Banklar pulni qayerdan oladi?

Oxirgi yangilanish:  13 Iyun 2022 11:47
5395
Banklar pulni qayerdan oladi?
15

Biz yuqorida taʼkidlab oʼtgan edikki, banklar iqtisodiyotni moliyaviy resurslar, yaʼni pul bilan taʼminlaydi. Masalan, sizga tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun pul zarur. Siz bankdan kreditga pul olishingiz mumkin. Yoki siz chet mamlakatga pul oʼtkazmalarini amalga oshirasiz va sizning yaqinlaringiz bir lahzada pulni qabul qilib olishi mumkin, garchi pul mablagʼlari jismonan ularga yetib borishga ulgurmagan boʼlsada. Bu shuni anglatadiki, banklarda muntazam ravishda pul resurslari mavjud. Shu oʼrinda savol tugʼiladi – banklar pulni qayerdan oladi?

Banklar foizli va komission daromadlar evaziga foyda oladi:

Foizli daromadlar asosan jismoniy va yuridik shaxslarga foiz ostida kreditlar taqdim etish hisobidan shakllanadi. Kredit berish uchun mablagʼ esa oʼz mablagʼlari yoki jalb qilingan mablagʼlar hisobidan shakllantiriladi.

Oʼz mablagʼlari ustav kapitalidan (tijorat banki tashkil etilayotganda eng kamida 100 milliard soʼm miqdorida shakllantiriladigan) va avvalgi davrlar taqsimlanmagan foydasidan (masalan, avvalgi yillar sof foydasi) tashkil topadi.

Jalb qilingan mablagʼlar oʼz ichiga ikki guruh mablagʼlarni oladi: depozit mablagʼlari va nodepozit mablagʼlar.

Depozit mablagʼlari, oʼz navbatida, jismoniy va yuridik shaxslarning omonat qoʼyilmalaridan iborat. Omonat pullaridan bank tegishli qonunchilikka asosan foydalanadi va buning uchun omonat egasiga foiz toʼlaydi.

Nodepozit jalb qilingan mablagʼlar – bu bank kredit sifatida (masalan, Markaziy Bank tomonidan asosiy stavka – 16% ostida beriladigan kreditlar, davlat kafolati ostida xalqaro tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan kreditlar va banklararo kreditlar) yoki oʼz qimmatli qogʼozlarini (masalan, davlat obligatsiyalari) sotish evaziga qabul qiladigan mablagʼlardir.

Komission daromadlar risk darajasi past daromadar hisoblanadi, chunki bank shunchaki uning mijozlari amalga oshirgan operatsiyalar uchun komissiya oladi. Komission daromadlarning asosiy tarkibi quyidagilardan iborat: ekvayring (toʼlov operatsiyalari uchun komission foizlar), bank kartalari boʼyicha koʼrsatilgan xizmatlar uchun komissiya hamda toʼlov-kassa xizmati. Banklarning komission daromadlari oshishining asosiy omili – bu jismoniy va yuridik shaxslarning banking tizimiga daxldorligini va aholining bank tizimiga boʼlgan ishonchini oshirish.




Sizga ham qiziq bo’lishi mumkin:

Fond birjasi qanday faoliyat yuritadi?

Fond birjasi qanday faoliyat yuritadi?

Tijorat banklari

Tijorat banklari

Xalqaro moliyaviy institutlar

Xalqaro moliyaviy institutlar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X