Lombard

Oxirgi yangilanish:  29 Iyun 2020 18:19
16281
Lombard
22

Lombard - nima va qaysi hollarda lombarddan foydalanish qulay?

Agar biron-bir sabablarga ko‘ra sizga zudlik bilan pul kerak bo‘lganda hamda biror kimdan qarz olish yoki bir necha soat ichida kredit olish imkoni bo‘lmasa, Siz, lombardda uch oydan oshmaydigan kreditni qimmatbaho ko‘char mol-mulkingiz garovi evaziga olishingiz mumkin.

Lombard xizmatlarining qulayligi shundaki, kreditni olish uchun uzoq vaqt sarflanmaydi va ko‘p xujjatlar talab qilinmaydi.

Lombardda kreditni olish va qaytarish sxemasi quyidagicha:

07
  • Siz lombardga qimmatbaho mol-mulkni taqdim qilasiz (agar kerak bo‘lsa, lombard garovga qo‘yiladigan mol-mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar yoki boshqa dalillarni taqdim etishni talab qilish huquqiga ega), pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat, shuningdek qarz oluvchining faoliyati va daromadlari haqidagi ma'lumotlarni o’z ichiga olgan hujjatlar;
  • Garovga qo‘yiladigan mol-mulk baholanadi;
  • Sizni kredit shartnomasining umumiy shartlari bilan tanishtirib chiqishlari kerak. Agar siz ular bilan rozi bo‘lsangiz, kredit shartnomasini imzolaysiz va qo‘lingizga pul mablag‘lari va ikkita hujjatni olasiz: kredit shartnomasining o‘zi va garov kartasi (bilet).
  • MUHIM!!! Lombard garovga qo‘yilgan mulklardan foydalanishga va ularni tasarruf etishga haqli emas. Shuningdek, lombard garovga qabul qilgan mulkni garovga qabul qilish paytida shunga o‘xshash va shunday sifatga ega mulklarning narxlariga mos bahodagi to‘liq summasida o‘z hisobidan garovga qo‘yuvchi foydasiga sug‘urtalashi shart.
  • Lombard tomonidan qabul qilingan mol-mulk, lombardga tegishli bo‘lgan barcha to‘lovlar qoplanganidan so‘ng egasiga qaytarilishi mumkin. Uchinchi shaxs garovga qo‘yilgan mol-mulkni faqat mol-mulk egasi tomonidan belgilangan tartibda berilgan ishonchnoma orqali olishi mumkin.

Agar kreditni so‘ndirish ilojisi bo‘lmasa, garovga qo‘yilgan mol-mulk lombard tomonidan sotiladi va kredit, kredit bo‘yicha foizlar, jarima (neustoyka) va uni sotish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlar uchun to‘lovlar amalga oshiriladi. Shu bilan, garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotuvidan olingan mablag‘ yetarli bo‘lmagan taqdirda, lombardga bo‘lgan qarz yopiladi.

Agar garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotish chog‘ida olingan summa lombardga to‘lanilishi lozim bo‘lgan summadan ortiq bo‘lsa, u holda Sizga farqi (tafovuti) to‘lanadi.

Lombardda garov mol-mulkini yo‘qotishsa yoki zarar yetkazishsa, nima qilish kerak?

06Garovga qo‘yilgan mol-mulk yo‘qotilgan yoki yetishmagan taqdirda, lombard, garov biletida ko‘rsatilgan baholash summasiga muvofiq uning qiymatini mol-mulkning egasiga qaytarishi shart. Garovda ushlab turilgan mol-mulkka zarar yetkazilgan hollarda, lombard, yetkazilgan shikast yengib bo‘lmaydigan kuch oqibatida yuz berganligini isbotlay olmasa, garovga qo‘yuvchi mulkdorga taraflarning kelishuvi bilan belgilangan lekin garov biletida ko‘rsatilgan mol-mulkning qiymatidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘lab berishi shart.

Kreditni so‘ndirguncha garov sifatida taqdim etilgan mol-mulkni garovga oluvchi sotishi mumkinmi?

Kredit summasi belgilangan muddatda qoplanmaganligi taqdirda, lombard, notariusning ijro yozuvi (ijro etish uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi tartibot hujjati) asosida imtiyozli bir oylik muddati o‘tganidan so‘ng garov mol-mulkini sotishi mumkin.

Lombardlar tomonidan beriladigan kreditlarning ijobiy va salbiy tomonlari

+ Olish osonligi: garov mol-mulki va bir nechta hujjatlar kerak xolos;

+ Tezligi: kredit olish jarayoni uzoq vaqt talab qilmaydi;

+ Xatar (risk) pastligi: agar qarzni to‘lash imkoni bo‘lmasa, uning so‘ndirilishi garovga qo‘yilgan mol-mulkning hisobidan amalga oshiriladi, ushbu mablag‘ lombardning talablarini to‘liq qondirish uchun yetarli bo‘lmasa ham;

- Foiz: Lombardlar karzlarni juda yuqori foizda berishadi.

Lombardlar yana qanday xizmatlarni taqdim etadi?

Lombardlar shaxsiy iste'molga mo‘ljallangan fuqarolarning ko‘char mol-mulklarini saqlash uchun ham qabul qilishlari mumkin. Saqlash uchun mol-mulkni qabul qilishda, lambard mijozga shaxsiy saqlash kvitansiyasini beradi.

Lombardga topshirilgan narsa baholanishi va uning to‘liq baholangan summasiga muvofiq mijozning foydasiga sug‘urtalanishi lozim.

Mijoz ashyoni qaytarib olishdan bosh tortgan holatda, lombard ushbu ashyolarni uch oy muddat ichida saqlashi kerak. Uch oy o‘tgandan so‘ng talab qilib olinmagan ashyolarni lombard sotishi mumkin.

Lombard aholi omonatlarini bank sifatida qabul qiladimi?

Lombardlar omonatlarni qabul qilishi taqiqlangan (ruxsat berilmagan). Lombardlar tijorat banklaridan mablag‘lar, yuridik shaxslardan va jismoniy shaxs-ta'sischilardan qarz mablag‘larini jalb etishga haqli.

Lombardlar faoliyatini tartibga kim soladi?

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qonun bilan belgilangan tartibda lombardlar faoliyatini lisenziyalaydi, tartibga soladi va nazorat qiladi. Markaziy Bank saytida O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan lombardlar ro‘yxati mavjud.




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Fond birjasi qanday faoliyat yuritadi?

Fond birjasi qanday faoliyat yuritadi?

Tijorat banklari

Tijorat banklari

Xalqaro moliyaviy institutlar

Xalqaro moliyaviy institutlar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X