar asosida aniqlanadi. Yacheyka hajmi qancha katta bo‘lsa, ijara haqi shuncha qimmat bo‘ladi. O‘rtacha, bank yacheyka oyiga 5 000 so‘mdan 112 000 so‘mgacha turadi.
Bank yacheykada nimalarni saqlash mumkin?
Bank yacheykasida pul, qimmatli qog‘ozlar, qimmatbaho metallar va toshlar, zargarlik buyumlari, hujjatlar va boshqa boyliklar (yonuvchan, zaharli va boshqa moddalar bundan mustasno, ularni saqlash O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida taqiqlanadi) saqlashingiz mumkin.
Bank yacheykasidagi moddiy qimmatliklarni butligi va seyf daxlsizligi bo‘yicha to‘liq javobgarlikni bank o‘z zimmasiga oladi, shuningdek mijoz bo‘yicha bank siri ma'lumotlarini oshkor etmaslikni kafolatlaydi.
Bank yacheykasi xizmatidan qanday foydalanish mumkin?
- Birinchi navbatda, ariza berishingiz zarur. Buning uchun sizga identifikatsiya hujjatlari (masalan, pasport nusxasi) kerak bo‘ladi. Ko‘pgina banklarning veb-saytlarida siz onlayn ariza topshirishingiz mumkin. Arizani ko‘rib chiqib, bank xodimlari to‘liq ma'lumot berish uchun siz bilan bog‘lanadilar.
- Bank yacheykasi hajmi va saqlash muddatini tanlang.
- Bank yacheykasini tanlagandan so‘ng, hajmi, ijara muddati va to‘lov summasi ko‘rsatilgan shartnoma tuziladi.
- Sizga bank yacheykasi kaliti beriladi. Ikkinchi kalit bankda qoladi.
- Bank yacheykasiga biror narsa qo‘yish yoki undan biror narsa olish uchun siz bank xodimi bilan birga omborga kirasiz. Yacheykani ochish uchun xodim o‘z kaliti va siz o‘z kalitingizni ishlatasiz.
- So‘ngra, moddiy qimmatliklarni bank yacheykasiga joylashtirishingiz uchun bank xodimi sizni omborxonada qoldiradi.
- Shundan so‘ng, siz bank yacheykasini o‘z kalitingiz bilan va xodim o‘zining kaliti bilan yopadi.