Siz qimmatli qog‘ozlarni sotib olishga qaror qildingizmi? Buning uchun nimadan boshlash kerak ?
Birjada savdo qilishni boshlash uchun brokerlik hisobvarag‘ini ochish kerak. Brokerlik hisobvarag‘i qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va sotish uchun hamda barcha amalga oshirilgan operatsiyalarni kuzatib borish uchun kerak. Ushbu hisobvaraq bilan birja a'zosi, sizning rasmiy vakilingiz – broker ishlaydi.
Broker kim va u o‘z faoliyatini qanday amalga oshiradi?
Agarda siz birjada savdo qilish va qimmatli qog‘ozlarga investitsiya kiritishga qaror qilgan bo‘lsangiz, unda siz brokerni tanlashingiz kerak bo‘ladi.
Broker mijoz hamda fond birja o‘rtasida vositachi sifatida faoliyat yuritadi hamda xaridor nomidan bitimlarni amalga oshiradi. Broker har bir mijoz pul mablag‘lari hisobotini yuritadi, mijoz bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq uning topshirig‘i bilangina qimmatli qog‘ozlar bilan bitim va operatsiyalarni amalga oshiradi, amalga oshirilgan bitim va operatsiyalar haqida hisobot beradi. Broker - qimmatli qog‘ozlar bozoridagi «qo‘llar» bo‘lib, u investor topshiriqlarini bajaradi.
Bu muhim! Brokerlarning to‘liq ro‘yxati bilan tanishmoqchi bo‘lsangiz, «Toshkent» RFB ning rasmiy saytiga kiring.
Broker tanlashda ayrim juda muhim jihatlarga e'tibor berish lozim:
- Brokerda O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi litsenziyasi va «Toshkent» RFB sertifikati bor-yo‘qligi;
- Tariflar - broker aksiyani sotish yoki sotib olish topshiriqlarini bajarishda o‘z xizmatlari, shuningdek, belgilangan tariflarga muvofiq Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi, birja savdolari tashkilotchisi («Toshkent» RFB) xizmatlari uchun komissiya oladi. To‘lanadigan komissiya miqdorlari bitim summasi hamda bitim amalga oshirilayotgan savdo seksiyasi turi bilan bevosita bog‘liq (Main Board, Nego board, IPO va h.k.)1;
- Brokerning qimmatli qog‘ozlar bozoridagi mehnat staji;
- Brokerning kafolat fondi miqdori – qimmatli qog‘ozlar savdosi qoidalarini buzish bilan bitim tuzishda investorga zararni qoplash maqsadida qo‘llanadi. Birja brokerlari kafolat fondlari hajmlari ro‘yxati «Toshkent» RFB saytida rasman e'lon qilinadi
- Broker obro‘si va u haqida hozirgi va avvalgi mijozlarining fikrlari.
Brokerlik hisobvarag‘i bilan birga depozitar hisobvarag‘i ham ochiladi. Nima uchun? Brokerlik hisobvarag‘iga qimmatli qog‘ozlarni xarid qilish uchun pullarni tushirasiz, depozitar hisobvaraqda esa xarid qilingan qimmatli qog‘ozlar saqlanadi. Fond bozoridagi barcha ishtirokchilar qimmatli qog‘ozlar kimga tegishli ekanligini bilishi uchun fond birjasida barcha amalga oshirilgan operatsiyalar ro‘yxatga olinadi. Oldi-sotdi operatsiyalari amalga oshirilishi bilan, bu haqdagi ma'lumotlar Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysiga jo‘natiladi.
Aksiyalarni xarid qilishdan avval nimalarga e'tibor berish kerak?
Birinchi o‘rinda kompaniyaning moliyaviy hujjatlari hamda korporativ e'lonlariga e'tibor berish kerak. Ularni kompaniyaning rasmiy sahifasi yoki Yagona korporativ axborot portalidan topish mumkin. Bo‘lajak investorlar kompaniya daromadi (sof foydasi), aksiyadorlarga avval to‘langan dividendlar hajmiga e'tibor qaratish kerak. Undan tashqari, «Toshkent» Respublika fond birjasi saytida qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha kotirovkalarni, aksiyalarning avvalgi narxlarini ko‘rib olish mumkin.
O‘z faoliyati haqidagi ma'lumotlarni oshkor etish shartlari ham nihoyatda muhim. Bunday ma'lumotlarga kompaniya faoliyati to‘g‘risidagi yillik moliyaviy hisobotlar, yillik buxgalteriya balanslari, aksiyadorlarning umumiy yillik va navbatdan tashqari yig‘ilishlari natijalari to‘g‘risidagi axborot, hisoblangan va to‘langan dividendlar hajmlari, aksiyalar likvidligi ko‘rsatkichlari, ular bo‘yicha savdo hajmi va boshqa muhim ma'lumotlar kiradi. Ushbu ma'lumotlar qimmatli qog‘ozlar bozoridagi barcha ishtirokchilar uchun ochiq bo‘lishi kerak. Bunday ma'lumotlarni o‘rganish vaziyatni obyektiv baholash hamda u yoki bu kompaniyaning qimmatli qog‘ozlariga mablag‘ kiritish borasida chuqur o‘ylangan investitsiyaviy qaror qabul qilish imkonini beradi.
Ushbu maqola O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan tayyorlandi.
Manzil: 100047, Mirobod tumani, Amir Temur ko‘chasi, 13 uy
Telefon: (71)203-01-15
E-mail: info@cmda.gov.uz
1 Mainboard – asosiy seksiya, qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha kotirovkaga ta'sir qiladigan bozor bitimlari; Nego board – muzokara seksiyasi, qimmatli qog‘ozlar kotirovkasiga ta'sir qilmaydigan bozordan tashqari muzokara bitimlari; IPO – qimmatli qog‘ozlarni birlamchi joylashtirish seksiyasi.