Inflyatsion targetlash

Oxirgi yangilanish:  2 Iyul 2020 16:15
10841
Inflyatsion targetlash
35

Inflyatsion targetlash bu nima?

Hozirgi kunda inflyatsion targetlash pul-kredit siyosatini olib borishning eng ommabop usullaridan biri bo'lib, ushbu usul jahondagi 40 dan ortiq mamlakatlarda qo'llanilmoqda.

“Target” so'zi ingliz tilidan olingan bo'lib, “maqsad” degan ma'noni anglatadi. Inflyatsion targetlash rejimida inflyatsiyaning maqsadli ko'rsatkichi (target) o'rnatiladi.

19
Inflyatsiyaning maqsadli ko'rsatkichi (targeti)ga erishish uchun pul-kredit siyosati mexanizmlari bosqichma-bosqich ushbu rejimga o'tkazilib, inflyatsiyani pasaytirishda samarali instrument sifatida foydalaniladi.

O'z navbatida, ushbu rejimning qo'llanilishi narxlar barqarorligini ta'minlash orqali o'rta muddatli istiqbolda mustahkam va barqaror iqtisodiy o'sish uchun qo'shimcha sharoitlar yaratishi mumkin.

Shu bilan birga, Markaziy bank inflyatsiya darajasining eng mos maqsad (target)ini aniqlab olib, unga pul-kredit siyosati instrumentlarini qo'llash, iqtisodiy rivojlanishni muntazam tahlil qilish va pul-kredit siyosati rejalarini keng yoritish orqali erishadi.

Bu rejim o'zining qabul qilingan standartlari va tartiblariga ega. Masalan, makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish tizimidan keng foydalangan holda qaror qabul qilish, suzuvchi valyuta kursidan foydalanish, kommunikatsiyaviy siyosat tamoyillari, valyuta intervensiyasi strategiyasi va boshqalar.

Markaziy bank inflyatsiyaning erishilishi zarur eng mos maqsad (target)ini (masalan, inflyatsiyaning 5 foizli darajasiga erishish) o'rnatib, ushbu targetni pul-kredit siyosati instrumentlaridan foydalangan holda saqlashi lozim.

Narxlar barqarorligini ta'minlash inflyatsion targetlash rejimiga o'tishda samarali usullardan biri bo'lib, u o'z navbatida, "O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki to'g'risida"gi Qonunga muvofiq, Markaziy bankning bank tizimi va to'lov tizimlari ishlashining barqarorligini ta'minlash singari asosiy maqsadlari qatorida turadi.

Nima uchun aksariyat mamlakatlar inflyatsion targetlash rejimini tadbiq etmoqda?

21Gap shundaki, past darajadagi va progonoz qilinadigan (barqaror) inflyatsiya mamlakatda barqaror iqtisodiy o'sish uchun juda zaruriy omil hisoblanadi. Binobarin, inflyatsion kutilma tijorat banklari tomonidan kredit ajratishda undagi foiz stavkasiga qo'shiladi hamda yuqori inflyatsion kutilma kredit foiz stavkasining yuqori bo'lishiga olib keladi.

Shunday qilib, tadbirkorlar qarz mablag' (kredit)lardan foydalanganliklari uchun hisoblangan foiz stavkalarining yuqori (yuqori inflyatsiya ta'sirida) bo'lishi, ularni qaytarish bilan bog'liq to'lovlarga ta'sir qiladi.

Agar foiz stavkalari (kredit uchun hisoblangan) yuqori bo'lsa, tadbirkorlar kamroq kredit oladilar. Bu esa ularning investitsiyaviy qobiliyatiga ta'sir etgan holda, uzoq muddatli iqtisodiy o'sishga salbiy ta'sir qiladi. Zero, biz bugun kiritayotgan investitsiyalar - ertangi kunda tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishda foydalaniladigan asosiy ishlab chiqarish manbalarini yaratishda muhim vosita bo'lib xizmat qiladi.

Barqaror iqtisodiy o'sish uchun past darajadagi va progonoz qilinadigan (barqaror) inflyatsiya markaziy banklar uchun zaruriy shartlardan biri hisoblanadi.

