Omonatlarni ochish: foydali ma'lumotlar

Oxirgi yangilanish:  29 Iyul 2022 10:36
860
Omonatlarni ochish: foydali ma'lumotlar
1

Bank omonatlaridan zarur miqdordagi pullarni to‘plash uchun foydalanish qulay hisoblanadi. Bu nafaqat jamg‘armani saqlashning, balki ularni ko‘paytirishning ham oson usulidir.

Bank omonatini ochar ekansiz, ishonchingiz komil bo‘lsinki, sizning pullaringiz davlatning to‘liq himoyasi ostida bo‘ladi. O‘zbekistonda omonatning hajmi va valyutasidan qat'i nazar, 100% qaytarilishi kafolatlangan. Omonatlar bo‘yicha foizlar esa jamg‘armalarni inflyasiyadan himoya qilishga yordam beradi.

Shartnoma imzolashda nimalarga e'tibor qaratish lozim?

Omonatni ochishdan oldin, bank filialida imzolanadigan omonat shartnomasi yoki mobil ilovada aks etadigan elektron ofertani diqqat bilan o‘qing. Unda omonat nomi, uning dastlabki miqdori, qaytarish muddati va tartibi, shu jumladan muddatidan oldin qaytarib olish, shuningdek mablag‘larni qisman olish va to‘ldirish shartlari ko‘rsatilishi lozim. Foizlarni hisoblash davriyligi va tartibiga e'tibor bering. Foizlar oddiy yoki kapitalizasiya orqali hisoblanishi mumkin. Omonat shartlari haqida batafsil ma'lumotni "Bank omonatlarining shartlari qanday bo‘lishi mumkin?" maqolasi orqali tanishib chiqing.

Omonatni qanday tanlash kerak?

Banklar jamg‘armani saqlash shartlariga qarab (masalan, valyutasi, muddati, summasi, hisobni to‘ldirish va qisman pul yechib olish imkoniyati, kapitalizasiya) turli foiz stavkalarini taklif etadi.

Ko‘pchilik faqat foiz stavkasi asosida omonatni tanlash kerak, deb o‘ylaydi. Omonat foizi qanchalik yuqori bo‘lsa, omonat shunchalik yaxshi deb hisoblashadi. Lekin bu har doim ham to‘g‘ri emas. Omonatni yanada qulay va omonatchi mos keltiradigan bir nechta boshqa shartlari ham mavjud.

Omonatni tanlashdan oldin, o‘zingiz uchun quyidagi savollar bo‘yicha aniqlik kiritib oling:

Mablag‘larni qachon qaytarib olishni xohlaysiz: bir necha oy, bir yil, uch yil?

Agar omonatga qo‘ygan pullaringiz tez orada sizga zarur bo‘lishini bilsangiz va ularni inflyasiyadan himoya qilishni istasangiz, siz bir necha oyga omonatni ochishingiz mumkin. Agar sizga pullaringiz keyinroq zarur bo‘lsa, bir yil yoki undan ko‘p muddatli omonatni tanlang. Odatda, uzoq muddatli omonatlarning har oylik foizlari omonat asosiy summasiga qo‘shib ketilsa, katta daromad keltiradi.

Omonat mablag‘laridan foydalanish: muntazam to‘ldirib borish yoki shoshilinch ehtiyojlar uchun mablag‘larni ishlatish?

To‘ldirish imkoniyati mavjud omonatlar jamg‘armani yaratish uchun mos hisoblanadi. Mablag‘larni qisman olib qo‘yish imkoniyati bo‘lgan omonatlar o‘zining moslashuvchanligi bilan qulay: agar mablag‘ zudlik bilan zarur bo‘lsa, ularni depozitdan qaytarib olishingiz mumkin.

Katta miqdordagi ma'lum bir moliyaviy maqsadga erishish uchun siz uzoq vaqt davomida yuqori foiz stavkada va pul mablag‘larini olish imkoniyatisiz depozit ochishingiz maqbul.

Bita omonat yoki bir nechta?

Siz turli miqdorda va muddatlar bilan turli banklarda bir necha omonatlarni ochishingiz mumkin. Har bir omonatni ma'lum bir moliyaviy maqsad uchun to‘ldirish mumkin.

Siz jamg‘armani qismlarga ajratib, bir vaqtning o‘zida uzoq muddatli bir nechta omonatlarni ochishingiz mumkin. Masalan, birinchi omonat – pul olish va to‘ldirish imkoniyatisiz, ikkinchisi – mablag‘larning bir qismini to‘ldirish va qaytarib olish imkoniyati bilan. Shunday qilib, agar kerak bo‘lsa, siz ikkinchi omonatdagi jamg‘armadan foydalanishingiz mumkin va birinchisidagi mablag‘lar maksimal daromad keltiradi.

Depozitni qanday boshqarasiz: bankning mobil ilovasi orqali yoki har safar bank ofisiga kelganingizda?

Agar siz omonatingizni har oyda to‘ldirishni istasangiz, buni masofadan turib bajarish yoki hatto to‘ldirish uchun avto-to‘lovlarni o‘rnatish funksiyalari bank ofisiga borib-kelish vaqtingiz va xarajatingizni tejaydi.

Shuningdek, ayrim banklarda kartadan omonatga mablag‘larni avtomatik ravishda o‘tkazish funksiyasi mavjud. Bunda, har oyda kartadan omonatga o‘tkazadigan ma'lum miqdorni belgilashingiz kifoya.




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Omonat nima va uni qanday tushunish kerak?

Omonat nima va uni qanday tushunish kerak?

Depozit (omonat)ni qanday ochish mumkin

Depozit (omonat)ni qanday ochish mumkin

Onlayn-omonat nima va nimani bilish muhim?

Onlayn-omonat nima va nimani bilish muhim?

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X