Shaxsiy (o'zingiz sezadigan) inflyatsiya bu nima degani?

Oxirgi yangilanish:  3 Avg 2020 12:03
2493
Shaxsiy (o'zingiz sezadigan) inflyatsiya bu nima degani?

Amalda iste'mol narxlari indeksi (INI)dan foydalangan holda statistik ma'lumotlarni taqdim etuvchi tashkilot tomonidan hisoblangan inflyatsiya ko'rsatkichi har bir aholining shaxsiy (o'zi sezadigan) inflyatsiya darajasidan farq qilishi mumkin.

Inflyatsiyaning rasmiy e'lon qilinadigan darajasi aksariyat uy xo'jaliklarining talablari asosida shakllantiriladigan bo'lib, o'zida INI (iste'mol savati)dagi barcha tovar va xizmatlarning umumiy narx darajasining o'zgarishini aks ettiradi. Shaxsiy (o'zingiz sezadigan) inflyatsiya o'zingiz yoki oilangiz kundalik hayotida iste'mol qilinadigan tovar va xizmatlar narxlarining o'zgarishi asosida shakllanadi.

E'lon qilinadigan inflyatsiya hamda shaxsiy (o'zingiz sezadigan) inflyatsiya darajasi o'rtasidagi farqning asosiy sabablari quyidagilardan iborat:

- Narxlar o'zgarishlarini idrok qilish (anglash). Shaxsiy (o'zingiz sezadigan) inflyatsiya - bu oilaviy budjet xarajatlariga kiritilgan kundalik tovar va xizmatlar narxlarining o'zgarishini idrok qilishdir. Agar biz muntazam ravishda sotib oladigan tovarning narxi oshib ketsa, uning narxi biz kundalik hayotda kamdan-kam sotib oladigan tovarning narxidan ko'ra ko'proq o'sgandek tuyuladi. Muntazam ravishda sotib olinadigan tovar uchun to'lov budjetimizning kichik bir qismi bo'lishiga qaramay (ushbu tovar juda qimmat bo'lmasa ham), baribir u bizda narxlarning sezilarli darajada oshgan taassurotini uyg'otadi;

- Oilangizning iste'mol savati umumiy (mamlakat) iste'mol savati (INI)dagi tovar va xizmatlardan farq qiladi. Yuqorida ta'kidlanganidek, INI aholining ko'pchilik qismi tomonidan iste'mol qilinadigan muayyan tovar va xizmatlar narxlari o'zgarishining o'rtacha darajasini aks ettiradi. Ushbu umumlashtirilgan ko'rsatkich (INI) iste'mol savatidagi har bir tovar yoki xizmat uchun narxlarning o'zgarishi va uy xo'jaliklarning umumiy xarajatlaridagi ushbu tovar yoki xizmat uchun sarflangan xarajatlar ulushini inobatga olgan holda hisoblanadi.

Har bir oilaning alohida iste'mol savati haqida fikr yuritar ekanmiz, har bir oila o'zining joriy ehtiyoj va istaklari asosida shakllangan shaxsiy iste'mol qilinadigan tovar va xizmatlar majmuasiga ega.

Shunday qilib, har bir oila o'zining shaxsiy (oilaviy) iste'mol savatiga ega bo'lsada, ushbu iste'mol savati umumiy, mamlakat uchun hisoblanadigan INIni hisoblash uchun ishlatiladigan iste'mol savatidan tabiiy ravishda farqlanadi.

Har bir oilaning shaxsiy iste'mol savati nimani anglatadi?

Keling buni ikki oila misolida ko'rib chiqamiz. Ushbu oilalardan biri yosh oila bo'lib, ularning iste'mol uchun asosiy xarajatlaridan tashqari bolalar oziq-ovqati, o'yinchoqlar va boshqa xaridlar (bolalar uchun) uchun kundalik xarajatlari ham mavjud. Ikkinchi oila esa farzandlari voyaga yetgan oila hisoblanib, ularning umumiy xarajatlari o'quv to'lovlari (masalan, oliygohda ta'lim olish uchun belgilangan kontrakt to'lovi), mobil telefon, kompyuter yoki avtomashina haridi uchun sarflanadigan xarajatlarni ham o'z ichiga olishi mumkin. Binobarin, ikki oila iste'mol savati sezilarli darajada farqlanadi.

Tabiiyki, bolalar oziq-oqvati narxi ko'tarilsa birinchi oilaning (oila a'zolari sezadigan) inflyatsiya darajasi (birinchi oila tomonidan mustaqil hisoblangan) ikkinchi oilanikidan yuqoriroq bo'lishi va aksincha, ta'lim uchun to'lov miqdori oshganda esa ikkinchi oilaning inflyatsiya darajasi (ikkinchi oila tomonidan mustaqil hisoblangan) birinchi oila tomonidan hisoblangan inflyatsiya darajasidan ortiqroq bo'lishi ham mumkin.

Xulosa qilib aytganda, mamlakat ichidagi tovar va xizmatlar narxlarining o'zgarishi har bir oilaga ularning iste'mol savatiga kiritiladigan, ya'ni oila tomonidan doimiy ravishda iste'mol qilinadigan tovarlar va xizmatlardan kelib chiqqan holda alohida ta'sir ko'rsatadi.

- Tovarlar va xizmatlar narxlari darajasi hududlarga qarab farq qilishi mumkin. Har bir hududda aholining xarid qobiliyati va taklif etilayotgan tovar va xizmatlar doirasidan kelib chiqib, muayyan hududdagi talab va taklif asosida tovar va xizmatlar narxlari shakllantiriladi. Binobarin, bir xil iste'mol savatiga ega bo'lgan turli xil hududda istiqomat qiluvchi ikki uy xo'jaligi (ikki oila) o'rtasidagi inflyatsiya (oila a'zolari sezadigan) darajasi bir-biridan farq qilishi mumkin. Masalan, meva-sabzavotlar narxlarining oshishi qishloq joylarda istiqomat qiluvchi oilalardan ko'ra sanoat hududlarida istiqomat qiluvchi oilalarga sezilarli ta'sir etishi mumkin.




Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Inflyatsiya haqida boshlang'ich tushuncha

Inflyatsiya haqida boshlang'ich tushuncha

Markaziy bank asosiy stavkasi bu nima?

Markaziy bank asosiy stavkasi bu nima?

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X