Shu sababli, past darajadagi va prognoz qilinadigan (barqaror) inflyatsiyani ta'minlash aksariyat markaziy banklar tomonidan ularning uzoq muddatli maqsadi (target) sifatida belgilanadi.

Nima uchun inflyatsion targetlash rejimidan foydalanish kerak?

Inflyatsion targetlash rejimi bir necha makroiqtisodiy maqsadlarga erishish imkonini beradi:

  • narxlarning keskin oshishi va yuqori inflyatsiyani oldini olish;
  • pul bozorini shakllantirish, pul bozorini segmentlash sabablarini bartaraf etish;
  • ichki va tashqi omillarni hisobga olgan holda, aholi va tadbirkorlarning to'lov qobiliyatini qo'llab-quvvatlash hamda moliya sektorining barqarorligini ta'minlash.

Inflyatsion targetlash rejimi qanday amalga oshiriladi?

Inflyatsion targetlash rejimini amalga oshirish uchun, birinchi navbatda, quyidagi shartlar bajarilishi zarur:

  • inflyatsiyaning doimiy targetini belgilash va uni keng jamoatchilikka yetkazish (inflyatsiya, uning omillari hamda ko'zlangan inflyatsion target haqida aholini muntazam ravishda xabardor qilish)
  • inflyatsion jarayonlarni boshqarish va pul bozorida foiz stavkalarini tartibga solish maqsadida pul-kredit siyosati bo'yicha instrumentlardan (REPO va valyutaviy svop auksionlari, depozit auksionlari, hamda Markaziy bank obligatsiyalarini joylashtirish bo'yicha auksionlar) keng miqyosda foydalanish;
  • pul-kredit siyosati sohasida obyektiv qarorlar (xo'jalik yurituvchi subyektlar holatini tahlil qilish: uy xo'jaliklari sohasi, tadbirkorlik sohasi, davlat boshqaruvi sohasi va tashqi dunyo) qabul qilish uchun batafsil makroiqtisodiy tahlil qilish hamda ichki va tashqi bozorlarda mavjud bo'lgan ochiq ma'lumotlarni hisobga olgan holda prognozlash;
  • pul-kredit siyosati maqsadlari (narxlar barqarorligi, kreditlarning ommabopligi, past darajadagi inflyatsiya, aholining milliy valyutaga bo'lgan ishonchini oshirish va hokazo)ni keng jamoatchilikka yetkazish uchun kommunikatsiyaviy siyosatni takomillashtirish, makroiqtisodiy holatni prognoz qilish imkoniyatini ta'minlash hamda bozor ishtirokchilari ishonchini shakllantirish.

Inflyatsion targetlash rejimi sharoitlarida pul-kredit siyosatining qanday instrumentlari qo'llaniladi?

22

Inflyatsion targetlash rejimida inflyatsiya darajasini ushlab turish uchun pul-kredit siyosatining asosiy instrumentlaridan biri bo'lib, Markaziy bank tomonidan belgilanadigan asosiy stavka hisoblanadi. Markaziy bank asosiy stavkani o'zgartirish orqali tijorat banklari tomonidan omonat va kreditlar bo'yicha taklif etiladigan foiz stavkalariga ta'sir ko'rsatishi mumkin. Bu o'z navbatida, umumiy talab orqali iqtisodiyotdagi narx darajasiga ta'sir ko'rsatadi.

O’zbekistonda inflyatsion targetlash rejimi

Yuqoridagilardan kelib chiqib, inflyatsion targetlash deganda – oldindan belgilanadigan inflyatsiya darajasi (target)ni keng jamoatchilikka e'lon qilish, hamda ushbu ko'rsatkichga erishish va uni saqlab qolish jarayoni tushuniladi.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o’tilayotgan bo'lib, 2023 yilda 5 foiz darajadagi inflyatsion maqsad (target)ga erishish rejalashtirilgan.




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Inflyatsiya haqida boshlang'ich tushuncha

Inflyatsiya haqida boshlang'ich tushuncha

Markaziy bank asosiy stavkasi bu nima?

Markaziy bank asosiy stavkasi bu nima?

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X